
G‘alabasiz qolgan jamoalar yoxud Superligada autsayder va favorit to‘qnashuvi
Bugun Superligamizda 9-turga start beriladi. Siz bilan bizni yana bir-biridan qiziqarli, muhim uchrashuvlar kutyapti. O‘yinlar 24-27 may kunlari davomida bo‘lib o‘tadi. Quyida 7 ta juftlik haqida to‘xtalamiz.
24 may
19:00. “Metallurg” – “Navbahor”
Bu safargi tur o‘yinlari Superligada peshqadam bo‘lib turgan hamda oxirgi o‘rinda borayotgan jamoalar o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlanadi. Ma’lumot uchun, “Metallurg” 7 ta o‘yinda (bitta zaxira uchrashuvi bor) 4 durang va 3 mag‘lubiyat bilan 4 ochko to‘plagan holda 14-pog‘onada, “Navbahor” esa 7 ta o‘yinda (bitta zaxira uchrashuvi bor) 4 g‘alaba va 3 durang bilan 15 ochko jamg‘arib 1-o‘rinda. Ko‘rganingizdek, “Metallurg”da hali g‘alaba yo‘q, “Navbahor”da bo‘lsa mag‘lubiyat. Olmaliqda o‘tadigan o‘yinda bekobodliklar ilk g‘alabasi uchun kurashadi. Samvel Babayan boshchiligidagi namanganliklar esa peshqadamlikni mustahkam qilish uchun g‘alabali seriyasini davom ettirish harakatida. Bunday uchrashuvni kuzatish qiziq, albatta. “Metallurg” turdan-turga o‘yinini yaxshilayapti, bosh murabbiy Vesko Steshevich esa Andijondagi durangdan keyin g‘alabaga oz qolganini aytdi. Lekin favorit “Navbahor”.
19:30. “Olimpik” – “Andijon”
Timur Kapadze jamoasi bu turda “Andijon”ni qabul qiladi. O‘tgan turda “Olimpik” Qarshida “Qizilqum”ni 2:4 hisobida engib qaytdi. Andijonliklar esa o‘z uyida “Metallurg” bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Hozircha o‘zaro o‘yinlarda ustunlik “Andijon”da. Chunki “Olimpik” “Burgutlar”ni engga olganicha yo‘q. Xomyakov jamoasi uchta turdan beri yutolmayotganini hisobga olsak, ular “Jar”dagi stadionda faqat uch ochko uchun kurashishi shubhasiz. Imkoniyatlar mehmonlar foydasiga 45\55.
25 may
19:00. “Paxtakor” – “Qizilqum”
Amaldagi chempion o‘tgan turda Jizzaxda “Dinamo”ga qarshi bellashuvda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordi va uyga bir ochko bilan qaytdi. “Qiziqum” esa “Olimpik”ga 2:4 natijasida engildi. Navoiyliklar chempionatni birin-ketin ikkita g‘alaba bilan boshlagandi. Shundan beri ular yutolmayapti. 3 tadan durang hamda mag‘lubiyat qayd etdi. “Paxtakor” ham hozircha o‘zining haqiqiy o‘yinini ko‘rsata olayotgani yo‘q. Shuni hisobga olganda albatta “Qizilqum”da ochko bilan qaytish imkoniyati bor. Qolgani jamoalarning qanchalik puxta tayyorgarlik ko‘rganiga bog‘liq. Imkoniyatlar 50\50.
19:00. “Nasaf” – “Dinamo”
Qarshida yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoani o‘yini bir-biriga yaqin va o‘xshash. Ular himoyaviy futbolni xushlamaydilar. “Dinamo” ketma-ket durang natijalar qayd etib kelyapti. “Nasaf”ni bilasiz, hozircha 15 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida “Navbahor” bilan qo‘shhokimlik qilib turibdi. Gollarga boy o‘yin ko‘rsak ajab emas.
26 may
19:00. “Neftchi” – OKMK
“Neftchi”da moliyaviy tomondan muammolar borligi haqida gapirishyapti. Farg‘onaliklar so‘nggi bor 3-tur doirasida 15 mart kuni o‘z uyida “Metallurg”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Shundan beri ular 2 durang va 2 mag‘lubiyatga uchradilar. 11 ochko bilan 6-o‘ringa tushib qoldilar. 4 o‘yindagi g‘alabasiz seriyadan keyin “Neftchi” o‘z uyida ishqibozlari qarshisida qanday natija qilarkin? Raqib esa oxirgi ikkita turda yutib kelayotgan Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK klubidir. Albatta, chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi”ning g‘alabasiz seriyaga barham bera olmayotgani muxlislariga yoqmayapti. Hozircha imkoniyatlar teng.
19:30. “So‘g‘diyona” – “Bunyodkor”
“So‘g‘diyona”ga bosh murabbiylik qilayotgan Ivan Boshkovich va uning jamoasi yana bir bor sobiq klubi – “Bunyodkor”ga qarshi o‘ynaydi. Chempionatni muvaffaqiyatsiz boshlagan “Qaldirg‘ochlar” nihoyat o‘tgan turda “Lokomotiv”ga qarshi ajoyib o‘yinda 3:2 hisobidagi og‘ir g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Bu g‘alaba ularga qanchalik kayfiyat bag‘ishlagani va ruhiyatini ko‘targanini Jizzaxdagi bahsda bilamiz.
27 may
19:00. “Lokomotiv” – “Surxon”
“Lokomotiv” 5 ta turdan beri yutolmayapti. Oxirgi 4 ta o‘yinda esa raqiblariga yutqazib kelyapti. Navbatdagi raqibi ancha jiddiy. “Surxon” to‘p bilan juda yaxshi muomala qiladigan kurashuvchan jamoa. “Lokomotiv” muvaffaqiyatsiz uchrashuvlardan keyin bosh murabbiy Stoymirovichning kursisi qimirlab qoldi, degan gaplar ham yo‘q emas. “Loko”ni endi durang ham qoniqtirmaydi. O‘yin bo‘yicha “Surxon” yaxshiroqdek ko‘rinmoqda. Qolganini o‘yin kuni bilib olamiz.
Fikrlar