
Hamidjon Aktamov: Arveladze ayni damda Superliganing eng yaxshi murabbiyi
«Oltin izlovchilar» nomi ostida tanilgan «Qizilqum»ning o‘ziga yarasha muxlislari bor. Klub boshqaruvi esa Hamidjon Aktamov bilan bevosita bog‘liq. U avval klubda menejerlik qildi. Keyin esa rasman bosh murabbiy lavozimida ishlay boshladi. Shunga qaramay, Hamidjon G‘ulomovich klubning barcha ishlarida o‘zi bosh-qosh bo‘lib kelmoqda. Chunki jamoada ancha paytdan beri ishlab kelyapti va o‘zi ham murabbiy sifatida bir nechta bosqichlarni bosib o‘tdi. Orada esa unga nisbatan maqtovlar ham, tanqidlar ham bo‘ldi. Masalan, bu yilgi mavsum ham uning jamoasi uchun yaxshi boshlandi deya olmaymiz. Ammo eng yomoni ham emas.
Dastlabki 7 ta tur xususida
Superliganing 7 ta turi ham ortda qoldi. Ko‘pchilik mavsum boshlanmasidan avval chempionatning dastlabki 5-6 ta turi davomida jamoalarning o‘yin saviyasi bir xil bo‘ladi. Shundan keyin klublarning kuchi ko‘rinadi degan gaplarni ko‘p aytishgandi. «Qizilqum» esa ayni paytda 8 ochko bilan 9-o‘rinni egallab turibdi. Xo‘sh, endi jamoalarni o‘z saviyasiga qarab saralab olish mumkinmikin? Lekin navoiyliklar etakchisining bu boradagi qarashlari biroz boshqacha bo‘lib chiqdi.
- Hali ham barcha jamoalar bir xil holatda. Hali havo harorati u qadar isib ketgani yo‘q. Havo ancha isib ketganidan keyingina futbol o‘ynaydigan va o‘ynay olmaydigan jamoalar aniq bo‘lib qoladi. Ya’ni, bunday paytda kimning qanday o‘ynashi ko‘rinib qoladi. Hozirda esa havo harorati biroz salqinroq, o‘yinlar ham kechroq boshlanyapti. Shu bois 7 ta tur o‘tgan bo‘lsa ham barcha jamoalarni br xil deb hisoblayman. O‘zimizga keladigan bo‘lsam, bizda muammolar bo‘ldi. Tarkibimizdagi 70 foiz futbolchi turli darajada bemorga aylanishdi. Chunki yomg‘ir ham ko‘p yog‘di, mashg‘ulotlarimizni yomg‘ir ostida ham o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi. Bunday paytda bir qator o‘yinchilarimiz shamollab ham qolishdi. Shu tomonlama biroz qiynaldik. Mana, endi-endi hammasi yaxshi bo‘lib boryapti. Biroq hali ham tuzalib ketmagan o‘yinchilarimiz bor. To‘g‘risi, yigitlarimizga ob-havoning o‘zgarib turgani ko‘p ta’sir qildi. Chunki uch kunlab yomg‘ir yoqqan paytlari ham bo‘ldi. Baribir bunday paytda odamni ham bezdiradi-da.
Matbuot anjumanida aytilgan gaplar
Hamidjon Aktamov dangal va ochiq oydin gapirishi bilan ham e’tiborni tortadi. Yaqinda «Lokomotiv»ga qarshi uchrashuvdan so‘ng aytgan gaplari ko‘pchilik tomonidan chindan ham jiddiy va haqiqatdek qabul qilindi. Ayniqsa, tarkibimizda raqobat yo‘q, 11 nafar futbolchi doim maydonga tushayotgani uchun o‘z ustilarida ishlashmay qo‘ygan, qabilida bildirgan fikrlarini rostdan ham jiddiy tarzda aytganmidi? Bu masala bo‘yicha o‘ziga murojaat qildik.
