Fabio Kannavaro: “Urugvayga qarshi o‘ynash oson emas edi, lekin jamoamdan faxrlanaman”
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Urugvayga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
“Terma jamoada har doim vaqtimiz cheklangan. Afsuski, bu safar 9 nafar futbolchimiz jarohat sabab o‘yinda ishtirok eta olmadi. Men uchun barcha futbolchilarning imkoniyat va salohiyatini ko‘rish juda muhim edi. Ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazib, ko‘plab jihatlarni yaxshilash ustida ishlashni xohlayman. Futbolchilarning kayfiyati va maydonda bor kuchini berib o‘ynaganidan juda mamnunman.”
“Urugvayga qarshi o‘ynash oson emas edi. Malayziyaga ikki kun oldin uchib kelganimiz bois, yaxshi dam olish imkoni bo‘lmadi. Shunga qaramay, shogirdlarim yaxshi o‘yin namoyish etdi. Kuchli jamoalarga qarshi gol urish muhim. Bizda 2–3 ta yaxshi imkoniyat bo‘ldi, biroq ulardan foydalana olmadik. Shunga qaramay, futbolchilarga rahmat aytaman — to‘psiz o‘yinda yuqori tempda harakat qilishdi. To‘p bizda bo‘lgan paytlarda esa chiroyli hujumlar uyushtirishga harakat qildik. Urugvayni qiyin ahvolga solish oson emas — ularning futbolchilari aqlli va kuchli ligalarda to‘p suradi. Lekin jamoam ko‘rsatgan o‘yindan mamnunman, chunki bu jamoada katta salohiyat bor.”
“Bielsadan ijobiy fikrlar eshitganimdan xursandman. U futbolni o‘zgartirgan, tajribali murabbiy. Men undan ko‘p narsalarni o‘rganaman.”
“Bizda hali 8 oy vaqt bor. Bu davrda jismoniy jihatdan yaxshilanishimiz zarur. Ammo bu faqat mashg‘ulotlarga bog‘liq emas. Futbolchilarning ovqatlanishi, dam olishi, uxlashi va mashg‘ulot sifati ham katta ahamiyatga ega. Endi futbolchilar ‘Jahon chempionatiga boraman’ degan fikr bilan yashamasligi kerak — biz musobaqaga bosqichma-bosqich tayyorlanishimiz lozim. Mundial oson bo‘lmaydi.”
“Noyabr oyida ikkita o‘yin o‘tkazishni rejalashtirganmiz. FIFA kunlari tugagach, men O‘zbekistonda qolaman. Superliga uchrashuvlarini kuzataman, klub murabbiylari bilan tanishaman, mashg‘ulotlarga borib futbolchilarni tomosha qilaman. Bu terma jamoa murabbiyining ishi. Shuningdek, dunyo bo‘ylab o‘ynayotgan o‘zbek futbolchilarini ham kuzatish uchun vaqt topaman.”
“Keyingi ikki bahs Dubayda bo‘lib o‘tadi. Faqat yig‘inga chaqirilgan futbolchilar emas, balki chempionatda yaxshi harakat qilayotgan o‘yinchilarni ham kuzatish kerak. Iloji bo‘lsa, ularni ham chaqirib, sinab ko‘rish niyatimdaman.”
“Urugvay kiritgan birinchi gol ofsayd holatidan kiritilgan deb o‘ylayman. Ikkinchi golda esa biz raqibga juda ko‘p bo‘sh hudud taqdim etdik. Ba’zan jarima maydonida zichroq o‘ynash kerak. Kuchli jamoalarga qarshi bahslarda xatolarni kamaytirish, e’tibor va diqqatni to‘liq jamlash zarur.”
“Futbolchilarga tannaffusda birinchi 15 daqiqada ehtiyot bo‘lish kerakligini aytgan edim. Birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadik, lekin agar e’tiborni yo‘qotsak, bu raqib uchun imkoniyat bo‘ladi. Urugvay aynan shundan foydalandi.”
“O‘yinchilar yaxshi kayfiyatda maydonga tushishdi. Ular bilan o‘yindan so‘ng suhbatlashdim — ularga tempni oshirish zarurligini aytdim. Ba’zilar ikkinchi taymda biroz charchagandek ko‘rindi, lekin motivatsiyani yuqori saqlash kerak. O‘yin dinamikasini o‘zgartirish haqida gapirdim va bahs yakunida buni amalga oshirishga harakat qildik. Bitta gol urdik, yana urish uchun imkoniyat yaratdik. Kiyim almashtirish xonasida futbolchilardan faxrlanishimni aytdim. Bu erga kelganimdan beri har bir futbolchi bor kuchini berib o‘ynamoqda.”
Fikrlar