
Evropa chempionatidagi «o‘zgacha» jamoa - Shimoliy Makedoniya bilan tanishamiz!
Aslida, Evropa chempionatida ishtirok etish uchun terma jamoalar saralash o‘yinlarini o‘tkazar edi. Millatlar ligasi tashkil etilgach, aynan shu musobaqada qit’a birinchiligi uchun yo‘llanmalar o‘ynaldi. E’tiborlisi shundaki, D divizioni vakili Makedoniya bundan juda ham unumli foydalandi. Shu kunga qadar, ushbu yurt futbolchilari birorta katta futbol forumida ishtirok etmagan.
Evro sari yo‘l
Millatlar ligasi doirasida Polsha, Avstriya, Sloveniya, Isroil va Latviya bilan kuch sinashgan qahramonlarimiz 4 g‘alabaga erishdi. Latviyani ikki bor engibgina qolmay, Isroil va Sloveniyadan ustun kelishni uddalagach, yo‘llanmalar beriluvchi bosqichga etib kelishdi. Bu erda avvaliga Kosovani minimusobaqadan chiqarib yuborishgan bo‘lsa, yakunda Gruziya taslim etildi. Endi ularni Evropa chempionatida ancha kuchli raqiblar kutib turibdi. Niderlandiya, Ukraina va Avstriyaga qarshi turish oson bo‘lmaydi, ammo Shimoliy Makedoniya o‘z rejalariga ega. Keling, musobaqada debyut qilayotgan terma jamoa tarkibiga e’tibor qaratamiz:
Darvozabonlar: Stole Dimitrievski («Rayo Valekano»), Damyan Shishkovski («Doksa» Katokopia), Risto Yankov («Rabotnichki»).
Himoyachilar: Stefan Ristovski («Dinamo» Zagreb), Visar Musliu («Fexervar»), Egzon Beytulyay («Shkendiya»), Kire Ristevski («Uypesht»), Djoko Zaykov («Sharlerua»), Darko Velkoski («Rieka»), Egziyan Alioski («Lids»).
Yarim himoyachilar: Ariyan Ademi («Dinamo» Zagreb), Enis Bardi («Levante»), Stefan Spirovski (AEK Larnaka), Boban Nikolov («Lechche»), Tixomir Kostadinov («Rujomberok»), Ferxan Xasani («Partizani»), Elxif Elmas («Napoli»), Darko Churlinov («Shtutgart»), Milan Ristovski («Spartak» Trnava).
Hujumchilar: Daniel Avramovski («Kayserispor»), Goran Pandev («Djenoa»), Maryan Radeski («Akademiya Pandev»), Aleksandar Traykovski («Malorka»), Ivan Trichkovski (AEK Larnaka), Vlatko Stoyanovski («Shambli»), Krste Velkoski («Saraevo»).
Bosh murabbiy: Igor Angelovski
Musobaqadan chetda qolganlar: Nestorovski («Udineze»), Amanovich («Tobol»), Stankovski («Rabotnichki»), Kitanovski («Shkupi»), Traychevski («Rabotnichki»).
- Shimoliy Makedoniya Evro uchun e’lon qilgan tarkibidan Nestorovskini tushib qolishi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Hujumchi JCh 2022 saralash o‘yinlari chog‘ida goldan so‘ng hissiyotlarini jilovlay olmadi. Kamera oldiga bordi baland ovozda nomaqbul so‘zlarni aytib tashladi. «Udineze» hujumchisi Gruziya darvozasini ishg‘ol qilgach, bir kunda xalq qahramoniga aylandi. Afsuski, musobaqa oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar chog‘ida «Udineze» forvardi jarohat oldi.
- Eldor Shomurodovning jamoadoshi - Goran Pandev terma jamoaning asosiy yulduzi. Hujumchi 37 yoshda bo‘lishiga qaramay, musobaqaning barcha o‘yinlarida maydonda ko‘rinish berishi aniq. Angelovski uning tajribasidan kelib chiqib o‘z o‘yinini quradi. Goran faoliyati so‘nggida barcha zamonlardagi eng yaxshi makedoniyalik futbolchi unvonini qo‘lga kiritishi mumkin. Buning uchun turnirni yuqori darajada o‘tkazish kifoya.
