
Fyodor Emelyanenkoning yana bir shogirdi “Bellator” chempioniga qarshi jang qilishi mumkin
Rossiyalik Fyodor Emelyanenkoning shogirdi, “Bellator” jangchisi Anatoliy Tokov (29-2) o‘rta vaznda Gegard Musasi (47-7-2) bilan chempionlik jangini o‘tkazishi mumkin. Bu borada tashkilot prezidenti Skott Koker ma’lum qildi.
“Musasi - Lima jangi tugashi bilanoq, menga Fyodor Emelyanenko jamoasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va Tokov Musasiga qarshi jang qilishga tayyorligini aytdi. Demak, bu jang bo‘lishi mumkin", - dedi Koker.
Musasi “Bellator 250” turnirida Duglas Limani mag‘lubiyatga uchratib, o‘rta vazn chempioniga aylangandi.
Eslatib o‘tamiz, “Bellator 244" turnirida Fyodor Emelyanenkoning yana bir shogirdi Vadim Nemkov yarimog‘ir vazn toifasi chempioni Rayan Beyderni mag‘lub etgan va ushbu divizionning chempionlik kamarini qo‘lga kiritgandi.
Fikrlar