
Fatxullo Fatxulloev: O‘zbekiston chempionatidagi jamoalar bilan bellashish oson emasligini o‘zimda sinab ko‘rganman
Chempionatimizda o‘ynab ketgan legionerlar orasida tojikistonlik Fatxullo Fatxullaev ham bor edi. Yodingizda bo‘lsa, u o‘tgan yili “Buxoro” sharafini himoya qildi. Bu yilgi mavsumni esa o‘z yurtida “Xo‘jand”da davom ettirdi. U yurtimizdagi faoliyatini eslar ekan, nima uchun “Buxoro”dan ketganini tushuntirdi.
- Ha, men “Buxoro”da yarim yil o‘ynaganman. Menga hamma narsa yoqqan va jamoada yaxshi kutib olishgandi. O‘zbekiston chempionati juda qiziqarli va bu meni to‘la qanoatlantirgandi. Ammo mening klub bilan shartnomam tugagandi. “Xo‘jand”ning OFKga yo‘llanma olishi uchun mendan yordam berishimni so‘rashganida ular tomonidan yuborilgan taklifni qabul qildim.
O‘shanda Fatxulloevning “Buxoro”da to‘p surishiga hamyurti, sobiq murabbiy Muhsin Muhammadiev sababchi bo‘lgan. Uning taklifiga binoan buxoroliklar safiga qo‘shilgandi. Biroq Muhammadiev klubda yaxshi natijalar ko‘rsata olmadi. O‘z o‘rnida tojikistonlik futbolchi hamyurtining “Buxoro”dagi faoliyatini baholar ekan, jumladan shunday dedi:
- Ha, Muhsin Muhammadiev bilan “Buxoro”da va milliy terma jamoada birga ishlaganman. U juda yaxshi mutaxassis. To‘g‘ri, muammolar bo‘lgan. Lekin O‘zbekiston chempionatidagi jamoalar bilan bellashish oson emasligini o‘zim ham tanamda sinab ko‘rganman. Biz shunday murakkabliklarga qaramay, elitada jon saqlashga harakat qilganmiz.
Albatta, “Buxoro”ning o‘yinlarini kuzatyapman. Hozirda klub safida asosan yosh futbolchilar o‘ynashmoqda. Ular “Buxoro”ning Superligada jon saqlab qolishi uchun harakat qilmoqdalar.
Fatxulloev Tojikistonda ko‘zga ko‘ringan o‘yinchilardan biri va ko‘p yillar davomida milliy terma jamoasida ham o‘ynagan. Lekin Usmon Toshev Tojikiston termasiga bosh murabbiy bo‘lib kelgach, Fatxullo doim ham yig‘inlarga chaqirilmayapti. Yoki ularning o‘rtasidagi munosabat yaxshi emasmi?
- Menda u bilan yaxshi shaxsiy munosabat bor. To‘g‘ri, men Toshev bilan ko‘p ishlamaganman. Biroq murabbiyning ishonchi borasida boshqalarda bo‘lgani kabi menda ham muammo yuzaga kelmagan, - dedi “Buxoro”ning sobiq futbolchisi.
U yurtimizda to‘p surgani sababli o‘zbek futbolini ham kuzatib bormoqda. Natijada chempionatimizdagi yoqtirgan futbolchisi va qaysi klubda to‘p surishni istashi haqida ham gapirdi.
- O‘zbekistonda ko‘plab yaxshi futbolchilar bor. Ammo menga hammadan ko‘ra, Masharipovning o‘yin uslubi yoqadi. U to‘p bilan juda engil harakat qilib, bemalol qarshisiga chiqqan 2-3 nafar raqibini aldab o‘ta olishga qodir. Qaysi klubda o‘ynashni xohlayman? Albatta, “Paxtakor”da.
Endi esa faoliyatini Hindistonning “Chennayn” jamoasida davom ettiradigan bo‘ldi. Lekin ma’lum bo‘lishicha, unga o‘zimizning klublardan ham chorlovlar bo‘lgan. Fatxullo esa ushbu tanlovi haqida quyidagilarni aytdi:
- Hindistonda futbol juda yaxshi shakllanib boryapti. Mahalliy Superligada yaxshi saviyadagi legionerlar talaygina. O‘z kuchimni mana shunday ligada sinab ko‘rmoqchiman. Shuning uchun hozir men faqat yangi klubim haqida o‘ylayapman. Inkor etmayman, O‘zbekistondan yana takliflar bo‘lgan, biroq men hind Superligasini tanladim.
Fikrlar