Fayzullaev nega Evropada o‘ynamayapti? “Barsa” sobiq yulduzi vaziyatni tushuntirib berdi

  • 20 aprel, 00:04
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Yozgi transferlar davri yaqinlashgani sari Abbosbek Fayzullaevning Evropaga ketishi yana eng ko‘p muhokamaga qilinayotgan dolzarb masalalar qatoriga qo‘shildi.

Yaqinda nufuzli manbalardan biri –  euro-football.ru sayti 21 yoshli o‘zbek futbolchisini Ispaniya va Frantsiya klublari kuzatib borayotgani va yozda Fayzullaev TsSKAdan ketishi mumkiligi haqida ma’lumot chiqardi.

Bundan avval, nufuzli promouterlik kompaniyasi Pro Sports Management rahbari German Tkachenko Abbosbek Fayzullaevning Evropaga ketadigan vaqt kelganini va o‘zbek legionerining maqsadi top-ligalarda o‘ynash ekanini ta’kidlagan edi.

Tkachenko Rossiya futboliga qo‘llanilgan sanktsiyalar tufayli Abbos Evropaga yo‘l olishdan avval orada qisqa muddat boshqa ligalardan birida o‘ynashi ham mumkinligini ta’kidlagan edi.

Ayni paytda TsSKAda to‘p tepayotgan Miralem Pyanich “armiyachilar”ning eng kuchli futbolchilaridan hisoblangan Abbosbek Fayzullaev va Igor Diveevning hali ham Evropa chempionatlarida o‘ynamayotganiga izoh berdi.

Ma’lumki, bosniyalik futbolchi Evropa futbolini yaxshi biladi. U avval Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Turkiyaning qudratli klublari sharafini himoya qilgan. “Yuventus” tarkibida to‘rt bor Italiya chempioni, ikki bor mamlakat kubogi va bir marta Superkubok sohibi bo‘lgan.

“Barselona” safida Ispaniya kubogi musobaqasida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, “Beshiktosh” fubolchisi sifatida Turkiya Superkubogida g‘olib chiqqan.

- Igor Diveev va Abbosbek Fayzullaev mavsumni juda yaxshi o‘tkazyapti va har ikkisi ham jamoamiz uchun eng muhim o‘yinchilardan hisoblanadi. Bundan tashqari, boshqa jamoadoshlarimiz ham bu mavsumda o‘zini ko‘rsata olyapti.

Nega Igor va Abbos hali ham Evropada o‘ynamayapti? Balki ular tez orada kuchli ligalarga yo‘l olar. Men ularning avvalgi faoliyatlaridan bexabarman. Hozir esa, biz TsSKA degan katta klub haqida gaplashyapmiz. Biz bu klubni hurmat qilamiz.

Bu yigitlar ham jamoada o‘zini baxtiyor his qilyapti. Ular uchun har dam olish kunlari TsSKA futbolkasida maydonga tushib, o‘zlarini ko‘rsatish juda katta imkoniyat hisoblanadi.

Eng avvalo, Diveev ham, Fayzullaev ham faoliyatlaridan nimani kutayotganlarini, o‘zlari nimani istashayotganini aniqlab olishlari kerak. Ular Evropada o‘ynab keta oladigan charm to‘p ustalaridir.

Kim bilsin, balki ular shu erda baxtiyordir? Balki ularga TsSKAning eng muhim o‘yinchilaridan bo‘lib qolish yoqar? Ehtimol, ular butun faoliyatini TsSKAda o‘tkazmoqchidir?, - dedi Miralem Pyanich.

Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tdi. Hujumkor futbolchimiz xorij chempionatidagi debyut mavsumida Rossiya Premer-ligasining eng yorqin kashfiyoti sifatida e’tirof etildi.

21 yoshli charm to‘p ustasi hozirga qadar “armiyachilar” safida barcha turnirlarda 63 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 21 ta golli pas uzatdi.

Shuningdek, Fayzullaev qisqa fursatda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham etakchi o‘yinchilaridan biriga aylandi. Abbos bir yarim yildan sal ko‘proq vaqt mobaynida xalqaro maydonda 25 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga sakkizta gol yozdirib qo‘ydi.

Transfermarkt portali tomonidan sakkiz million evroga baholanayotgan o‘zbek legionerining TsSKA bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha tuzilgan. Tomonlar o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.

“Roma”ni Chempionlar ligasiga etaklayotgan Shomurodovning o‘yinini ekspertlar qanday baholadi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!