G‘alaba, durang va mag‘lubiyati beshtadan bo‘lgan "Navbahor"ning ishlari beshmi? Jamoa etakchisi hali hech nima yo‘qotilmaganiga ishonmoqda

  • 18 sentabr, 2020, 22:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor” jamoasining “Mavsum-2020”dagi ishtiroki hech bir namanganlik muxlisni qoniqtirayotgani yo‘q. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham klubning oldiga sovrinli o‘rinlar uchun kurashish vazifasi qo‘yilgan. Lekin jamoa oxirgi marta birinchi davraning 9-turida g‘alaba qozonganiga nima deysiz? Shundan beri “Navbahor” o‘tkazilgan 6 ta o‘yinning 3 tasida durang va yana 3 tasida mag‘lubiyatga uchradi. “Mash’al”, “Qo‘qon-1912” va “Lokomotiv” kabi raqiblariga birgina gol evaziga yutqazdi. Oqibatda klub 20 ochko bilan 7-o‘ringa tushib ketdi. Chindan ham xavotir olishga arziydigan holat, shunday emasmi?

Tecno

Bu ham etmaganidek, bosh murabbiy Andrey Kanchelskis da’volanayotgani sababli jamoa bilan birga bo‘la olmadi. “Navbahor”ning o‘yinida esa oldingi shijoatni ko‘ryapmiz deb ayta olmaymiz. Aks holda shuncha o‘yindan beri raqiblariga ochkolarni ulashib kelarmidi? Klubdagi mavjud vaziyat xususida etakchilardan birining fikrlari biz uchun muhim edi. Shu bois Islom Isoqjonov “Navbahor”ning bugungi holati haqida munosabatini bildirishga rozi bo‘ldi.

“Andijon”ni autsayder demagan bo‘lardim”

Navbatdagi turda vodiy derbisi nomi ostida “Navbahor” hamda “Andijon” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Bugungi kunda andijonliklar hali birorta g‘alaba qozona olmagan holda ushbu derbiga etib keldilar. Qiziq, bu safargi vodiy derbisining oldingilariga nisbatan mavqei qay darajada bo‘larkin? Buning ustiga “Navbahor” o‘yinchilariga bo‘lajak raqibining turnir jadvalida oxirgi o‘rindaligi va g‘alabasiz kelayotgani qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

- “Andijon”ga qarshi uchrashuvlar doimo qiyin kechgan, - deb gapini boshladi, Isoqjonov. - Menimcha, ushbu o‘yinda andijonliklarni autsayder demagan bo‘lardim. Chunki har qanday holatda ham bunday derbilar o‘ta murosasiz va og‘ir o‘tadi. Navbatdagi vodiy derbisi esa har qachongidan ham qiyin kechadi deb o‘ylayman. Negaki, “Andijon” jamoasini orqaga yo‘li yo‘q. Bundan tashqari, Superligadagi barcha bellashuvlar jiddiy bahslarga boy tarzda kechmoqda. Hech bir jamoa osonlikcha g‘alabaga erisha olmayapti.

isoqjonov

Isoqjonovning ikki marta qizil kartochka olgani tasodifmi yoki...

Birinchi davrada ushbu futbolchi ikki marta qizil kartochka olib maydonni jamoadoshlaridan ertaroq tark etishga majbur bo‘lgandi. Odatda, uning boshqa klublardagi faoliyatida bunday holatga tushib qolganini eslay olmaymiz. Biroq “Navbahor”ga kelib birinchi davraning o‘zida ikki marta maydondan chetlatilishi – bu tasodifmi yoki futbolchining o‘zi shunga loyiqmidi?

- To‘g‘risi, tasodif deb o‘ylayman. Chunki shu paytgacha hali biror marta qizil kartochka olmagandim. Lekin maydonda hamma narsa bo‘lishi mumkin, - dedi futbolchi.

“Inkor etmayman, o‘yinimizda pasayish bor”

Yuqorida aytib o‘tdik, “Navbahor”ning oldiga sovrinli o‘rinlar uchun kurashish vazifasi qo‘yilgan. Biroq ketma-ket ochko yo‘qotishlardan keyin ham klub o‘z maqsadiga erisha oladimi? Yoki endi asosiy vazifa kun tartibidan olib tashlandimi?

- Albatta, jamoamizda maqsad bitta: sovrinli o‘rinlar uchun kurashib, muxlislar kutgan Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish. Hali hech nima yo‘qotmadik. To‘g‘ri, o‘yinimizda pasayish borliginii inkor etmayman. Buning uchun muxlislardan uzr so‘raymiz. Lekin hali hammasi oldinda degan bo‘lardim. Qolaversa, Kubok bahslari ham borligini unutmaylik. Ishqibozlarimizni hali albatta xursand qila olammiz. Ishonamanki, biz albatta oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarib, muxlis va murabbiylarimizning ishonchini qozonamiz.

“Kanchelskis davolanib qaytdi”

Bosh murabbiyning o‘rni baribir boshqacha. Balki futbolchilarga Kanchelskisning yo‘qligi ham ta’sir ko‘rsatgandir? Uning yordamchisi No‘’mon Hasanov ham o‘ziga yarasha tajribaga ega. Lekin ko‘pchilik bosh murabbiyning yo‘qligi klubga ta’sir ko‘rsatayotgani haqida gapirmoqda...

- To‘g‘ri, Andrey Kanchelskis davolanib qaytdi va No‘’mon Hasanov bilan birgalikda ishlashmoqda, - deya mavzuni davom ettirdi, Isoqjonov. - Biz barchamiz bir maqsad uchun mehnat qilyapmiz. Ayni paytdagi bor e’tiborimiz ushbu vaziyatdan chiqib ketishga qaratilgan. Buning uchun bizga birgina g‘alaba kerak. Ishonamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi. Qolgan uchrashuvlarda yo‘qotilgan muhim ochkolarning o‘rnini to‘ldirishimiz juda muhim.

isoqjonov2

“Ishqibozlarimiz oldida aybdormiz”

Shuningdek, o‘yinlardan keyingi matbuot anjumanlarida No‘’mon Hasanov futbolchilarning o‘yiniga tushunmayotganini, ko‘rsatmalarni yaxshi bajara olishmayotgani haqida ham gapiryapti. Yoki salbiy natijalar ichki muhitga jiddiy ta’sir ko‘rsatyaptimi?

- Ichki muhit yaxshi. Bunday muammolar yo‘q. To‘g‘ri, jamoaning o‘yinida pasayish bor. Lekin hali barchasi oldinda. Qolgan uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, bunday gap-so‘zlarga chek qo‘ymoqchimiz. Tushunamiz, ishqibozlarimiz oldida aybdormiz. Ammo boya aytganimdek, ularning ishonchini oqlaymiz, yana qaytaraman, hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q.

“G‘alaba bo‘lmasa kayfiyat ham shunga yarasha bo‘ladi”

Oxirgi bor 9-turda “Qizilqum”ni mag‘lub etgan “Navbahor”ning g‘alabasiz seriyasi tufayli bu hol futbolchilarning kayfiyatiga ham ta’sir qilayotgan bo‘lsa ajab emas. Jamoa xuddi jarlikka tushib qolgandek...

- Albatta, g‘alaba qozona olmasangiz kayfiyat ham yomon holatda bo‘ladi. Ammo to‘xtab qolishga haqqimiz yo‘q. Bundan buyon to‘g‘ri xulosa chiqarib, kayfiyatni ko‘targan holda oldinga intilishimiz va bo‘lajak uchrashuvda g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz, - dedi Isoqjonov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!