- Raqobat yo‘q deb gapirmadim. Faqat zaxira o‘rindig‘imiz tor deb gapirdim. Ya’ni, bizda tajribali futbolchilar kam degan gaplarni aytdim.
Selektsiyada xato qilganmidi?
Shuningdek, Aktamov o‘sha matbuot anjumanida selektsiya masalasida xato qilganini ham aytgandi. Biz esa undan aynan qaysi tomonlama xato qilganini bilishga qiziqdik.
- Hozir bu haqida bir narsa deya olmayman. Oldimizda esa birinchi davraning yana oltita turi bor. Aslida esa jamoamning bunisini yaxshi yoki unisini yomon deya olmayman. O‘zi sanoqli futbolchilarimiz bor. Biz yaxshi niyatlar bilan ishlayapmiz. Balki vaqti kelib hammasi yo‘liga tushib ketar. Xafa bo‘lmang, bunga to‘liq javob bera olmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Nikaragualik futbolchi to‘g‘risida
«Qizilqum» tarkibiga mavsum boshida Ariagner Medina Smit degan legioner o‘yinchi qo‘shildi. Aytish mumkinki, O‘zbekiston chempionati tarixida ilk bor nikaragualik futbolchi to‘p surmoqda. Hozircha hujumchi hisoblangan Medina Smit «Qizilqum» safida ikkita gol urdi. Xo‘sh, u O‘zbekistondgi yangi hayotiga va futbolimizga qanchalik moslashib ketdi? Shu bois bosh murabbiy ushbu legioner haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Asta-sekin moslashib boryapti. Ammo hozircha unda barqarorlik yo‘q. Balki hali yoshligi uchun ham bir tekisda o‘ynay olmayotgandir. Biroq uning texnikasi va tezligi yaxshi. Futbol o‘ynashni biladi. Ko‘ramiz, unga ham vaqt kerak-da. Chunki bizga kelganiga endi ikki oy bo‘ldi.
Rossiyalik darvozabon nega zaxirada?
Shuningdek, «Qizilqum»da nikaragualik futbolchidan tashqari rossiyalik legioner Evgeniy Cheremisin ham bor. O‘tgan yili navoiyliklar tarkibiga qo‘shilgan darvozabon «Qizilqum» uchun juda muhim transfer bo‘lgandi. Ammo hozircha u zaxirada o‘tiribdi. Uning maydonga tushmayotgani raqobat bilan bog‘liqmi yoki murabbiyning ishonchini oqlay olmayaptimi? Aktamov esa quyidagicha javob qaytardi.
- Bu raqobat bilan bog‘liq. Ayni paytda Artyom Makosin zo‘r turyapti. Qaysi darvozabon o‘zini ko‘rsatsa, o‘shani maydonga tushiramiz-da. Hozirda Makosin bizning ishonchimizni oqlayapti.
Arveladze Aktamov uchun Superligadagi eng kuchli murabbiy
Hamidjon Aktamov chempionatimizda ishlayotgan iste’dodli mutaxassislardan biri. Uning futbolga o‘z qarashlari bor va muayyan fikrga ega. Qolaversa, hamkasblarining ishini ham kuzatib boradi. Shundan foydalangan holda undan ayni paytda Superligadagi eng kuchli murabbiy kim deb so‘radik.
