
Evropada Shomurodovga ov boshlandi!
Tez orada jahon futbolida Qatardagi mundial munosabati bilan tanaffus e’lon qilinadi. Evropa klublari hozirdan yanvar oyida bo‘ladigan transfer bozoriga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yubordi. Mavsum boshidan beri tarkibning nozik nuqtalarini aniqlab olgan jamoalar o‘zlariga kerak futbolchilar uchun kurashga kirishdi.
Hozircha, kuchli beshlik chempionatlarida faqat bir futbolchimiz – Eldor Shomurodov bor. Uning ham “Roma”da ishlari yurishmayapti. Aslida legionerimiz yozda Rimni tark etishi kutilgan edi. Biroq, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Joze Mourino unga albatta imkoniyat berilishini aytib, boshqa klubga o‘tishiga yo‘l qo‘ymagan.
Mavsum boshidan beri Eldor A Seriya va Evropa ligasida atigi ettita uchrashuvda maydonga tushib, jami 85 daqiqa to‘p tepgani futbolchimizni o‘z faoliyatida o‘zgarishlar qilishiga sabab bo‘lishi kerakligi aytilmoqda.
Mourino o‘zi va’da qilgan imkoniyatni qachon va qay shakllda berishi mavhumligicha qolyapti. Tabiiyki, Eldor Shomurodov darajasidagi futbolchi ishsiz qolmaydi. Italiya matbuotining yozishicha, unga “Bolonya” va “Torino” da’vogar. Ayrim manbalar Eldorga Ispaniyadan “Sevilya” ham qiziqayotganini yozdi.
“Bolonya” yozda ham o‘zbek hujumchisi uchun uzoq kurashgan, lekin maqsadiga eta olmagan edi. Lekin bu gal “Torino”ning imkoniyati yuqori baholanmoqda.
Turin klubi to‘purar hujumchiga katta ehtiyoj sezmoqda. Hozircha, Ivan Yurich shogirdlari orasida 13-turga kelib ikkitadan ko‘p to‘p kirita olgan o‘yinchining o‘zi yo‘q. Hujum chizig‘i vakillaridan Antonio Sanabriya to‘qqizta o‘yinda bir juft gol urdi. O‘n bir marta maydonga tushgan Petro Pellegri hisobida bitta gol bor. Frantsiyalik legioner Yann Karamo hali gollar hisobini ochgani yo‘q.
Turinliklar Eldor Shomurodov jamoaga kelsa, tez moslashib ketishiga ishonmoqda. Chunki ayni paytda tarkibda etakchilik qilayotgan o‘yinchilardan ikki nafari – Nikola Vlashich va Aleksey Miranchuk hamyurtimiz bilan bir paytda Rossiya premer-ligasida uzoq muddat to‘p tepgan.
“Torino” qishki transferlar oynasi ochilishi bilan Shomurodovni ijaraga olishni rejalashtirgan. Transferlarni kuzatib borayotgan klublar mavsum o‘rtasida biror jamoa o‘zi ko‘zlagan futbolchini birdaniga transfer huquqi bilan sotib olmasligini ta’kidlamoqda. Shu ma’noda, “Torino” rimliklar bilan Shomurodovni to‘liq transfer qilish masalasini yozga qoldirmoqchi ekani aytilmoqda. Buning uchun legionerimiz ijara muddatida o‘zining eng yaxshi hislatlarini namoyish qilishiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq, Eldor Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minov ham “Roma”dagi vaziyat o‘zgarmasa, qishki transferlar vaqtida bu masala yana bir bor ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.
“Roma” ham qishda yangi transferlarni ko‘zlagan. Moliyaviy feyr-pley qoidalari buzilmasligi uchun ayrim o‘yinchilar bilan xayrlashishni vaziyat taqozo etmoqda. Yozda Shomurodovni bir necha klublar, xususan, “Torino”ga bermagan poytaxt klubi bu gal kattaroq ijara summasiga o‘zbek futbolchisini qo‘yib yuborishi taxmin qilinmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, yangi yil yaqinlashgani sari Eldorga og‘iz soladigan jamoalar safi kengayib borishi ham kutilmoqda. Demak, legionerimiz jiddiy qarorlar qabul qiladigan davr keldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va etakchisi Italiyaga zaxirada o‘tirish uchun borgani yo‘q va u muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi o‘zbekistonlik mutaxassislar va muxlislar uchun ham juda zarur.
Mourino “Roma” hujumchilarini keskin tanqid qildi, endi Shomurodovga o‘yin berish kerakdir?
Legionerimiz Rossiyaga qarshi o‘yinga munosabat bildirdi
Legionerimizning goli rekord o‘rnatdi, medalni naqd qildi va chempionlik imkoniyatini saqlab qoldi!
Mourino Abraxamdan Shomurodovning ishini takrorlashni talab qildi!
Legioner hujumchimizning kelajagi mavhum bo‘lib qoldi!
Fikrlar
Илгари бунақа хато учун, муҳаррир ишдан бўшатилар эди. Ғалати-ғалати сарлавҳалар қўясилар. Ахир, сарлавҳа мазмунни очишга хизмат қилиш керак эмасми?