
"Finalda "Verder"ni yutganmiz, keyingi yili "Norvich Siti"ni, tasavvur qilyapsizmi?! - o‘zbek murabbiyining Evropadagi sarguzashtlari haqida eshitganmisiz?
Ayni paytda “Bunyodkor” akademiyasida faoliyat olib borayotgan murabbiylar orasida Rustam Zabirov ham bor. 55 yoshli Rustam Zoirovichni muxlislar yaxshi eslaydi.
U hujumkor futbolchi bo‘lgan, keyin murabbiy sifatida “Navbahor”, “Qizilqum” kabi jamoalarda ishlagani yodingizdami? Zabirov murabbiylik faoliyatini Latviyada ham davom ettirib qaytganini bilasizmi? U “Skonto” akademiyasida ishlab, tajriba ham orttirgan.
Bu borada uning Boltiqbo‘yiga tashrifi ham qiziqarli sarguzashtlarga boy bo‘lgan. Zabirov Sports.uz muxbiriga “Skonto”dagi faoliyati, bugungi chempionatimiz mavqei va murabbiylikdagi maqsadi haqida gapirdi.
“Skonto” varianti paydo bo‘lgach, o‘ylanib o‘tirmasdan chipta sotib olganman va uchganman”
- “Skonto”dagilar menga qanday aloqaga chiqishgan? Aniqroq aytadigan bo‘lsam, menga o‘shanda klubdagilar emas, balki biznes bilan shug‘ullanadigan tanishlarimdan biri jamoada ishlash yuzasidan qiziqarli g‘oyani o‘rtaga tashlagandi. U mening yaqin do‘stim bo‘lib, biznes yuzasidan o‘sha erlarga tez-tez borib turardi. Do‘stimning 1999 yoki 2000 yilda tug‘ilgan farzandi bo‘lib, uni “Skonto” akademiyasiga joylashtirish niyatida yurgan. Kunlardan birida unga klub akademiyasida ishlaydiganlardan biri bu erga O‘zbekistondan birortasini ishga jalb etish mumkinligi yuzasidan murojaat qilgan. Do‘stim esa shu zahoti menga qo‘ng‘iroq qilib, hammasini tushuntirgan. Aytishim joizki, bunga qadar yoshlar bilan ishlash borasida tajribam yo‘q edi. Chunki ilgari asosan katta yoshdagilar bilan shug‘ullanganman. 2014 yili “Qizilqum”dan ketganimdan so‘ng, biror joyda ishlamasdim. O‘rtog‘imning o‘rtaga tashlagan bu variantini ko‘rib chiqishimga to‘g‘ri kelgan. Anglab turganingizdek, o‘ylanib o‘tirmaganman, chipta sotib olganman va uchganman.
“Ular meni tekshirishmoqchi bo‘lishdi va shart qo‘ydilar”
- Menda birgina muammo bor edi. “Pro” litsenziyasiga ega bo‘lsam ham, bu Osiyoda ishlash imkonini berar, lekin Evropada shu litsenziya bilan ishlashim mumkin bo‘lmay qolardi. Nima sababdan biznikilar Evropaga ishlash uchun bormaydi? Chunki ularda Evropada ishlash imkonini beradigan litsenziya yo‘qligi asosiy muammo bo‘lib qoladi. U erga borganimdan so‘ng, 1999 yilda tug‘ilgan bolalar bilan shug‘ullanish imkonini bermoqchi ekanliklarini aytishgan. Ular evropalik bo‘lganliklari bois osiyoliklarning darajasini past sanab, o‘zlarini ancha yuqori tutishga odatlanganlar. Ular menga shu yoshdagi bolalar bilan ishlash imkonini berishdan oldin shart qo‘ydi. O‘sha shartga binoan, men o‘zimni ko‘rsatishim, shundan keyingina ular bilan shartnoma imzolashim mumkin bo‘lardi. Rigada har yili qishda xalqaro maqomdagi turnir tashkil etib kelinadi. Bu musobaqaning nomi “Riga Cup” bo‘lib, u erga niderlandlar, shvedlar, nemislar va qo‘yingki, butun Evropadan futbolchilar o‘z jamoalari bilan ishtirok uchun tashrif buyurishadi. Ahamiyatlisi, o‘sha turnirga