"Golli uzatma berish gol urganimdan yaxshiroq, TsSKAga qarshi ajoyib o‘yin bo‘ladi" - Sardor Azimov
“Andijon” jamoasining iqtidorli yarim himoyachilaridan biri Sardor Azimov hozirda bor e’tiborini klubi bilan yangi mavsumga tayyorgarlikka qaratgan.
Turkiyaning Antaliya shahrida davom etayotgan o‘quv-mashg‘ulotlari davomida bu futbolchi ham o‘z ustida tinmay ishlayapti. Quyida uning bir qator masalalar bo‘yicha bildirgan fikrlari bilan tanishasiz.
Turkiya yig‘inidan ko‘zlangan asosiy maqsad
- 24 yanvardan Turkiyadagi yig‘inimiz boshlandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, texnik, taktik va to‘plar bilan ishlab yaxshi nazorat olib borish. Bu erda kuniga ikki mahaldan shug‘ullanyapmiz. Kuni kecha Janubiy Koreya yoshlariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Dam olish kunlarisiz mashg‘ulotlarimiz davom etyapti. Yig‘indan yana bir asosiy maqsadimiz, jamoaviy o‘yinni shakllantirish hamda chempionatga yuqori darajada tayyorgarlikni davom ettirish.
Janubiy Koreya U-23 terma jamoasiga qarshi o‘yin to‘g‘risida
- Ushbu uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsam, menda koreyslarning qanday o‘yin ko‘rsatishi haqida taassurot bor edi. Ular men kutgandek o‘yin namoyish qilishdi. Lekin ular bizga qaraganda ancha avvaldan tayyorgarlik ko‘rib kelayotgani bilindi. Bu esa bizni Turkiyadagi birinchi o‘yinimiz edi. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak, qayd etilgan 0:0 hisobi bizni qoniqtiradi. O‘yindan-o‘yinga yanada shakllanib boramiz va bu natijalarda ham aks etadi, deb o‘ylayman.

TsSKA bilan o‘yindan nima kutyapti?
- Biz natija uchun o‘ynamaymiz. Asosiysi, TsSKA kuchli raqib. Ular bilan har doim ham o‘ynayvermaysiz. Bu uchrashuvdan zavq olish mumkin va bo‘lajak bellashuvda kuchli hamda kuchsiz taraflarimizni bilib olamiz. Aytib o‘tganimdek, TsSKAga qarshi har doim ham o‘yin bo‘lavermaydi. Shunin uchun bor salohiyatimizni ko‘rsatamiz, deb o‘ylayman. Chunki bu ajoyib o‘yin bo‘ladi.
“Andijon”ning yangi mavsumdagi maqsadi qanday?
- Yangi mavsumdagi asosiy vazifamiz o‘tgan yilgi natijani yaxshilash. Shu bilan birga muxlislarimizni xursand qilish.

“Andijon”ning o‘tgan yilgi mavsum borasidagi ishtiroki xususida
- Menimcha, ko‘pchilik 2023 yilda 7-o‘rinni olishimizni kutmagandi. Biz boshqalarning ta’rifiga ko‘ra chaqilmagan yong‘oq bo‘ldik. Ammo o‘z saviyamizdan bir pog‘ona oldinga qadam tashlay olmadik. Negaki, shunday uchrashuvlar bo‘ldiki, bir qadam oldinga tashlash imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘yinlarda g‘alaba qozona olmadik. Xudo xohlasa, bu yil o‘tgan yilgi natijalarni yanada yaxshilamoqchimiz. O‘z uyimizda ham ochkolarni yo‘qotgan o‘yinlarimiz bo‘ldi. Agar yutganimizda kamida 4 yoki 5-o‘rinni olish imkoniyatimiz bor edi.
Shaxsiy natijalari to‘g‘risida
- O‘tgan yilgi shaxsiy natijalarimga kelsak, ancha yildan beri qilayotgan mehnatlarimiz samarasi deb o‘ylayman. Hamma narsa mehnat orqali keladi va albatta jamoaviy o‘yin. Jamoadoshlarim ham natijaga katta yordam berishdi. Muhimi, bu yilgi vazifam assistentlik natijamni yanada yaxshilash. Jamoaga ko‘proq foydam tegishini istayman. Muxlislarni g‘alabalar bilan quvontirishni xohlaymiz.
Azimovga gol urish yoqadimi yoki golga assist qilishmi?
- Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, o‘z pozitsiyamdan kelib chiqib, men uchun golli uzatma berish gol urganimdan ko‘ra yaxshiroq. Chunki gol urishni amalga oshiradigan futbolchilar bor va bu ularning ishi. Meni vazifam esa golga uzatma berish.

Ilk turda qaysi raqib bilan o‘ynashni istaydi?
- Birinchi o‘yinni o‘z uyimizda o‘ynaganimiz yaxshi, deb o‘ylayman. Nima bo‘lsa ham bu birinchi uchrashuv. Menimcha, stadioni ta’mirlanayotgan klublardan biri bilan o‘ynasak kerak. “Qizilqum”, ”Dinamo” yoki “Surxon”. Shu uchalasidan biri bilan ilk turda to‘qnash kelsak ajab emas. Hozir “Bobur Arena” to‘liq standartlarga javob beradi. Shuning uchun birinchi o‘yinni o‘z uyimizda o‘tkazsak yaxshi bo‘lardi.
Muxlislarga qanday tilaklari bor?
- 2024 yilda jamoamiz muxlislaridan yanada quvnoq va shiddatliroq qo‘llab-quvvatlashlarini kutyapman. Sir emaski, “Andijon” fan-klubi O‘zbekistonda birinchi raqamli. Shuning uchun bu mavsumda ishqibozlarimiz doimgidek faol tarzda futbolchilarni olqishlashadi. Ularga sog‘lik-salomatlik tilayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar