
Fayzullaev “gapi”ga javob berdi
TsSKA futbolchisi Abbosbek Fayzullaev sport24.ru saytiga qisqa intervyu berib, nega keyingi o‘yinlarda zaxirada qolib ketayotgani sababini aytgan edi.
Gap shundaki, mavsumning birinchi qismida jamoaning eng asosiy o‘yinchisiga aylangan Abbosbek Fayzullaev boshlang‘ich tarkibning muqim a’zosi sifatida TsSKAga katta foyda keltirayotgan edi.
Biroq, qishki tanaffusdan keyin dastlabki uchta uchrashuvdan faqat birinchisida ilk daqiqadan maydonga tushib to‘liq o‘ynamagan o‘zbek legioneri keyingi ikki o‘yinni zaxirada o‘rindig‘ida boshladi.
Fayzullaev intervyuda nega zaxirada qolayotganini bosh murabbiy Vladimir Fedotovdan so‘rash kerakligini ta’kidlagan.
Shundan keyin TsSKAning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Kirill Breydo o‘z telegramm kanali orqali o‘zbek futbolchisining izohini e’lon qildi.
- Men to‘g‘ridan to‘g‘ri fikrim beldirilgan xabarni ko‘rdim va unda men bosh murabbiyga nega o‘ynamayotgani haqida savol bergandek bo‘lib qolgan. To‘g‘risi, o‘zim ham hayron qoldim. Agar meni noto‘g‘ri tushungan bo‘lishsa-chi. Ayniqsa, birinchi navbatda bosh murabbiy.
Men faqat jurnalist savoliga javob berdim, o‘ynashni istashimni lekin buni men emas, bosh murabbiy hal qilishini aytdim. Bu gapda hamma so‘zlar o‘z joyiga qo‘yilganidek, lekin mazmuni biroz boshqacha chiqishi mumkin.
Muxlislardan bu masalada ko‘p o‘ylanmasliklarini va xavotir olmasliklarini so‘rayman, - deyiladi Abbosbek Fayzullaev nomidan keltirilgan ushbu izohda.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev o‘tgan yilning avgust oyida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. 20 yoshli hujumkor futbolchi qisqa fursatda TsSKAning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi.
Qishki tanaffus vaqtida Fayzullaev Qatarda bo‘lgan Osiyo kubogida yurtimiz sharafini himoya qildi. Qit’aning eng nufuzli musobaqasi oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va asosiy to‘purari Eldor Shomurodov og‘ir jarohat olib, safdan chiqqan edi. Shu bois, terma jamoa hujum chizig‘ida etakchilik vazifasini aynan Abbosbek Fayzullaev o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keldi.
Qatardagi qit’a chempionatining eng yaxshi yosh o‘yinchisi sifatida e’tirof etilgan Abbosbek Fayzullaev mavsumning ikkinchi yarmiga to‘liq tayyorgarlik ko‘ra olmadi. Legionerimiz TsSKAning uch bosqichli tayyorgarlik jarayonida dastlabki ikki yig‘inni o‘tkazib yubordi va qisqa muddat hordiq chiqarganidan keyin uchinchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashdi xolos.
TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov esa, o‘zbek futbolchisi birinchi navbatda, emotsional jihatdan tiklanib olishi kerakligini va istalgan paytda maydonga tushishga tayyorligini ta’kidlagan.
Abbosbek Fayzullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets tomonidan 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichining mart oyida Gonkong bilan bo‘ladigan ikkita uchrashuviga taklif olgan.
Bu uchrashuvlardan birinchisi 21 mart kuni Gonkongda, keyinsigi 26 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
“Lans” Husanovni kuzatib qo‘yadi
Fayzullaev TsSKAda asosiy tarkibdagi joyidan ayrildimi?
Raneri bir gap bilan Shomurodovni o‘zgartirib yubordi. Murabbiy nima degandi?
Fikrlar