turli yoshdan iborat klublar keladi! Menga topshirilgan va 1999 yilda tug‘ilgan bolalardan iborat jamoaning statistikasiga nazar tashlab, uning bungacha hatto kuchli uchlikdan ham joy olmasdan kelganiga amin bo‘ldim. Ular meni tekshirmoqchi bo‘lishdi. Ixtiyorimda ikki hafta bo‘lib, shu fursat oralig‘ida jamoani turnirga tayyorlashim kerak edi. Darhol ishga kirishdim, ularning futbolini o‘rgana boshladim. Bir so‘z bilan aytganda, aqlimni juda tez ishlatib, ishim uchun qaysi yo‘l to‘g‘ri bo‘lishi yuzasidan yakuniy to‘xtamga keldim. Boltiqbo‘yiliklarning futboli xuddi irlandlar yo shotlandlarnikiga o‘xshab ketadi. Irlandlar bilan shotlandlar futbolida ular to‘pga bir-ikki teginib o‘ynaydi, uning ustidan nazorat o‘rnatishni esa xayoliga ham keltirmaydi. Darvozabon to‘pni egallab olib, uni zarb bilan oldinga tepgach, maydonning ikkinchi yarmida turgan jamoadoshlari to‘p uchun kurashga kirishadi. Ixtiyorimdagi bolalar orasida texnik salohiyati binoyidek bo‘lganlar ham topilgan. Shu bois, ularga to‘pni darhol sherigiga uzatishdan cheklab, uni nazorat qilgan holda o‘ynash kerakligini aytganman. Darvozabondan qabul qilingan to‘pni birgina pas oshirish va himoyadan hujumga o‘tish usulini bolalarga butunlay man qilgandim. Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, baxtimga bunga qadar U-16 terma jamoasiga jalb qilinganlardan ikki futbolchi mening qo‘l ostimda shug‘ullanardi. Qisqasi, biz o‘shanda juda zo‘r o‘yin ko‘rsatgan holda “Riga Cup”ni yutgandik! Finalda nemislarning “Verder” klubini dog‘da qoldirganmiz. Keyingi yili esa hal qiluvchi bellashuvda Angliyaning “Norvich Siti” jamoasini yutganmiz, tasavvur qilyapsizmi?! Bu jamoaning darajasini ko‘tarishga muvaffaq bo‘lganman.
“Yutug‘imizdan keyin bir qancha murabbiylar mendan o‘rganishga tushib ketishgan”
- Dastlabki yildagi muvaffaqiyatdan keyin rahbariyat mening qanday saviyadagi mutaxassis ekanligimni ko‘rgan. O‘z navbatida, mahalliy ishqibozlar ham osiyolik murabbiy ham anoyi emasligiga iqror bo‘lgandilar. E’tiborlisi, o‘sha yutuqdan keyin boltiqbo‘yilik bir qancha murabbiylar mendan o‘rganishga tushib ketishgan. Shtabimda ham mahalliy mutaxassislar ishlardi. O‘zim bilan jismoniy tayyorgarlik ustida ishlash usulini olib kelganim u erliklarga ma’qul tushgan. To‘g‘ri, ularda ham “fizika” ustida ishlash bo‘lgan, ammo boltiqbo‘yiliklar o‘sha ishni sal boshqacharoq – o‘zlariga qulay bo‘lgan usulda bajarib kelishgan. Ish jarayonimni kuzatish uchun o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarining murabbiylari ham tez-tez kelib turishardi. Bilasizmi, keyinchalik “Skonto”dan terma jamoaga avvalgidek bir yoki ikkita emas, balki naqd 11 o‘yinchini jalb etishgan...Bu eng asosiy jihat bo‘lgandi. Keyinchalik jamoamizdan bir qancha o‘yinchilar Italiyaga, Germaniyaga va Rossiyaga ham yo‘l olgan. Masalan, “Skonto”da ish boshlashimga sababchi bo‘lgan do‘stimning 2000 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini ham o‘zim tarbiyalaganman. U esa Portugaliyaning “Benfika” klubi tizimiga jalb etilgan!
