"Hech bo‘lmaganda durang uchun maydonga tushgandik" - "Mash’al" ustozi Qarshidagi sensatsion g‘alabadan keyin yana nimalarni aytdi?

  • 09.11.2025 00:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Superliganing 28-turidagi voha derbisida kutilmagan natija kuzatildi. Chempionlik uchun kurashayotgan “Nasaf” o‘z maydonida “Mash’al”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. Ushbu bellashuvdan so‘ng muborakliklar bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yinni qiyin bo‘lishini bilardik. “Nasaf” kuchli jamoa, kuchli murabbiy va kuchli futbolchilarga ega. Ularga ham ochko kerak va biz ham o‘z mavqeimizni saqlab qolgan holda bir ochko uchun bo‘lsa ham kurashdik. Qiyin bo‘lishini bilgan holda maydonga chiqqandik. Ko‘proq qarshi hujumda harakat qildik. “Mash’al” muxlislarini, futbolchilarini g‘alaba bilan tabriklayman. Oxirigacha chidab berishdi.

- Oldingi intervyularingizdan birida Qashqadaryo chempion bo‘lishini xohlaymiz, degandingiz.  Shu haqida fikringiz.

- Unday intervyu bermagandim. Har bir Qashqadaryo ahli yoki futbolchi, murabbiy baribir Qashqadaryoda qolishni xohlaydi. Qashqadaryolik bo‘lganligimiz uchun aytgandik. Agar farg‘onalik muxlis yoki murabbiydan so‘rasangiz ular Farg‘onada qolishini xohlashadi. Meni gapimni noto‘g‘ri yozishgan. “Nasaf” o‘z kuchi bilan, “Neftchi” o‘z kuchi bilan, kimni omadi kelsa chempionlik uchun kurashishini aytganmiz.

- “Mash’al”ni oxirgi turlardagi o‘yinlariga qarasak, bu safar noodatiy tarkib tushdi. Bir qator jamoaning asosiy tarkib o‘yinchilariga dam berib, yoshlarga imkoniyat berdingiz. Balki ikkinchi bo‘limda etakchilarni qo‘shilishi g‘alabaga olib kelgandir. Bu strategiya alohida mashg‘ulotlar davomida shakllandimi yoki futbolchilar o‘yinga unchalik tayyor emasmidilar?

- To‘g‘ri savol. Buni taktika bilan bog‘lasak ham bo‘ladi. Birinchi taymda muvozanatni saqlashimiz kerak edi. Ikkinchi bo‘limda esa ko‘proq tajovuzkor hujumga chiqishimiz lozim edi. Shunga tayyorlangandik. “Nasaf” o‘z uyida o‘ynayapti va hujumga ko‘proq o‘tadi. Bizda qarshi hujumda vaziyat bo‘lishi mumkin edi. Shuni inobatga olib, ushbu qarorga keldik. Sardor Abduraimovni biroz jarohati borligi uchun o‘yinni zaxiradan boshladi. Yoshlar baribir qachondir shunday saviyada o‘zini ko‘rsatishi kerak. Kim o‘yinga tayyor bo‘lsa, shunga qarab tarkib tuzamiz.

- Ikki o‘yindan beri Islom Baratov ko‘rinmayapti.

- Uni sog‘ligi bilan muammo bor.

- Umar Aminuni harakatlarini qanday baholaysiz?

- U kreativ futbolchi. Yaxshi jihatlari juda ko‘p. Oyog‘ida jarohati borligi uchun zaxirada ushladik. Kerakli vaziyatlarda to‘pni saqlay oladi va ajoyib ravishda jamoadoshlariga to‘pni etkazib bera oladi. Uni xususiyatlari bizga yoqadi. Shuning uchun futbolchini ikkinchi bo‘limga saqlab qo‘ygandik. Ko‘proq undan foydalanish niyatimiz bor edi va o‘ylagan rejamiz amalga oshdi, deb o‘ylayman.

- Bugungisi voha derbilari tarixidagi eng qattig‘i bo‘ldimi?

- Bosh murabbiy sifatida o‘zim uchun ha. Eng yaxshi o‘yinlarimizdan biri va eng yaxshi Qashqadaryo derbisi degan bo‘lardim.

- Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro stadionlarga borib chempionatimiz o‘yinlarini kuzatdi. Superlagimizga e’tibor qaratsak, favorit hisoblanganlar ochko yo‘qotishyapti. Masalan, “Buxoro” “Neftchi” bilan durang o‘ynadi. “Paxtakor” Qo‘qonda ochko yo‘qotdi. “Mash’al” “Nasaf”ni yutdi. Kannavaroni o‘yinlarni kuzatishi futbolchilarga ta’sir qildimi?

- Har bir jamoada o‘zini ko‘rsata olmay yurgan futbolchilar bor. Terma jamoa murabbiyi kelsa xohlaymizmi-yo‘qmi, murabbiy ham, futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qiladi. Hammani orzusi terma jamoada ishlash, u erda to‘p surish. Meni ham orzuim shu. Bu albatta futbolchilarga ta’sir qiladi. Ushbu holat foydamizga yoki qaerdadir zararimizga ishlashi mumkin. Masalan, bosh murabbiy “Xorazm” bilan o‘yinimizga keldi. O‘zimizni ko‘rsatishni xohlagandik, ammo uyimizda yutqazib qo‘ydik. Qaerdadir yomon tomonga ta’sir qilishi mumkin. Baribir foydasi bo‘ladi.  

- Uchrashuv sizni rejangiz asosida o‘tdimi yoki tasodif bo‘ldimi?

- Tasodif deb bo‘lmaydi. Bu o‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. Biz ikkinchi jamoa bo‘lib harakat qilishga tayyorlangandik. “Nasaf”ni o‘yinlarini tahlil qilgandik. Bizga vaqt bor edi. Raqibni hurmat qilgan holda hech bo‘lmaganda bir ochko uchun maydonga tushgandik. Omadimiz keldi, g‘alaba qozondik. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!