
FR: Himoyasi eng zaif klublar to‘qnashdi...
Superliganing 5-turi davom etyapti. Bugun ikkita uchrashuv o‘tkazildi. Hozir o‘sha bahslarga oid qiziqarli faktlarni keltiramiz.
"So‘g‘diyona" 2:2 "Metallurg"
Ushbu jamoalar milliy chempionat doirasida 43-bor to‘qnash kelib, 9-durangni imzolashdi. O‘zaro to‘qnashuvlar tarixidagi ustunlik jizzaxliklar tomonida 18-16.
1) Ushbu bahs Superliganing himoyasi eng zaif jamoalari o‘rtasida o‘tdi. "Metallurg" (11) va "So‘g‘diyona" (10) chempionatda hammadan ko‘proq to‘p o‘tkazib yuborgan.
2) 5-turga kelib 4-ochkosini olgan "Metallurg" so‘nggi yillardagi eng yomon startini qayd etyapti. Bekobodliklar chempionatni 2017 yildagina bundan yomonroq boshlashgan edi.
3) "So‘g‘diyona" Superliga doirasidagi qatorasiga 16-o‘yinni g‘alabasiz yakunladi. Jizzaxliklarning oxirgi yutug‘i o‘tgan yilning avgustida Samarqandda qo‘lga kiritilgan edi ("Dinamo", 2:1).
4) Ibrohim Ibragimov 28 o‘yinlik tanaffusdan keyin "Metallurg" libosida gol urdi. U jamoa tarkibidagi debyutini gol bilan nishonlagan edi.
5) Uchrashuvda hisobni tenglashtirgan Serdar Serderov O‘zbekiston chempionatidagi debyut golini urdi.
Har 2 jamoani keyingi turda ancha qiyin imtihonlar kutib turibdi. "Metallurg" 6-turda OKMKni qabul qilsa, jizzaxliklar "Paxtakor" mehmoni bo‘lishadi.
"Andijon" 0:2 "Neftchi"
Bugun o‘z uyida mehmon bo‘lgan Vitaliy Levchenko shogirdlari "Andijon" bilan Superligada 47-bor to‘qnash kelib, 33-g‘alabasini tantana qildi.
1) 5 o‘yinda 13 ochko yig‘gan "Neftchi" futbolchilari so‘nggi 15 yildagi eng yaxshi startni qayd etishdi. Bunda yaxshiroq natija oxirgi bor 2007 yilgi mavsum avvalida Yuriy Sarkisyan davrida ko‘rsatilgan edi.
2) Diyorjon Turopov 17 o‘yinlik tanaffusdan keyin yana Superligada gol urdi.
3) Nurillo To‘xtasinov mahsuldorlik bo‘yicha "Neftchi"ning eng yaxshi futbolchisiga aylanib oldi (3+2).
4) Shuningdek, farg‘onaliklar tarkibida mavsumdagi birinchi qizil kartochka ham To‘xtasinovga yozildi.
5) "Neftchi" "Andijon"ni uzoq yillik tanaffusdan keyin engganini ham alohida ta’kidlash kerak. "Burgutlar"ning o‘zaro uchrashuvlardagi oxirgi mag‘lubiyati 2015 yilga yozilgan edi.
Aleksandr Xomyakov shogirdlari kelasi turda ham qiyin bahs kutib turibdi. "Andijon" 14 aprel kuni "Navbahor" mehmoni bo‘ladi. "Neftchi" esa 17-da "Turon"ni qabul qilishi rejalashtirilgan.
Faxriddin Ro‘ziev
Fikrlar