“Bugungi kunda ushbu klubdan asar ham qolmagan”
- O‘sha erda olib borgan ikki yarim yillik faoliyatim davomida mening qanday saviyadagi mutaxassis ekanligimga hamma guvoh bo‘lgan. O‘z navbatida, klub direktori samarali tarzda olib borilgan ishdan ko‘ngli to‘lgan holda asosiy jamoada ishlashga tavsiya qilgandi. To‘g‘ri, bugungi kunda “Skonto” Riga yo‘q. Ammo bu klub tarqalamasidan oldin 16 karra chempioni hisoblangan. Asosiy jamoa bankrotlikka yuz tutganidan so‘ng, u erdan ketishimga to‘g‘ri kelgan. Jamoani moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlab kelgan kishining rossiyalik sherigi bilan biznes masalasida qarashlari to‘g‘ri kelmay, ular talashib-tortishib qolganliklari oxir-oqibat “Skonto”ning bankrotlikka yuz tutishini ta’minlagan edi. Shu bois, bugungi kunda bu klubdan asar ham qolmagan. Akademiyada ham o‘sha kezlarda ishlab, bir qancha jamoalarga yordam berganman. 16 yoshlilardan iborat jamoadan tashqari menga birinchi ligada ishtirok etadigan klub bilan ham shug‘ullanish imkonini taqdim qilgandilar. 16 yoshlilardan iborat klubning birinchi liga jamoalari orasida 4-o‘rinni egallashini bemalol qahramonlikka qiyoslasa bo‘ladi. Qisqasi, hammasi a’lo darajada kechgan.
“Italiya va Niderlandiyada malaka oshirdim”
- O‘sha paytda Evropani kezib chiqqanman, desam ham mubolag‘a bo‘lmasa kerak. O‘z navbatida, rahbariyat meni malaka oshirish uchun boshqa mamlakatlarga ikki bor yuborgan. Birinchisida Italiyaga borib, Milan shahri yaqinidagi “Novara” klubida malaka oshirganman. O‘shanda klub A seriyada o‘ynagan. Ikkinchi safarim Niderlandiyaga to‘g‘ri kelgan. Eng asosiysi, malaka oshirishga yo‘l olishimdan avval, Evropada ishlash imkonini beruvchi “Pro” litsenziyasiga ega chiqish uchun imtihon topshirishimni tashkillashtirishgandi. Agar shunday yo‘l tutishmaganida u erda ishlay olmasdim. “Pro” litsenziyasini qo‘lga kiritganimdan keyin esa, hech qanday muammosiz ishga kirishgandim. Men ketganimdan keyin mahalliy “Spartak Yurmala” klubiga Jalilov, Babayan kabi murabbiylarimiz kelishdi. Bu brigadaga Evropada ishlash imkonini beradigan litsenziyaga ega bo‘lish imkoniyati havola etilmaganidan xabarim bor. Shu sabab, ular Yurmalada ikki-uch oy yurganlaridan keyin ortga qaytishga majbur bo‘lishgan. Menga omad kulib boqqan, deydigan bo‘lsam, adashmayman. Agar “Skonto” bankrotlikka uchramaganidami, kim bilsin, hozir ham Latviyada ishlarmidim...Yigitlarim bilan Evropaga tez-tez safar uyushtirib turganman. Italiyaga ikki bor borganmiz, Germaniyada tashkil etilgan super turnirni yutib qaytganmiz. Niderlandiyadagi mini-musobaqada esa ikkinchi o‘rinni egallaganmiz. Bu gaplarim bilan maqtanyapti demang-u, o‘sha erda ishlagan davrimda juda katta tajriba orttirganman. Tajribamdan kelib chiqqan holda Evropa va Osiyoda yoshlar bilan ishlash o‘rtasidagi farq qay darajada ekanligidan yaxshi xabardorman. O‘zimiznikilarga nima etishmayotganligini yaxshi bilaman. Agar biznikilar ham xuddi Evropa usulida ish tashkil etadigan bo‘lsalar, bir qancha futbolchilar keyinchalik bemalol ko‘xna qit’adagi klublarda o‘ynab ketishlari turgan gap.
