Fergyuson nima sababdan «Manchester Yunayted»ni tark etganini aytdi
«Manchester Yunayted»ning sobiq bosh murabbiyi Aleks Ferguson murabbiylik faoliyatini yakunlashga qanday qaror qilgani haqida gapirdi. Shotlandiyalik mutaxassis 1986–2013 yillarda «qizil iblislar»ni boshqargan va shundan so‘ng nafaqaga chiqqan.
Fergusonning aytishicha, bu qarorga oilasidagi fojia ham ta’sir ko‘rsatgan. 2012 yil oktyabr oyida uning rafiqasi Kэtining singlisi Bridjit vafot etgan.
«2012 yil oktyabr oyida Kэtining singlisi Bridjit vafot etguniga qadar nafaqaga chiqish haqida o‘ylamagan edim. Hech qanday muammo bo‘lishiga ishora yo‘q edi. Ishonchim komilki, muxlislar ham jismoniy holatim yaxshi ekanini ko‘rib turgan. Kэti uchun singlisining o‘limi juda og‘ir zarba bo‘ldi, chunki Bridjit uning hayotining ajralmas qismi edi. Men hech qachon opa-singillar o‘rtasida bunday yaqin munosabatni ko‘rmaganman», — deb yozdi Ferguson o‘zining Games of My Life nomli yangi kitobida.
Fergusonning so‘zlariga ko‘ra, u nafaqaga chiqish qarorini 2013 yil fevral oyiga qadar deyarli barchadan sir saqlagan. Keyinchalik esa futbolchilar va murabbiylar shtabi a’zolariga bu haqida xabar berayotganda hissiyotlarini jilovlashga qiynalgan.
«Men shunchaki stolim oldida o‘tirib, yig‘lardim. O‘sha paytda hammasi tugaganini angladim. Endi bu jamoani “Uembli”ga yoki evrokubok uchrashuvlariga olib bormayman, kubok yoki chempionlik uchun g‘alaba qozonish maqsadida maydonga boshlab chiqmayman», — deb yozdi ser Aleks.
Ser Aleks Fergusonning rafiqasi Kэti 2023 yil oktyabr oyida 84 yoshida vafot etgan. Ular 57 yil davomida birga hayot kechirishgan.
Eslatib o‘tamiz, 31 dekabr kuni Aleks Ferguson 85 yoshni qarshilaydi.

Fikrlar