Flik: "Ikkinchi bo‘limda jamoa fantastik o‘ynadi. Biz uch ochkoga to‘liq loyiq emas edik"

  • 04.01.2026 03:56
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Barselona" bosh murabbiyi Hans-Diter Flik "Espan'ol"ga qarshi yutilgan derbi uchrashuvidan (2:0) so'ng jamoa o'yinini baholadi.

Uchrashuvda hisob 86-daqiqaga qadar ochilmadi, bu esa ko'p jihatdan "ko'k-anorranglilar" darvozaboni Joan Garsiyaning qutqaruvlari bilan bog'liq bo'ldi. Uchrashuv oxirida Dani Ol'mo mehmonlarni oldinga olib chiqdi, ortidan esa Robert Levandovski yakuniy hisobni o'rnatdi.

"Uch ochkodan mamnunman. Albatta. O'zgartirish kerak bo'lgan jihatlar bor, ammo natijadan qoniqdim. Almashinuvdan keyin maydonga tushgan futbolchilar o'z mahoratlarini ko'rsatdi.

“Espan'ol” fantastik o'yin o'tkazdi. Ajoyib muhitdagi derbi bo'ldi. O'yin rivojiga qarab, g'alabaga to'liq loyiқ emas edik, ammo almashinuvlardan keyin ko'rsatgan darajamiz hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ldi.

Joan Garsiya uchun xursandman, u dunyodagi eng yaxshi darvozabonlardan biri. Ilk 80 daqiqadagi o'yinimizdan qoniqmadim, Joan juda ko'p seyvlar amalga oshirdi.

Har qanday g'alaba kabi, bu natija ham bizga ishonch bag'ishlaydi. Rojdestvo tanaffusidan keyin o'ynash oson emas edi, ammo bu g'alabadan so'ng o'zimizga ishonchimiz oshdi. Umid qilamanki, Ispaniya Superkubogi musobaqasida ham barchasi yaxshi bo'ladi. Mashg'ulotlarda ko'rayotgan ishlarimdan juda mamnunman. Qiyinaldik, ammo uch ochkoni qo'lga kiritdik.

Derbining ahamiyatini yaxshi bilaman. Ko'chalarda bu o'yinni kutayotgan odamlar juda ko'p edi. Bu uchrashuvdagi g'alabaning qanchalik muhim ekanini tushunaman. Men baxtiyorman", — dedi Flik matbuot anjumanida.

Hozirda "Barselona" turnir jadvalida peshqadam bo'lib turibdi va Madridning "Real"ini 7 ochkoga ortda qoldirmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!