"Hozirdanoq chempion bo‘lamiz deyish noto‘g‘ri" - Umar Eshmurodov "Ahal"ni o‘rganish nega qiyin bo‘lgani, Katanetsning tashrifi va boshqalar haqida

  • 26.08.2021 18:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Kecha Qarshining “Nasaf” klubi o‘z maydonida OFK Kubogi doirasida Turkmanistonning “Ahal” jamoasini qabul qilib 3:2 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritganini yaxshi bilasiz. “Nasaf” guruh bosqichida Markaziy Osiyo jamoalarini engib keyingi bosqichga chiqqandi. Bu safar Markaziy Osiyo finali deya ta’rif berilgan “Nasaf” – “Ahal” jamoalari o‘zaro bellashdilar. O‘yin o‘z nomiga yarasha qizg‘in va gollarga boy o‘tdi.

“Nasaf” futbolchilari g‘alaba uchun yaxshigina ter to‘kdilar. Bunday muhim uchrashuvda o‘ziga yarasha bosim ham bo‘lishi tabiiy. “Nasaf” klubi sardori Umar Eshmurodov boshchiligidagi mudofaa chizig‘iga ham ko‘p narsa bog‘liq edi. Garchi o‘yin qiyin o‘tganiga qaramasdan mezbonlar muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyin jamoa etakchilaridan biri Umar Eshmurodov bilan bog‘landik. Uni g‘alaba bilan tabrikladik va uchrashuv to‘g‘risidagi fikrlari bilan qiziqdik.    

- Tabrik uchun rahmat. Ko‘rgan bo‘lsangiz, biz “Ahal”ga qarshi o‘yinni yaxshi boshladik. Birinchi bo‘limda to‘liq ustunlikka erishdik. Biroq ikkinchi bo‘limda o‘sha ustunligimizni raqibga berib qo‘ydik. Futbol shunday o‘yinki, unda biroz bo‘shashib qoldingizmi, darhol jazolaydi.

umar3

“Nasaf” uchun o‘yin yaxshi boshlandi-a? Tanaffusga qadar mezbonlar javobsiz ikkita gol urdi. O‘yindagi voqealar go‘yoki, qarshilik futbolchilar raqibini katta qiyinchiliksiz taslim qiladigandek tasavvur uyg‘otgandi. Biroq ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgarib ketdi. “Ahal” jamoasi mezbonlarning ojiz nuqtalarini topa oldi va birin-ketin ikkita gol urdi. Bu “Nasaf” uchun jiddiy holatdagi ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Turkmanistonliklar yana boshqa imkoniyatlarni ham yaratdilar. Ammo “Nasaf” bir amallab bo‘lsa ham baribir g‘alaba golni urdi. Aslida mezbonlar bu raqibini qanchalik o‘rgangandi? Bu xususida Eshmurodov o‘z fikrlarini bildirdi.

- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, raqib jamoani o‘rganish jarayoni qiyin bo‘ldi. Chunki Turkmanistonda chempionat to‘xtatilgan. Shu sababli biz bu raqibimizning faqatgina OFK Kubogidagi o‘yinlarini ko‘rib chiqa oldik, xolos. Umuman olganda, “Ahal” yaxshi jamoa ekan. Turkmanistonlik futbolchilar ayniqsa, jismoniy tomondan bizga yaxshigina qarshilik ko‘rsatishdi.

umar

“Nasaf” – “Ahal” ishtirokidagi uchrashuvga qiziqish katta bo‘ldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga taklif qilingan sloveniyalik Srechko Katanets ham ushbu bellashuvni bevosita stadiondan kuzatib borganini bilsangiz kerak. “Nasaf” sardori bilan muloqot davomida shu xususida ham so‘radik. Ya’ni, Katanetsning o‘yinni jonli kuzatishi “Nasaf” futbolchilarini yanada ruhlanishiga turtki bo‘ldimi?

- Rostini aytsam, u haqda o‘ylamadik. Bizning vazifamiz ushbu musobaqada uzoqroqqacha borish. Shuning uchun kim kelib tomosha qiladi, o‘yin to‘g‘risida kim qanday fikr bildiradi, bularga e’tibor berganimiz yo‘q. Biz faqat g‘alaba qozonish haqida o‘ylaymiz. Kichik hisobda yutamizmi yoki katta hisobdami farqi yo‘q. G‘alabaning katta-kichigi bo‘lmaydi va buning ahamiyati yo‘q. Qanday musobaqada qatnashishimizdan qat’iy nazar har doim g‘alaba uchun borimizni beramiz, - deya javob berdi, Eshmurodov.

“Nasaf” Superliganing oxirgi turlarini omadsiz o‘tkazdi. Natijada kerakli ochkolarni yo‘qotdi. Shundan so‘ng, qarshiliklar asosiy e’tiborini OFK Kubogiga qaratgani xususida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bu borada “Nasaf” sardori shunday dedi:

- Yo‘q, biz har bir uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. To‘g‘ri, ba’zi paytlarda o‘yinimiz yaxshi chiqmasdan ochko yo‘qotayotgan bo‘lishimiz mumkin. Ammo biz hech qaysinisini ikkinchi rejaga tashlaganimiz yo‘q. O‘zbekiston chempionati, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogidagi har bir o‘yinga jiddiy qaraymiz.

Ma’lumki, “Nasaf” 10 yil muqaddam OFK Kubogi sohibiga aylangan. Ikkinchi bor yana ushbu musobaqada g‘olib chiqish uchun “Ajdarlar”da yaxshi imkoniyat mavjud. O‘z navbatida Umar Eshmurodov “Nasaf”ning imkoniyati to‘g‘risida quyidagilarni aytdi:

umar2

- Albatta, ishonch bor. Kubokni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz. Lekin hozirdanoq chempion bo‘lamiz deb aytish ham noto‘g‘ri bo‘lardi. Raqiblarning ham saviyasi yomon emas.

Endi “Nasaf” jamoasini chempionat doirasida 29 avgust kuni “Navbahor”ga qarshi og‘ir bellashuv kutyapti. E’tibor bergan bo‘lsangiz, qarshiliklar ikkinchi davra boshidan beri birin-ketin qiyin raqiblarga qarshi maydonga tushyapti. “Ahal”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng, “Nasaf” futbolchilari “Navbahor” bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yingacha har tarafdan tikalana olarmikin?

- Ha, to‘g‘ri, bizni yana bir jiddiy o‘yin kutib turibdi. O‘ylashimcha, “Navbahor” bilan bo‘ladigan bellashuvga tiklanishimiz qiyin bo‘lmaydi. O‘yinlar orasida 4-5 kunlik muddat normal holat. Jamoamizda moliyaviy holat ham yaxshi, - deydi Umar Eshmurodov.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!