Gap yurakda ekan! Roberto Karlos 40 daqiqa o‘rniga 3 soat operatsiya qilindi
Futbol olamining eng mashhur insonlaridan bo‘lgan Roberto Karlos Braziliyada yurak bilan bog‘liq muammolar sabab shifoxonaga yotqizildi. Bu haqida AS nashri xabar bermoqda.
Tekshiruvlar davomida shifokorlar uning oyog‘ida tromb aniqlashdi. Butun tana MRT tekshiruvidan o‘tkazilganda, sobiq futbolchining yuragi to‘liq va to‘g‘ri ishlamayotgani aniqlandi.
Roberto Karlos zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun kasalxonaga yotqizildi. Ammo asoratlar tufayli operatsiya 40 daqiqa o‘rniga uch soat davom etgan. Qayd etilishicha, futbolchi kamida 48 soat davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi.
- Hozir ahvolim yaxshi, men shifokorlarning qat’iy nazoratidaman, - dedi Roberto Karlos jarrohlik amaliyoti natijasi ijobiy ekanini bildirib.
Roberto Karlos 1996–2007 yillar davomida “Real” safidagi o‘yinlari bilan mashhur. Madrid klubi tarkibida u to‘rt marta Ispaniya chempioni bo‘lgan va uch marta Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan. Braziliya milliy terma jamoasi bilan esa 2002 yilda jahon chempioni bo‘lgan.
2011-2012 yilgi mavsumda Roberto Karlos O‘zbekiston futboli fahri Odil Ahmedov bilan birga Rossiya Premier-ligasida “Anji” klubi sharafini himoya qilgan.
Hozir Roberto Karlos “Qirollik klubi” tuzilmasidagi lavozimlardan birini egallab turibdi.
Fikrlar