“Bunyodkor”dagilarga rahmat, ular menga ish taklif qildilar”
- Eng achinarlisi, o‘zimizga qaytganimdan keyin oliy ligada ishlashim uchun imkon bo‘lmadi. Bunday imkoniyatga ega bo‘lishni istaydigan murabbiy ortida esa bemalol suyansa bo‘ladigan ta’sir doirasi kuchli kishi turishi kerak. Aynan shunday kishilar futbolni deyarli tushunmagan holda o‘zlari tanigan murabbiylar uchun suyangan tog‘ vazifasini o‘tab berishadi. Bularning bari osiyoliklarga xos mentalitet tufayli kelib chiqqan. Yana shunisi ham borki, bizda har ikki yilda bir litsenziyani yangilash kerak bo‘ladi. Shunday litsenziyasi bor murabbiylar chet elda malaka oshirib qaytishlari darkor. Menda esa Evropadagi malaka borasida etarli tajriba bor. “Bunyodkor”dagilarga rahmat. Ular menga ish taklif qildilar. Buning uchun shukr qilaman. “Bunyodkor”da ishlash menga yoqyapti. U erda o‘z ishimni yaxshi bajarib kelyapman. Xuddi Boltiqbo‘yida bo‘lgani singari bu erda ham 16 yoshdan iborat o‘yinchilar bilan shug‘ullanyapman. Ularning orasida yaqin bir-ikki yil ichida bemalol Superligada o‘ynay oladigan iqtidorli bolalar borligini ko‘ryapman. Agar keyinchalik menda Superligada ishlash imkoni tug‘ilsa, qaerdan futbolchilarni jalb etish kerakligini yaxshi bilaman. Menda “V” variant emas, balki “A” variantni qabul qilish – ya’ni, asosiy klubda ishlash imkoni ham bor edi. Lekin men qiyinroq bo‘lgan yo‘lni tanlab o‘zimdagi bilim va tajribani yosh avlodga singdirishni ma’qul ko‘rdim. “Bunyodkor”ning 16 yoshlilardan iborat jamoasi yomon tassurot qoldirmagan holda musobaqaning final qismiga “Paxtakor” bilan teng ochko jamg‘argancha etib keldi.
