
Hakamlik borasida muammo Ispaniyada ham bor! La Ligada hakamlar "Vilyarreal"ni "Barselona"ga qarshi o‘yinda qanday "chopib" yubordi?
Ispaniya chempionati 15-turi doirasida "sariq suvosti kemasi" Xavi shogirdlarini qabul qildi. O‘yinni boshqarib borgan Sesar Soto Grado bahsning chinakam qahramoniga aylandi. Ish shu darajaga borib etdiki, bellashuvdan so‘ng murabbiylar mushtlashib ketdi. Keling, hammasi tushunarli bo‘lishi uchun boshidan boshlaymiz.
Avvaliga, bosh hakam yaqqol qizil kartochkaga tortuvchi qoidabuzarlikni o‘tkazib yubordi. Parexo Serxio Busketsga qarshi butsaning tag qismi bilan qo‘pol harakat qildi. Eng qizig‘i shundaki, epizod yakunlangach, Sezar Soto hatto, sariq kartochka ham ko‘rsatgani yo‘q.
Ko‘p o‘tmay, Grado Pike qo‘li bilan o‘ynagan vaziyatda penalti berishni istamadi. Vaholanki, u voqeaga juda yaqin turgan edi. Ushbu suratda Jerar haqiqatan to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani ko‘rinib turibdi.
VARdagi hakamlar esa, negadir bu vaziyatni takroran ko‘rishi uchun referini monitor oldiga chaqirmadi.
Uchrashuvdan so‘ng Pau Torres penalti bilan bog‘liq epizod haqida fikr bildirdi:
"Men Pike to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Hakamlar buni ko‘rish uchun atigi 2 daqiqa ajratishi kifoya edi. Ofsaydni aniqlash maqsadida 10 daqiqa uchrashuv to‘xtab turgan paytda, 100 foizli penaltini belgilamaslik uchun qanday vaj topish mumkin? Referi shunchaki hushtagini chalishi kifoya edi. Afsus, biz "Barselona" emasmiz! Shunday ekan, bizning foydamizga qaror qabul qilishlari shart emas!"
Yana bir bahsli vaziyat. Erik Garsiya o‘z jarima maydonchasi ichida Raul Albiolga qarshi qo‘pollik ishlatmoqda.
Hakamlar bu vaziyatda ham "Barselona" zarariga qaror qabul qilishni istamadi. Yakunda, "Barselona" mehmondan 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan ortga qaytdi. Koutino uchrashuvdagi so‘nggi golni 11 metrlik nuqtadan kiritdi.
O‘yindan keyin nima bo‘ldi?
Bahs yakunlangach, Unay Emeri Xavi uzatgan qo‘lni havoda muallaq qoldirdi. "El Mundo" nashrining ma’lum qilishicha, final hushtagi chalinishi bilan Emeri Xaviga qarata hakamlar yordamida g‘alaba qozonganini aytgan.
Bu so‘zlardan jaxli chiqqan Xavi munosabatlarga oydinlik kiritib olish maqsadida "Vilyarreal" kiyinish xonasiga yo‘l oladi. Kutilmaganda, uning oldiga raqib jamoa analitiki keladi va janjal boshlanib ketadi. To‘polon shu darajada kattalashib ketadiki, ishga politsiyachilar aralashishga majbur bo‘ladi.Bu bilan ko‘ngli to‘lmagan Emeri jangni media olamda ham davom ettirdi.
"Ayrim narsalar meni qo‘limda emasdi. Penalti berilmagan vaziyatni tushuna olmayapman. Buni kim tushuntirib bera oladi? Agar hakam hech narsani ko‘rmagan bo‘lsa, nega VARdagilar uni takroriy lavhani tomosha qilishga chaqirmadi? Albiolga qarshi Erik Garsiya qo‘pollik ishlatdi. Bu penalti edi! Hatto, Pike o‘z jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynasa ham jarima belgilanmadi. Bugun g‘alaba qozonish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qildik. Agar bizning futbolchimiz to‘pni qo‘li bilan shunday o‘ynaganida, referi bu lavhani kamida 5 marotaba tomosha qilar va yakunda, albatta, 11 metrlik nuqtani ko‘rsatgan bo‘lar edi".
O‘yindan keyingi matbuot anjumanini birinchi qismini "portlatgan" Emeri norozi ekanligini yashirib o‘tirmadi. Undan keyin savollarga javob bergan Xavi esa, ancha xotirjamlik namoyish etdi.
"Bu o‘yin juda og‘ir bo‘ldi. Tan olish lozim, bugun raqib bizdan kuchliroq futbol ko‘rsatdi. Hakamlik borasida hech qanday shubhali narsa ko‘zimga tashlanmadi. Ular nega bu qadar nafrat bilan fikr bildirayotganini tushuna olmayapman. Bu futbolning bir bo‘lagi. Undan fojia yasash shart emas".
Unaining asabiylashayotgani bejiz emas. Uning jamoasi Primeroda 12-pog‘onada bormoqda. Boz ustiga, "Vilyarreal" ustozi so‘nggi 5 yildan beri "Barselona"ni mag‘lubiyatga uchrata olmayapti.
Ya . U
Fikrlar