
Husanov, Yamal va Bellingem – ular birga
Abduqodir Husanov faoliyatini Evropa ligalarida davom ettirayotgan o‘zbekistonlik legionerlar orasida nomi eng ko‘p tilga olinayotgan o‘yinchiga aylanib bormoqda.
Frantsiya chempionatidagi yorqin va ishonchli o‘yinlari orqali “Lans”ning asosiy himoyachisi darajasiga ko‘tarilgan 20 yoshli futbolchimiz butun Evropaning e’tiborini o‘ziga qarata boshladi.
Evropa top-chempionatlaridan hisoblangan Liga 1 dagi debyut mavsumini asosan zaxira o‘yinchisi sifatida o‘tkazgan legionerimiz mavsum boshida o‘ziga berilgan kichik imkoniyatdan maksimal darajada foydalandi.
Husanov Liga 1 va Evropa Konferentsiyalar ligasidagi uchrashuvlarda shu qadar yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatdiki, “Lans” bosh murabbiyi Uill Still shu paytga qadar jamoa himoya chizig‘i etakchisi Kevin Danso safga qaytgan taqdirda ikki zo‘r o‘yinchini bitta pozitsiyaga qanday joylash borasida murakkab boshqotirmaga echim topishi kerak bo‘ladi.
Abduqodir Husanovning mahorati nafaqat Frantsiya balki butun Evropada ham e’tirof etilayotganini statistika va tahlillarga ixtisoslashgan Sofascore markazining yangi ramziy jamoasi ham yana bir bor tasdiqladi.
Sofascore platformasi o‘z sayti orqali har oy yakunlariga ko‘ra, Evropaning 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilari ramziy terma jamoasini tuzib chiqadi. Bu gal ushbu terma jamoaga Abduqodir Husanov ham kiritildi va mashhur yulduzlar tarkibidan joy oldi.
Bu jamoada o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan “Real” pleymeykeri Jud Bellingem, “Bayer”ni ilk bor Germaniya chempioniga aylanishiga hissa qo‘shgan Florian Virts, jahon futboli yulduzi maqomiga ko‘tarilgan “Barselona” vakili Lamin Yamal, grand klublar nishonida turgan “Leyptsig” yarim himoyachisi Xavi Simons kabi yorqin futbolchilar bor.
Sofascore talqinidagi ramziy terma jamoa bilan quyidagi surat orqali tanishib olishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futbolning boshlang‘ich sir-asrorlarini “Bunyodkor” klubi akademiyasida o‘rgangan. Professional faoliyatini Belarus oliy ligasida “Energetik-BGU”ning himoyachisi sifatida boshlagan.
O‘zbek futbolining eng iste’dodli tarbiyalanuvchilaridan biri sifatida qaralayotgan Husanovni 2023 yilning yozida o‘sha paytdagi Frantsiya vitse-chempioni “Lans” transfer qildi.
Abduqodir Husanov Frantsiya chempionatida ishtirok etgan birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, Belarus chempionatidan Evropaning top-ligalariga yo‘l olgan birinchi o‘yinchi ham aynan Husanovdir.
“Lans”ga 100 ming evroga tushgan Abduqodir Husanovning bugungi kundagi transfer narxi 2,5 million evroni tashkil qilmoqda va bu ko‘rsatkich yana yangilanganda summa yanada oshishi kutilyapti.
Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Hozircha, 14 marotaba maydonga tushgan markaziy himoyachi mamlakatimizning bosh jamoasi mag‘lubiyatsiz seriyasiga o‘zining munosib hissasini qo‘shyapti.
Duel: Legionerimiz qozoqlarning 15 yillik orzusini chippakka chiqarishi mumkin...
Husanovga xushxabar!
Shomurodov endi Shvetsiyada o‘ynaydi!
Fikrlar