
"Hamma narsani biladigan odamlar ko‘p"— Amorim Runining gaplariga javob qaytardi
"Manchester United" bosh murabbiyi Ruben Amorim Ueyn Runiga nisbatan kinoya bilan javob qaytardi va "tahlilchi bo‘lish oson" deb ta’kidladi.
Runi Amorimning "United"ning maqsadi Premer-ligani yutish bo‘lishi kerak" degan fikrini "nodonlik" deb atadi. Bu gaplar "Fulxem"ga Angliya Kubogining beshinchi bosqichida mag‘lub bo‘lgandan keyin aytilgan edi.
BBC telekanalida sharhlovchi sifatida ishlayotgan Runi shunday dedi:
"Menimcha, "Manchester Yunayted"ning hozirgi holatidan kelib chiqib, Premer-ligani yutishni maqsad qilish bir oz nodonlik, chunki ular hozir bu maqsaddan juda uzoqdalar".
Amorim Runining tanqidiga javoban shunday dedi:
"Bu bizning maqsadimiz (Premer-ligani yutish). Nodonlik – bu biz buni bu mavsum yoki keyingi mavsumdayoq uddalaymiz deb o‘ylash. Men hozir hamma narsani biladigan odamlar ko‘payganini tushunaman. Men ham futbolchilik faoliyatimni tugatgach, tahlilchi bo‘lganman, va bilaman – bu juda oson ish."
"Bizning maqsadimiz – Premer-ligani yutish. Balki bu men bilan emasdir. Lekin biz, klub va rahbariyat, "Manchester Yunayted" tarixidagi buyuk afsonalar singari chempion bo‘lishni xohlaymiz. Hozir biz qiyin davrni boshdan kechiryapmiz, lekin men nodon emasman. Aynan shuning uchun men 40 yoshimda "Manchester Yunayted"ni boshqarayotgan murabbiyman."
"Manchester Yunayted" so‘nggi marta 2013 yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan. Klub 1967 yildan 1993 yilgacha 26 yil davomida chempion bo‘lolmagan edi.
Runining murabbiylik faoliyati ham muvaffaqiyatli kechmadi. U "Birmingem" klubida atigi 83 kun ishlaganidan keyin iste’foga chiqarildi, shuningdek, "Plimut Argayl"da 23 o‘yinda bor-yo‘g‘i 4 g‘alaba qozonib, lavozimidan bo‘shatilgan edi.
Fikrlar