Hasanboy Do‘smatov: "Ehtimol, Amit Pangaldan ham kuchli raqiblar paydo bo‘lgandir"

  • 20 oktabr, 2021, 16:19
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, 24 oktyabrdan 6 noyabrga qadar, Serbiyaning poytaxti Belgrad shahri boks bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. 

Tecno

Mazkur jahon birinchiligida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi safiga -51 kg vazn toifasida Rio Olimpiadasi g‘olibi Hasanboy Do‘smatov ham jalb qilingan. 

Ma’lumki, Hasanboy Do‘smatovning havaskor boksdagi printsipial raqibi Hindiston vakili Amit Pangal hisoblanadi. Ularning qarama-qarshiligi 2:2 ko‘rinish olgan. Barcha ushbu jahon chempionatida ularning ehtimoliy 5-to‘qnashuvini kutayotgan bir pallada, Amit Pangal Hindiston terma jamoasi safiga kiritilmadi. Biz ushbu voqelik yuzasidan Hasanboy Do‘smatovning fikrlari bilan qiziqdik. 

- Havaskor boksda printsipial raqibingizga aylanib ulgurgan Amit Pangalning jahon chempionatida ishtirok etmasligiga munosabatingiz?

- Albatta, Amit yaxshi darajadagi bokschi. Ehtimol, Hindistonda bu vazn toifalarida undan kuchlisi paydo bo‘lgandir. To‘g‘risi, uni ishtirokini chin ko‘ngildan istgandim. Chunki, 2:2 hisobni o‘zimni foydamga oshirishga harakat qilib ko‘rardim. Lekin jahon chempionatida oddiy raqibning o‘zi bo‘lmaydi. Istalgan bokschidan xavf kutish mumkin.

- Amit Pangalni o‘rniga Dipak -51 kg vazn toifasida ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu bokschi bilan avval duch kelganmisiz yoki, umuman, Dipak haqida qanchalik ma’lumotga egasiz?

- U bilan jang qilmaganman. To‘g‘risi, ma’lumotga ham ega emasman. 

- Rossiya terma jamoasi safida Axtem Zakirov sizni vazn toifangizda ringga ko‘tarilishi aniq bo‘ldi. Yanglishmasam, u bilan duch kelgandingiz?

- Ha, albatta. Axtem Zakirov ham yaxshi saviyadagi bokschi. U bilan to‘qnashuvimizda g‘alabaga erishgandim. 

- Qozog‘iston tarkibida esa sizga ehtimoliy raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan bokschi Saken Bibosinov haqida qanday fikrdasiz?

- U so‘ngi Olimpiada sovrindori bo‘ldi. Jahon chempionatida ham bronza medalini qo‘lga kiritgan. U bilan hali duch kelmaganmiz. Yuqorida aytib o‘tganimdek, har bir raqib bor kuchini ishga soladi. 

- Asosan, -49 kgda harakat qilgansiz. To‘g‘ri, 52 kgda ham faoliyat olib bordingiz. Biroq, baribir -51 kg vazn toifasi siz uchun yangi hisoblanadi. Bu muammo emasmi?

- To‘g‘ri, yangi vazn toifasi. Lekin jahon chempionatiga yaxshi niyatlar bilan bormoqdaman. O‘ylaymanki, ijobiy natijalar bilan barchani xursand qilishga harakat qilaman. 

- Albatta, ushbu niyatingiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!

- Rahmat!

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Бухорий Шариф
22/10/2021 00:07
Ҳасанбойдан фақат чемпионликни кутамиз.