Eshitdingizmi, "Gʻazalkent" futbolchisi Argentinada malaka oshirmoqda
Pro ligada qatnashayotgan "Gʻazalkent" jamoasining 17 yoshli hujumchisi Vladislav Nabatov Janubiy Amerikaning eng nomdor klublaridan biri safida tajriba orttirish uchun Buenos-Ayresga yo‘l oldi. Bu haqida klub matbuot xizmati xabar berdi. Maʼlum boʻlishicha, Vlad allaqachon belgilangan manzilga yetib borib, «San-Lorenso»ning asosiy tarkibi bilan mashgʻulotlarga kirishdi.
Rossiya fuqaroligiga ega, boʻyi 190 sm boʻlgan baquvvat hujumchi 2025 yilning dekabr oyidan buyon "Gʻazalkent" bilan birga mashgʻulotlar oʻtkazib kelmoqda. Vlad hali 18 yoshga toʻlmagani sababli, klub uni faqat ikkinchi davradan boshlab Pro ligada roʻyxatdan oʻtkaza oladi. Shu sababli ayni damda uning mahoratini oshirish va xalqaro tajriba toʻplashi uchun Argentinaga yuborishga qaror qilindi.
Bunday grand klubning asosiy tarkibi bilan birga ishlash - futbolchi uchun oʻz iqtidorini koʻrsatish va "Gʻazalkent"ga yanada kuchliroq boʻlib qaytish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Shuningdek, futbolchiga Argentinaning «Katta beshlik» klubi yetakchilari orasida oʻzini yaxshi tomonlama koʻrsatishini tilab qolamiz! Ishonamizki, ushbu tajriba uning klubimizdagi faoliyatida katta rol oʻynaydi!, - deyiladi rasmiy xabarda.

Fikrlar