“Futbolga qarashimizni o‘zgartirmasak natija ham ijobiy bo‘lishi qiyin”
- O‘zbekiston chempionatini kuzatyapmanmi, bo‘lmasam-chi! Albatta, kuzatyapman! Men ilg‘agan asosiy jihat shuki, o‘zbek futboli juda sekin. Biz hamkasblarim bilan o‘yinlarga tez-tez borib turamiz. Shunday paytda yon daftarimizga jamoalarning tezligi qay darajadaligi haqidagi qaydlarni tushiramiz. Maydonda kurashayotgan jamoalarning o‘yinini sinchiklab kuzatish asnosida ularning hujumni qay tariqa tashkil etishayotganiga ham e’tiborimizni qaratamiz. Futbolda o‘yinni o‘qish yuzasidan qator formulalar bor. Mana shu formulalarga tayangan holda ish olib boramiz. Albatta, asosan “Bunyodkor”ning o‘yinlarini tahlil qilamiz. Formulalarga tayangan holda jamoalar imkoniyatiga baho beramiz. “Bunyodkor”ning “Mash’al”ga qarshi o‘yinini oladigan bo‘lsak, 8 balli shkalada ikkala jamoaning o‘yini 2,6 ballni tashkil etdi. Bu o‘ta ham sekin futbol. Bizning futbolchilar hammasini juda sekinlik bilan amalga oshirishadi. Katanets ham kelib, birinchi navbatda futbolimizdagi asosiy muammo o‘yinchilarning maydonda sekin harakat qilishlarida ekanligini ta’kidladi. U intervyusida o‘zbek futbolida juda sekin ekanligini aytish bilan birga o‘yinchilarning to‘pni o‘zi bilan olib yurishga o‘ta berilib ketganlarini bayon qildi. Ixtiyorimdagi futbolchilarga bunday o‘ynash kerak emasligini, balki bir-ikkita pasni amalga oshirgan holda tezroq to‘p surishlarini maqsadga muvofiq bo‘lishini aytaman. Evropada futbolchining aqliy salohiyatiga qarab baho berishadi. Bunday paytda o‘sha ijrochining to‘pga egalik qilganidan so‘ng qay darajada tez harakat qilishi asosiy e’tiborda bo‘ladi. To‘pni o‘zi bilan olib yurgandan ko‘ra unga bir-ikki teginishdayoq sheriklari bilan hamjihatlikda o‘ynashga intilishi alohida e’tiborga olinadi. To‘pdan ko‘ra manaman degan futbolchi ham katta tezlikda harakat qila olmaydi. O‘zbekistonda to‘pni o‘zi bilan olib yurib, biror natijaga erishish amrimahol bo‘lishini negadir ko‘pchilik qabul qilishni istamaydi. Bejizga Evropadan kelgan Katanets ilk intervyusidayoq bu jihatga e’tibor qaratmadi. Katanets mashg‘ulot chog‘ida to‘pni bir-ikki teginishdayoq sherigiga uzatgan holda o‘ynash kerakligini ta’kidlashga kirishgani men xursand qilyapti. Chunki Evropada xuddi shunday futbolni suyushadi. Men bu gap bilan o‘zbek futbolini erga urmoqchi emasman. Aksincha, yangi darajaga chiqish uchun qanday yo‘l tutish kerakligiga e’tiborni qaratishni istayapman xolos. Agar futbolga bo‘lgan qarashni o‘zgartirmasak, natija ham ijobiy tomonga qarab o‘zgarishi qiyin. Bu holda hatto futboli biznikidan ancha kuchsiz bo‘lgan tojiklar ham o‘zaro to‘qnash kelib qolgan mahalda g‘alaba qozonishlari hech gap bo‘lmasdan qoladi. O‘zingiz ko‘ring, “Istiqlol” Chempionlar ligasida guruhdan chiqib, pley-offgacha bordi. Ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun hammasini avval boshidan boshlash kerak. Ya’ni, bolalar futboliga urg‘u berish darkor. O‘zbek futboli rivojlanishi uchun islohotlar kerak. Shunda keyinchalik bizdan Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov, Mirjalol Qosimovdek juda iqtidorli futbolchilar etishib chiqishadi.
“Bolalar bilan ishlayotgan murabbiylarning ko‘pchiligi professional emas”
- Baxtga qarshi bolalar jamoalarida ishlayotgan murabbiylarning ko‘pchiligi professional darajadagi murabbiylar emas. To‘g‘ri, ular futbolni sevishadi, biroq uni professional darajada o‘ynashmagani pand berib qo‘yadi. Shunday mutaxassis bolalarga nimani o‘rgatishi mumkin?! “Bunyodkor”da to‘rt yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, federatsiyada bir necha bor rahbar almashdi. Ulardan birortasi quyiroqda nimalar sodir bo‘layotgani haqida qiziqib ham so‘ramadi. Vaholanki, ishni bolalar futbolidan boshlash darkor. Ism-shariflarini birma-bir keltirib o‘tirmoqchi emasmanu, ko‘plab tanish murabbiylar bilan gaplashib qolsam, ular futbolda natijaga erishish uchun birinchi navbatda bolalarni tarbiyalashga e’tibor qaratish juda muhimligini aytib keladilar.
