Asosiy mazmunga oʻtish

Jahon chempionati. 6 nafar bokschimiz finalga yo‘l oldi!

Javohir Malikov
Izohlar: 0

Chernogoriyaning Budva shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining yarim final bahslari start oldi

Chernogoriyaning Budva shahrida davom etayotgan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining yarim final bahslari start oldi.

Birinchi bo‘lib, -70 kg vazn toifasidagi vakilamiz Maftuna Yangieva ringga ko‘tarildi. U jazoirlik Xanana Kainanega qarshi bahs yuritdi. Jang mobaynida aqilli va tartibli harakat qilgan Yangieva 5:0 hisobida zafar quchib, finalga yo‘l oldi.

-70 kg vazn toifasidagi vakilimiz Zulfiqor Adhamjonov yarim finalda qozog‘istonlik Bibaris Ashirbay bilan kuch sinashdi. Murosasiz kechgan bellashuvda hamyurtimiz 1:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi va Jahon chempionatini bronza medali bilan yakunladi.

-85 kg vazn toifasidagi vakilimiz Sardorbek Bahromxo‘jaev yarim finalda kubalik Xulio Chibas bilan kuch sinashdi. 1 raundda Bahromxo‘jaev, 2 raundda Chibas ochkolar bo‘yicha ustunlikka erishdi. Hal qiluvchi raundda esa Sardorbek raqibiga nisbatan faolroq harakat qilib, g‘alabani ilib ketdi va finalga yo‘l oldi. Yakuniy hisob 3:2 ko‘rinish oldi!

-48 kg vazn toifasidagi vakilimiz Muxtasar Alieva yarim finalda yaponiyalik Hiyori Mikiga qarshi ringga ko‘tarildi. Qizg‘in kurashlarga boy o‘tgan to‘qnashuvda Muxtasar munosib jang o‘tkazdi. Biroq yakunda hakamlar yaponiyalik bokschining g‘alabasini e’tirof etishdi. Yakuniy hisob 0:5 ko‘rinish oldi. Shu tariqa Muxtasar bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

-51 kg vazn toifasidagi vakilimiz Nazokat Mardonova yarim finalda qozog‘istonlik Madira Jumakan bilan bahs olib bordi. Butun jang mobaynida ajoyib harakat qilgan Mardonova ikki bora referini hisobni ochishga ham majbur qildi. Yaunda vakilimiz 5:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va final yo‘llanmasini naqd qildi. 

-75 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Suhrob Rahmatullaev ham yarim final bahsida ringga ko‘tarildi. Unga irlandiyalik Jason Velan raqiblik qildi. Suhrob bu jangda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 5:0 hisobida g‘alabaga erishib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi. 

-90 kg vazn toifasidagi vakilimiz Asadbek Sultanboev yarim final jangida angliyalik Albe Dovellga qarshi ringga ko‘tarildi. Birinchi raundda 5:0 hisobida ustun kelgan Sultanboevga ikkinchi raundda 3 marta qoidabuzarlikni amalga oshirgani uchun raqib diskvalifikatsiya qilindi. Shu tariqa Asadbek ham finalga yo‘l oldi.

+90 kg vazn toifasidagi vakilimiz Islom Salihov ukrainalik Volodimir Derkachga qarshi final yo‘llanmasi uchun bahs olib bordi. Salihov to‘liq 3 raund davomida raqibidan barcha jihatdan ustun ekanini namoyish etib, yakunda 5:0 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa O‘zbekiston 6 nafar bokschi bilan finalga yo‘l olmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Boks federatsiyasi xabar berdi.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Telegram'dagi kanaliga a’zo bo‘ling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q