Fevzi Davletov: "Faqat birgina Turdimurodovga umid qilib bo‘lmaydi"
Superliganing 23-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Surxon" uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Fevzi Davletov matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob berdi. Bu haqida "Surxon" matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘yin haqida
- Men o‘yinni ikki xil bo‘limga bo‘lgan bo‘lardim. Birinchi bo‘limda jamoa balandroq o‘ynadi va raqib darvozasiga yaqinroq harakat qildi. Biz vaziyatlar yaratishga harakat qildik, ko‘rdikki, raqib darvozasiga yaqinlashuvlar bo‘ldi, lekin hujumlarni yakunlashda oxirgi pas bilan muammolar kuzatildi
Ikkinchi bo‘limda esa ko‘proq himoya haqida o‘ylashga to‘g‘ri keldi. O‘yinni kuchaytirish uchun o‘zgarishlar qilmoqchi bo‘ldik, ammo bu amalga oshmadi. Afsuski, so‘nggi vaziyatda gol o‘tkazib yuborganimizda, himoya Sergeevni nazoratdan chiqarib qo‘ydi. Bunday o‘yinlarni yutish uchun gol urish kerak. Biz ketma-ket uchinchi o‘yinda gol ura olmayapmiz
- Fevzi Rizaevich, sizning o‘zingiz professional futbolchi bo‘lgansiz va yuqori darajada o‘ynagansiz. Sergeevning goli bo‘lgan so‘nggi vaziyatni qanday baholaysiz?
- Himoyachilar oxirigacha ishlamadi. Bunday vaziyatda himoyachi doimo futbolchi bilan birga o‘ynashi kerak. Men tanaffusda himoya chizig‘ini baland ko‘tarmaslik kerakligini aytgan edim. Biz bu holatni tahlil qilamiz va kerakli xulosalarni chiqaramiz
- Bugun "Surxon"da bir nechta yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Xususan, Jumaevning uzoq masofadan bergan zarbasi darvoza to‘sinigiga tegdi. Ammo jamoa ketma-ket uchinchi o‘yinda gol ura olmayapti. Bu nimaga bog‘liq?
- O‘zingiz ham juda yaxshi bilasiz, so‘nggi mavsumlarda bizning futbolchilar qancha gol urganini. Lekin faqat birgina Rustam Turdimurodovga umid qilib bo‘lmaydi. Boshqalar ham yordam berishi kerak. Bu – jamoaviy o‘yin. O‘ynash va yutish uchun gol urish zarur. Vaziyatlardan foydalanishi shart
- Jamoa sardori Behzod Shamsiev bugun tayanch yarim himoyachi pozitsiyasiga qaytdi. U ancha vaqtdan beri bu zonada o‘ynamagan bo‘lsa-da, bugun yaxshi taassurot qoldirdi. Uning o‘yini bo‘yicha baho bering.
- Jamoaning ikki markaziy yarim himoyachisi jarohat sabab safdan chiqdi. Shuning uchun biz Shamsievni tayanch zonada o‘ynashiga kelishdik. Aslida, bu pozitsiya unga begona emas. Menimcha, u bugun yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.



Fikrlar