Flik "Barselona" murabbiyi sifatidagi yubiley o'yiniga izoh berdi

  • 27.02.2026 06:27
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol

Xans-Diter Flik "Barselona" bosh murabbiyi sifatida 100 ta o‘yin o‘tkazishi haqida fikr bildirdi. 28 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan "Vilyarreal"ga qarshi bahs nemis mutaxassisi uchun yubiley o‘yini bo‘ladi.

"Odatda raqamlarga ko‘p e’tibor qaratmayman, chunki ularni kuzatib bormayman. Ammo “Barselona” bilan 100 ta o‘yin — bu ajoyib natija. Avval ham bir necha bor aytganman, bu men uchun orzuning ushalishi. Bu juda katta mas’uliyat, lekin men klubdan, o‘yinchilarimdan va shahardan olayotgan his-tuyg‘ularimni juda qadrlayman. Bu haqiqatan ham ajoyib, men bu yerda juda baxtliman. Bunday buyuk klubda ishlash — men uchun katta sharaf.

“Barsa” meni ancha o‘zgartirdi. Bu boshdan kechirish kerak bo‘lgan tajriba. Men uzoq yillar davomida murabbiy bo‘ldim, yordamchi murabbiy ham ishladim va har bir tajriba insonni ma’lum darajada o‘zgartiradi.

Bu yerda menga eng yoqadigan jihat — birinchi kundanoq o‘zimni oilaning bir qismi sifatida his qilganimdir. Har bir inson o‘z ishiga va klubga butun qalbini bag‘ishlaydi.

Menda ajoyib jamoa bor. Yaqinda rafiqam eslatdi: ish boshlaganimda unga har bir kundan zavqlanayotganimni aytgandim, chunki bu o‘sishni va rivojlanishni istaydigan yosh jamoa edi.

Shu bilan birga, bu jamoaning nima ekanini tushunish kerak. “Barsa” — bu o‘ziga xoslik, o‘yin uslubi. Prezident birinchi kundanoq nafaqat g‘alaba qozonish, balki qanday yo‘l bilan g‘alabaga erishish ham muhimligini aytgan. Men va murabbiylar shtabi doim shu haqida o‘ylaymiz. “Barsa” kabi klubda sen doimo g‘alaba qozonishing shart", — dedi Flik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!