Fayzullaev: Boshida meni ortga qaytarib yubormoqchi bo‘lishgan edi...
TsSKAning asosiy o‘yinchisiga aylanib olgan Abbosbek Fayzullaev Rossiyada ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini o‘ziga torta boshladi.
Moskva klubi matbuot xizmati O‘zbekiston milliy terma jamoasining 20 yoshli hujumkor futbolchisidan intervyu oldi.
Sports.uz sayti o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga ushbu intervyuni havola etadi.
— Bolaliging qanday o‘tgan?
— Men Sirdaryoda tug‘ilganman. To‘qqiz yoshgacha o‘sha erda yashadim. Keyin amakim meni Toshkentga olib ketdi va “Paxtakor”ga bordim.
— Toshkentga ota-onangsiz ketdingmi?
— Ha, amakimning oilasida yashadim va hozir ham Toshkentga borsam, amakimnikida qolaman. Uning farzandlari tug‘ishgan ukamdek bo‘lib ketgan.
— Ota-onadan uzoq bo‘lish og‘irlik qilmaganmi?
— To‘g‘risi, juda og‘ir. Qattiq sog‘inganimdan yig‘lab olardim. Lekin amakimning oilasi meni juda yaxshi qabul qilgan, ular bilan o‘zimni baxtiyor his qilaman. Biz ukalarim bilan bir uyda katta bo‘ldik va bu mening ikkinchi oilamga aylandi.
— Sen tug‘ilgan shaharda fuutbol to‘garaklari bormidi yoki Toshkentga kelganingdan keyin shug‘ullanganmisan?
— Etti yoshdan to‘qqiz yoshimgacha Sirdaryoda shug‘ullanganman. Birinchi murabbiyim Ibrohim Ummatov. Bir marta Sirdaryoga yaqin joy – Yangierga o‘yinga borganmiz. U erda kuchli futbol akademiyasi bor. Ko‘p yaxshi o‘yinchilar shu erdan etishib chiqqan. Men ikkinchi bo‘lida yaxshi o‘ynadim. Shu akademiyaga taklif qilishdi. Keyin rejalar o‘zgarib qoldi va “Paxtakor”ga bordim. Hammasi yaxshilikka bo‘lgan.
— “Paxtakor”ga qanday qo‘shilganingni aytib ber...
— To‘g‘risi hamma jarayonlarni bilmayman. Esimda qolgani, qish edi, qor yog‘ardi. O‘shanda otam “Uch kundan keyin Toshkentga boramiz. Seni “Paxtakor”ga chaqirishdi”, dedi. Men shokda edi. Borib internetda ko‘rgan fintlarimni o‘rgana boshladim.
Ikki haftadan keyin meni ortga qaytarib yuborishlarini eshitdim. Lekin murabbiy meni o‘rtoqlik uchrashuvida sinab ko‘rishga qaror qildi. O‘yinda 6:0 hisobida yutdik va men beshta gol urdim. Shundan keyin meni olib qolishdi.
“Paxtakor”da murabbiyim Dmitriy An edi. Mashhur futbolchi Mixailning o‘g‘li. Imkoniyatdan foydalanib, unga va Ibrohim Ummatovga minnatdorlik bildiraman.
— Ota-onang ham futbolchi bo‘lishingda yordam berishganmi?
— Onam professional o‘yinchi bo‘lishimni istamagan. Bu yo‘l qiyinligini tushungan, qolaversa, sog‘lig‘im uchun qattiq qayg‘urardi. Har bir futbolchi o‘yinda oyog‘idan zarba eydi, men ham bundan mustasno emasman. Shuning uchun onam har bir o‘yindan keyin qo‘ng‘iroq qilib, ahvolimni surishtiradi.
Aynan mana shu sababli futbolchi bo‘lishimni xohlamagan. Lekin qaysarligim bor, fikrimdan qaytmaganman. Bolaligimdan futbol musobaqalarini tomosha qilardik. 2010 yilgi jahon chempionatining ilk uchrashuvini hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshqargani esimda qolgan.
— Ota-onang kim bo‘lib xizmat qiladi?
— Otam uyimizda ochilgan dorixonani yuritadi, onam uy bekasi.
— Ularni Moskvaga olib kelishni rejalashtirmayapsanmi?
— Yo‘q, buni istashmaydi. Ularga o‘zlari yashayotgan shahar qulay. Shuning uchun Toshkentga ko‘chib kelish varianti ham yo‘q. Sirdaryoda yaqinlarimiz ko‘p, bu ular uchun juda muhim.
Yaqinda mehmonga kelishdi. Onam “Krilya Sovetov” bilan o‘yinga, otam “Zenit”ga qarshi uchrashuvda shu erda edi. Galma-gal kelishdi.
Davomi bor...
Fikrlar