"Bunyodkor" akademiyasi O‘zbekistonda etakchi"
- “Nasaf” va “Bunyodkor” akademiyalarini bir-biriga taqqoslash...Bu ishni bajarish amrimahol. Negaki, “Nasaf” akademiyasi ham yaxshi ishlayapti. “Bunyodkor”ning akademiyasi ham juda yaxshi shakllangan bo‘lib, tarbiyalanuvchilarga bir nechta maydonlar shug‘ullanishlari uchun tayyorlab qo‘yilgan. Bunday infratuzilmani tashkil etganlarga faqat minnatdorlik bildirish mumkin. Infratuzilma jihatidan “Bunyodkor” akademiyasi O‘zbekistondagi etakchi futbol dargohi sanaladi, deya olaman.
“O‘zimdagi tajribani Superligada ishga solishni xohlagan bo‘lardim”
- Murabbiylikdagi asosiy maqsadim nima? “Bagajim”da bo‘lgan bor tajriba va bilimlarimni ishga solgan holda Superligadagi klublardan birida ishlashni orzu qilaman. Qolaversa, Evropada tajriba to‘plab kelganman. O‘zimdagi bor mahoratni Superligada ishga solishni xohlagan bo‘lardim. Boya aytganimdek, bunday darajada ishlash uchun ta’sir doirasi kuchli bo‘lgan kishilardan biri meni ishga tavsiya qilishi kerak bo‘ladi. Agar yuqori ligada ishlash imkoniga ega bo‘lsam, erni tatalab ishlagan holda albatta natija qayd etishga harakat qilaman. Natija qayd eta olishimga aqlim etmaganida bunday demagan bo‘lardim. Murabbiy sifatida natija keltira olishimga aminman. Agar jurnalistlarning yodida bo‘lsa, 2008 yili “Qizilqum” so‘nggi o‘rinni egallab turgan mahalda uni boshqarishga kirishib, klubni nafaqat quyi ligaga tushib ketishdan saqlab qolganman, balki o‘sha kezlarda super darajadagi klub sanalgan “Bunyodkor”dan o‘zaro o‘yinlarda to‘rt ochko tortib olgandik. Bilsangiz, o‘sha chog‘larda “Bunyodkor”ni dunyo tanigan Skolaridek murabbiy boshqarar, tarkibda esa Rivaldo, Denilson, Jeparov, Kapadze singari supermahoratli ijrochilar to‘p surishardi. Toshkentda 1:1 o‘ynab, uyimizda “Bunyodkor”ni engishga muvaffaq bo‘lgandik. Agar kimda-kim menga jamoasini ishonib topshirsa, jonimni jabborga bergan holda ishlashga va natija ko‘rsatishga harakat qilaman. Hozir 53 yoshdaman, sog‘ligim ham joyida. Shunday ekan, maqsadim hosil bo‘lishiga albatta ishonaman. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, odamlar bu murabbiyning qo‘lidan chindan ham bir ish kelarkan, deydigan gapni aytishlarini qaysi klubda ishlamay, ta’minlay olishimga aqlim etadi. Bilasizmi, o‘tgan yili menda pro-ligadan taklif bo‘lgandi, ammo so‘nggi pallada muzokara ijobiy yakun topmagan. Yuqorida ilova qilganimdek, o‘zimdagi katta tajriba va bilimni Superligada sinaydigan kun etib kelishiga umid qilib qolaman. Menga ishonganlarning umidini so‘ndirmasligim aniq. Nega deganda, natijaga erishish uchun qanday ishlash kerakligi borasida etarlicha bilimga egaman.
Fikrlar