FIFA klublarga 185 millionlik to‘lovlarni hali ham taqsimlab bermadi
FIFA hali ham o‘tgan yozda AQShda bo‘lib o‘tgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan (KJCh) so‘ng va’da qilingan solidar (birdamlik) to‘lovlarini taqsimlamadi.
Dunyo bo‘ylab klublar o‘rtasida o‘tgan yilgi KJChdan keyin FIFA tomonidan va’da qilingan 185 million funt sterling miqdoridagi solidar kompensatsiyalarining kechikishi sabab norozilik kuchaymoqda, deb xabar beradi The Guardian.
Turnirda ishtirok etmagan klublarga ushbu summadan ulush berilishi va’da qilingan edi. Agar mablag‘ teng taqsimlanganida, har bir oliy liga klubiga taxminan 50 ming funt sterlingdan to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. Biroq turnir yakunlangandan beri yetti oydan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, pullar hali to‘lanmagan va ularni qachon taqsimlash masalasi ham noma’lumligicha qolmoqda. Ma’lum qilinishicha, FIFA hali ushbu mablag‘larni qanday taqsimlash bo‘yicha aniq qarorga kelmagan.
Hozircha bu pullar umuman to‘lanmay qoladi, degan asos yo‘q. Ammo kichik ligalardagi klublar ayniqsa sabrsizlik bilan kutmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mukofot pullari sifatida ajratilgan 740 million funt allaqachon taqsimlab bo‘lingan. Turnir g‘olibi — “Chelsi” qariyb 84 million funt ishlab topgan.
Yevropada FIFA to‘lovlarni taqsimlashning yakuniy formulasini qabul qilishni ataylab cho‘zayotgani haqida fikrlar mavjud. Ayrim hollarda tashkilot bu masala bo‘yicha uchrashuvlarni ortga surgan, deb hisoblanmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yili KJCh daromadlarining qariyb 13 foizi solidar to‘lovlar uchun ajratilishi bo‘yicha kelishuvga erishgan European Club Association bilan muloqot bir necha oydan beri davom etmoqda.
Bahsli masalalardan biri — 185 million funtni turnirda notekis tarzda vakillik qilgan oltita konfederatsiya o‘rtasida qanday taqsimlash yo‘lisi yo‘qligidir. Amalda klublar bir xil miqdorda mablag‘ olishi ehtimoldan yiroq. Bundan tashqari, ko‘pchilik konfederatsiyalarda bunday to‘lovlarni taqsimlash mexanizmi ham mavjud emas.
Ta’kidlanishicha, mukofot pullari va solidar to‘lovlar turnir boshlanishidan atigi uch oy oldin kelishib olingan. Bu 2024 yil dekabr oyida DAZN platformasi bilan musobaqaning barcha o‘yinlarini bepul translyatsiya qilish bo‘yicha 787 million funtlik kelishuvga erishilgandan so‘ng amalga oshirilgan.
Fikrlar