Gvardiola: "Bernardu "Siti"dagi eng muhim futbolchilarimdan biri"

  • 11.04.2026 14:53
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola jamoa sardori Bernardu Silva haqida yana bir bor yuqori fikr bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis portugalikiy yarim himoyachining kelajagi hali aniq emasligini aytgan bo'lsa-da, uni o'z davridagi eng ishonchli futbolchilardan biri sifatida ta'rifladi.

Bernardu Silva yozda shartnomasi yakunlangach klubni tark etishi kutilmoqda. U 2017 yildan buyon "shaharliklar" safida o'ynab kelmoqda va shu vaqt ichida 450 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning sovrinlari orasida 6 ta Angliya Premier-ligasi bosh sovrini, YEChL, klublar o'rtasidagi jahon chempionati, 2 ta Angliya kubogi va 5 ta Liga kubogi bor.

Gvardiola jamoaning 2024/25 yildgi kutilganidek o'tmagan mavsumi ortidan aynan Bernarduni sardor etib tayinlaganini eng to'g'ri qarorlaridan biri deb atadi.

"Bu mavsumda qabul qilgan eng yaxshi qarorim shu bo'ldi.

Jamoa doim birinchi o'rinda turadi. Bazida siyosatchilar ham shunday deyishadi, ammo keyin bu amalga oshmaydi. Bernarduda esa bu gap amalda ham shunday — u uchun jamoa hamisha birinchi.

O'tgan mavsum eng og'irlaridan biri bo'ldi, ammo u doim shu yerda edi: o'yini va mashg'ulotlarda namuna ko'rsatib, yetakchilik qildi", — dedi Gvardiola.

Murabbiyning ta'kidlashicha, Silvaning eng katta ustunligi uning universalligi va barqarorligi hisoblanadi.

"U barcha jihatlarda juda kuchli. Ko'p o'yin o'tkazadi. To'qqiz yildan beri birgamiz va u deyarli jarohat olmadi, maydondan chetda qolmadi.

U turli pozitsiyalarda o'ynay oladi, juda aqlli va har bir vaziyatda o'yin nima talab qilayotganini tez anglaydi", — dedi u.

Gvardiola 31 yoshli futbolchini gol va assistlardan ham ko'ra ko'proq jihatlari uchun qadrlashini aytdi.

"Men futbolchilarni qiyin vaziyatlarda baholayman. U esa doim oldinga chiqib, jamoaga yordam berishga tayyorligini ko'rsatadi.

U biz uchun ajoyib transfer bo'ldi. Men bu klubni juda yaxshi ko'raman va agar u faoliyatini shu yerda yakunlasa, juda xursand bo'lardim. Lekin hozircha hech narsa bilmayman.

Qarorni uning o'zi qabul qiladi va keyin klub, ommaviy axborot vositalari hamda muxlislarga e'lon qiladi. Bu uning shaxsiy qarori", — deya yakunlandi Gvardiola.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!