Hasanboy Do‘smatovning navbatdagi jangi qanday maqomda bo‘ladi?
Xabaringiz bor, 22 may kuni Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov professional boksda navbatdagi jangini o‘tkazdi.
U Meksikada maxalliy bokschi, mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Moyzes Gutteresga qarshi ringga ko‘tarildi va jangning 3-raundida nokaut bilan g‘alaba qozonib, muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirdi.
Albatta, yurtdoshimiz o‘z vazn toifasida reytingda tobora yuqorilashga erishmoqda va ushbu g‘alabadan so‘ng, uning chempionlik jangida ishtirok etish imkoniyati yanada oshishi aniq.
Biz bu borada bokschimizning o‘zi bilan bog‘lanib, navbatdagi jangi qanday maqomda bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Avvalo, mazkur g‘alaba bilan tabriklagan va qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Albatta, bu g‘alabamdan keyin imkoniyatlarim ancha oshdi. Ya’ni, chempionlik jangida ringga ko‘tarilishim mumkin.
Bu borada menejerlarim bilan gaplashdim. Ular navbatdagi jangim minimal vazn (47, 620 kg) toifasida WBA Super chempionlik kamari uchun bo‘lishi aniq ekanligini aytishdi va bu borada ishni boshlab yuborishganligini ham ma’lum qildilar. Hozirda ushbu chempionlik kamari sohibi tailandlik Tammanun Nomtrong hisoblanadi. O‘ylaymanki, muzokaralar ijobiy yakunlandi va ushbu nufuzli kamarini qo‘lga kiritishga harakat qilaman.
Eslatib o‘tamiz, Hasanboy Do‘smatov professional boksda 5 ta jang o‘tkazdi va barchasida g‘alaba qozongan.
Fikrlar