- O‘ylaymanki, hamma bir xil. Kimnidir kuchli yoki kuchsiz deb aytib bo‘lmaydi. Lekin mahsuloti bor oshpaz ovqatni shirin pishiradi. Demak, ko‘p narsa mahsulotga bog‘liq. Hozirgi paytda esa eng yaxshi mahsulot «Paxtakor» bilan «Lokomotiv»da bor. Tan olish kerak, boshqa jamoalarga nisbatan ularning o‘yinchilari kuchliroq. Ularning murabbiylari ham shunga qarab ishlashyapti. Mana, «Paxtakor» Osiyo Chempionlar ligasida «Persepolis»ni yutdi. To‘g‘ri, bu vaziyatda murabbiyning mehnati ham bor. U jamoani yig‘adi, futbolchilarga ko‘rsatmalar beradi. To‘g‘risi, hozirgi paytda Shota Arveladzeni eng yaxshisi deb ayta olaman. U har tomonlama yaxshi ishlayapti. Tashkiliy tomondan ham ishni yaxshi yo‘lga qo‘ygan. Bizning murabbiylar ham qo‘lida hamma narsasi bo‘lsa shunday ishlay olishadimi? Bu degani hammasi mablag‘ga borib taqaladi. «Paxtakor» bilan «Lokomotiv»ni bemalol O‘zbekistondagi birinchi raqamli jamoalar deb ayta olamiz. Chunki ularda hech qanday qiyinchiliklar yo‘q. Hamma ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Futbolchilari faqat futbolni o‘ylashadi. Boshqa klublarda esa vaziyat qanday? Bugun puli bo‘lsa ertaga bo‘lmaydi. Yoki ertaga puli bo‘lsa indinga bo‘lmaydi. Bechora boshqalar mana shunday qilib ishlab yurishibdi. Bunday paytda murabbiy nima qilsin? Futbolchilarni ham oilasi, bola-chaqasi va orzu-havaslari bor. Faqat «Paxtakor» bilan «Lokomotiv»da barqarorlik bor, boshqasida esa yo‘q. Fikrimcha, chempionlik ikkala klubdan biriga nasib qiladi. Ularga boshqa birov yaqinlasha olmaydi. Ushbu jamoalarning darajasiga chiqish uchun esa faqat pul kerak.
«Qizilqum»dagi vaziyat haqida
Chindan ham «Paxtakor» bilan «Lokomotiv»da imkoniyat hamda sharoit boshqalarnikiga qaraganda yaxshiroq. O‘zi aytganidek, qolgan klublarda barqarorlik yo‘q. Qiziq, bu borada «Qizilqum»dagi vaziyat qanday ekan? Hamidjon Aktamovdan o‘z jamoasi haqida ham ushbu masala bo‘yicha fikr bildirishini so‘radik.
- «Qizilqum»da ham o‘ziga yarasha. Bizda ham yaxshi va yomon tomonlarimiz bor. Biz ham el qatoridamiz. Maqsadimiz esa mavsumni yaxshi o‘tkazish va yuqori o‘rinlardan birini egallash. O‘z o‘yinlarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilishni istaymiz.
O‘rtamiyonaga aylangan jamoa
3-4 yil oldin «Qizilqum» tarkibida har jihatdan raqobatbardosh jamoa tuzilgandi. O‘shanda klubning vazifalari ancha jiddiy bo‘lgandi. Biroq oxirgi paytlarga kelib navoiyliklar chempionatimizdagi o‘rtamiyona klublar qatoriga tushib qoldi.
- Bu o‘zimizning ichki muammolarimiz hisoblanadi. Ko‘p narsa baribir moliyaviy holatga borib taqaladi. Lekin bu futbolda bo‘lib turadigan vaziyat. Bizda ham akademiyalarimiz ishga tushib, hosil beradigan bo‘lsa, jamoamizda hammasi iziga tushib ketadi. Hozir esa chetdan yollanma o‘yinchilar olib kelib o‘ynatishga majburmiz. Hammasiga vaqt kerak, biror nima o‘zidan-o‘zi bo‘lib qolmaydi.
Bugungi Superliga to‘g‘risida
O‘zbekiston chempionati ikkinchi yildirki, Superliga nomi ostida o‘tkazib kelinmoqda. Bungacha yillar davomida oliy liga deyishga o‘rganib qolgandik va endi-endi Superligaga ko‘nikib boryapmiz. Yangilangan chempionatimizning bugungi holati qanday? O‘zgarish va o‘sishlar bormi? Hamidjon Aktamov ushbu masalaga quyidagicha fikr bildirdi.