- Qiziqarli fakt. Ro‘yxatda «Pandev akademiyasi» vakili mavjud. 2010 yilda Makedoniyada Goran shaxsiy futbol klubiga asos soldi. Maryan Radesku bu proektning ilk qaldirg‘ochi sanaladi.
- Shimoliy Makedoniyani kuchli mutaxassis boshqarib bormoqda. U so‘nggi yillarda naqd 68 futbolchiga terma jamoada debyut qilish imkonini yaratdi. E’tiborlisi shundaki, uning qo‘l ostida terma 49 o‘yinda 22 g‘alabaga erishdi. Shuningdek, 11 bor durangga imzo chekdi. Evropaning eng quyi divizioni vakili uchun shunchaki super ko‘rsatgich!
- Yangi avlod vakillari ichida ham taniqli futbolchilar bor. Gattuzoning yoqimtoyiga aylangan Elmasni alohida ko‘rsatish mumkin. 21 yoshli futbolchi A Seriyada 700 daqiqa harakat qildi va 2 gol kiritdi. Shuningdek 1 assistni ham o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Shuningdek, transfer huquqi «Shtuttgart»ga tegishli bo‘lgan Darko Churlinov ham kashfiyotga aylanishi mumkin. Atigi 3 o‘yinda to‘p surganiga qaramay, Darko o‘z hisobiga gol yozib qo‘yishga ulgurdi.
Shimoliy Makedoniyaning Evropa chempionatida ishtirok etuvchi taxminiy tarkibi: (3-5-2): Dimitrievski – Ristevski (Ristovski), Velkovski, Misliu – Ristovski (Nikolov), Bardi, Ademi, Elmas, Alioski – Traykovski, Pandev.
Katta ehtimol bilan debyutantlar himoyadagi muammolarga duch keladi. Yuqori darajadagi ijrochini mudofaada uchratmaymiz. Evrodagi raqiblar hujumkor futbolni targ‘ib etadi. Shunga qaramay, qo‘lni silab yuborishga erta. Shimoliy Makedoniya darvozaboni - Dimitrievskini hisobdan chiqarishga hali erta. Posbon Germaniyaga qarshi bahsda nimalar qilgani yodingizdan ko‘tarilmagani aniq. Aynan uning mehnati evaziga yakunda Angelovski shogirdlari 2:1 hisobida zafar quchgan edi. Bundan tashqari, Shimoliy Makedoniya futbolchilari «jangovar»likda barchaga dars berishi mumkin. Ular maydonda «olishga» ham tayyor alpozda chiqib kelishi aniq. Bu esa, boshqa kamchiliklarni berkitib ketish uchun eng qulay vosita.
Oldinga qo‘yilgan maqsad va imkoniyatlar
Hech qanday maqsad yo‘q. Shunchaki, futboldan lazzat olish. Hech kim Shimoliy Makedoniyadan furor ko‘tarishni talab etmaydi, ammo 2016 yilda Uels va Islandiya ko‘rsatgan «mo‘’jiza» yana takrorlanmaydi deb kim kafolat beradi? Qit’a birinchiligida deyarli har turnirda kashfiyot termaga ko‘zimiz tushadi. O‘z vaqtida Rossiyani (2008 yilda) yarim finalga qadar etib borishi kimning hayoliga kelgan deysiz?! Boz ustiga, Evropa chempionatida yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q yagona jamoa mavjud. U ham bo‘lsa, Shimoliy Makedoniya.
SPORTS.uz taxmini:
Katta ehtimol bilan 90 daqiqa kurash namoyish etishi bilan yodimizda qoladi. Barchasi Avstriya bilan birinchi turdagi o‘yinga bog‘liq. Agar, Goran Pandevning jamoasi g‘alaba qozonsa, ularni to‘xtatib qolish juda qiyin bo‘ladi. Aks xolda, ruhiy ustunlik qo‘ldan ketadi. Bu esa, hozircha Shimoliy Makedoniyaning yagona yutug‘i bo‘lib turibdi.
Eyforiyaga berilmagan xolda aytish mumkin-ki, terma UEFA reytingida 32 o‘rinda. Agar Millatlar Ligasi bo‘lmaganida, yaqin 10 yil ichida Evropa birinchiligida ishtirok etishi dargumon edi. Shunday ekan, turnir yo‘llanmasi ular uchun allaqachon sovg‘aga aylanib bo‘ldi. Taqdirning in’omidan qanday foydalanishlarini esa, SPORTS.uz saytida kuzatib boring.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar