
Gvardiola xayrlashmoqchi bo‘lgan yigit “Siti”ning eng zo‘r o‘yinchisiga aylandi
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yozgi transferlar vaqtida portugaliyalik Bernardu Silvani boshqa jamoaga o‘tkazib yuborishga rozilik bergandi. Biroq, mavsumni yuqori saviyada o‘tkazayotgan iste’dodli yarim himoyachi ispaniyalik murabbiy fikrini o‘zgartirdi.
Bernardu Silva joriy mavsumda premer-ligada o‘nta uchrashuvda uchta gol urib, bitta golli pas oshirdi. Uning gollari jamoasiga “Lester”, “Byornli” va “Manchester Yunayted” ustidan g‘alaba keltirdi.
Endi Xosep Gvardiola 27 yoshli shogirdini jamoaning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisi ekanini jar solmoqda.
- Agar uning hozir maydonda amalga oshirayotgan ishlarini inobatga olsak, u almashtirib bo‘lmas o‘yinchidir. Avvalgi ikki mavsumda Bernardu ko‘p o‘ynamadi, chunki hozirgi darajadagi o‘yinni namoyish eta olmagan edi. Ayni paytda nafaqat Evropa, balki butun dunyoda ham Silva qilayotganlarini uddalaydigan o‘yinchini topib bo‘lmaydi. Bernardu Silva maydonda oltita pozitsiyada to‘p tepishga qodir aqlli va ijodkor futbolchidir, - dedi Xosep Gvardiola.
Fikrlar