- To‘g‘risini aytsam, Superligaga aylanganidan keyin umuman boshqacha o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘FA bilan PFL kelajakda klublar uchun badal pullaridan voz kechishmoqchi. Ular ko‘p masalalarda yordam berishyapti. Endi ortiqcha harajatlar yo‘q. Hakamlar ham o‘yinlarni o‘zlari xohlaganicha boshqarishmayapti. Ularni ham qattiq nazorat qilishmoqda. Bular haqiqat. Chempionatimizda topilgan va ko‘zga tushgan kamchilik tezda bartaraf etilyapti. Shuningdek, o‘yinlar televizorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatilyapti. Ammo buning o‘ziga yarasha ijobiy tomoni bilan birga salbiy jihati ham bor. Men o‘z ko‘zim bilan Evropa chempionatlari o‘yinlarini borib ko‘rganman. Bilasizmi, ularning futboli bilan bizning Superligamizdagi o‘yinlarda tezlik, sifat va saviya borasida ko‘pi bilan 20 foizgacha farq qilishi mumkin. Lekin bizning futbol bilan solishtirganda unchalik ko‘p farq qilmaydi. Ammo Evropada teletranslyatsiyalar o‘yinlarni juda chiroyli, sifatli qilib bo‘rttirib ko‘rsatishadi. Bizda esa teletranslyatsiyalarning sifati yaxshi emas. Bunday sifatsiz translyatsiya bilan chempionatimiz o‘yinlarini ko‘rsatmaslik kerak. Buning oqibatida xalq futboldan bezib ketmoqda. Chunki muxlis yuqori sifatdagi Evropa chempionatlarini ko‘rgach, televizorda o‘zimizning futbolni ko‘rgisi kelmay qolyapti. Bizda kameralar va boshqa texnik-uskunalar eski. Buning natijasida sifatsiz futbolni ko‘rsatishyapti. Keyin esa aybdor o‘zimizning o‘yinchilar bo‘lib qolishyapti. Lekin bu noto‘g‘ri. Agarda bizda ham teletranslyatsiyaning sifati zo‘r bo‘lib, oxirgi uskunalarni olib kelishsa, ishoning, chempionatimiz saviyasi oshganligi ko‘rinadi. Faqat Evropada futbolning havosi boshqacha. Boya aytganimdek, sifat va tajribada 20 foizgacha farqi kuzatilishi mumkin xolos. Mana, Namanganda «Navbahor» - «So‘g‘diyona» o‘rtasidagi o‘yin zo‘r muhitda o‘tdi. Agarda o‘sha o‘yinni sifatli kameralarda olib ko‘rsatishsa chempionlar ligasi darajasidagi o‘yinlardan aslo qolishmaydi. O‘z vaqtida PSJ ishtirokidagi o‘yinlarni stadionda ko‘rganman. Bir qarashda o‘zimizdagidek oddiy futbolga o‘xshaydi. Ammo u erda translyatsiyaning sifati ancha baland.
Stadionlarda muxlislarning kamayishi
Shu bilan birga stadionlarimizda muxlislarning tashriflarini u qadar ko‘nildagidek deya olmaymiz. Masalan, Navoiydagi stadionda ham negadir ishqibozlar kamayib boryapti. O‘ylaymizki, bu masalaga Aktamov ham befarq qarab turmayotgan bo‘lsa kerak.
- O‘yinlarni televizorda efirga uzatishayotgani uchun ko‘pchiligi stadionga bormasdan uyda yonboshlab olib ko‘rishyapti. Stadionlarda muxlislarning kamayishiga shu narsa ham ta’sir qilyapti deb o‘ylayman. Menimcha, o‘yinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga bermasdan, bir soatdan so‘ng qo‘yishi kerak. To‘g‘ri, Evropadagi stadionlarda muxlislar to‘ladi-ku, deyishingiz mumkin. Ammo bu boshqa masala. U erda marketing bo‘yicha yaxshi ishlashadi. Odamlarni stadionga jalb qilish orqali pul ishlashadi. Evropada marketing yaxshi rivojlangan. Bizda ham marketing sohasini kuchaytirishimiz kerak.
Fikrlar