
Fayzullaev TsSKAdan ketganining asl sababi oshkor bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning faoliyatida jiddiy o‘zgarish va yangilik ro‘y berdi.
21 yoshli legionerimiz Rossiya futbolidagi ikki yillik faoliyatini muvaffaqiyatli yakunlab, Evopada jadal rivojlanib borayotgan, nomdor futbol yulduzlari va mashhur murabbiylarni jalb etib kelayotgan Turkiya Superligasiga yo‘l oldi.
Endi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Turkiya chempionatini alohida qiziqish bilan kuzatib boradi. Chunki yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan “Istanbul Bashakshehir” tarkibiga Abbosbek Fayzullaev va Eldor Shomurodovni qo‘shib oldi.
Ayni paytda Rossiya ommaviy axborot vositalari Fayzullaev transferi rasmiy tasdiqlangani munosabati bilan futbol ekspertlari fikr-mulohazalarini o‘rganmoqda. Sports.uz portali mutaxassislarning Abbosbek transferiga oid qarashlarini muxlislar e’tiboriga havola etadi.
Aleksey Gasilin, “Zenit” sobiq futbolchisi:
O‘tgan mavsumda Fayzullaev nisbatan kam o‘ynadi va rotatsiya o‘yinchisiga aylanib qoldi. Abbosni Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb e’lon qilishdi. U yaxshi o‘yinchi, o‘zida barcha sifatlarni jamlagan.
Fayzullaev juda yaxshi taklif oldi, balki unga maydonda 90 daqiqa o‘ynashini kafolatlashgandir ham. Chunki u o‘ynashni istaydi.
TsSKA bu transferdan yaxshigina daromad oldi, ular pul ishlashni biladi.
Abbos TsSKAda kam o‘ynayotgan edi, Turkiya chempionatida ko‘proq to‘p tepish orqali jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
Evgeniy Aldonin, TsSKA sobiq futbolchisi:
Fayzullaevning ketgani TsSKA uchun katta yo‘qotishmi? Umuman olganda, ayni paytda bunday bo‘lmasa kerak. “Armiyachilar” juda yaxshi savdoni amalga oshirdi. Chunki Fayzullaev asosiy tarkibdagi joyini boy berayotgan edi. Unga yangi klubida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Abbosning shartnomasi tugayotganini inobatga olsak, u kelasi yoz bepul ketib qolishi ham mumkin edi. Hozir esa, bu o‘yinchi uchun juda yaxshi mablag‘ berishdi.
Fayzullaev “armiyachilar” klubida o‘zini har tomonlama yaxshi ko‘rsata oldi, chunki hamma narsani juda yaxshi tushunib turgandi. Hozir TsSKA Rossiya pasportiga ega yosh o‘yinchilarga ishonch bildirishga qaror qilgan.
Transfermarkt portalida “Istanbul Bashakshehir” o‘zbek futbolchisi uchun 7,5 million evro to‘lagani qayd etildi. Shartnoma besh yilga tuzilgan. Ayrim nufuzli manbalar Fayzullaevning natijalariga qarab, transfer summasiga 2,5 million evrogacha bonus qo‘shilishi mumkinligini yozmoqda. Shuningdek, 21 yoshli futbolchiga bir mavsum uchun bir million evro maosh ajratilgani ham aytildi.
Fayzullaev ketganidan xursandmiz
Endi bitta Shomurodov etishmayapti!
Fikrlar