Husanov 300 baravar qimmatladi va uni olishga yangi da’vogarlar paydo bo‘ldi!
“Lans” rahbariyati jamoaning etakchi himoyachisiga aylangan Abduqodir Husanovni o‘z tarkibida saqlab qolishi ancha qiyin masalaga aylanadigan ko‘rinadi.
Qishki transferlar vaqti yaqinlashgani sari legionerimiz uchun kurashadigan jamoalar soni tobora ortib bormoqda va ularning maqsadi jiddiylashayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilyapti.

Sports.uz portali 20 yoshli himoyachiga Angliya Preme-ligasi klublari tomonidan qiziqish ortib borayotganini inobatga olib, ushbu mamlakat futbolini yoritayotgan nufuzli manbalarning o‘zbek o‘yinchisi haqida chiqarayotgan ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
“Chelsi” o‘z tarkibiga Angliya Premer-Ligasi tarixida ilk bor O‘zbekiston futbolchisini qo‘shib olishi mumkin. Bu Frantsiya chempionatida o‘ynayotgan “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov bo‘ladi. “Aristokratlar” Evropaning o‘ndan ziyod klublari “ov” qilayotgan bu futbolchini transfer qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
TEAM TALK:
“Chelsi” nishoniga tushgan 20 yoshli o‘zbek o‘yinchisi Frantsiyadagi ikkinchi mavsumiga kelib, 300 baravar qimmatlaydi. “Lans” uni 2023 yilning yozida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan 100 ming evroga transfer qilgandi. Endi bu himoyachi amalda 30 million evroga baholanmoqda.
Husanovni olish uchun navbatda turgan Evropa klublarining ro‘yxati sizni hayratga soladi. Xususan, bu ro‘yxatdan “Chelsi”, “Tottenxem”, “Nyukasl”, “Brayton”, “Vest Xem”, “Napoli”, “Atalanta”, “Pari Sen-Jermen”, “Marsel”, “RB Leyptsig”, “Bayer Leverkuzen” o‘rin olgan. Lekin bular bilan ro‘yxat yakunlangani yo‘q va u kengayishda davom etmoqda.
THE TELEGRAPH:
Bizning manbalarimizga ma’lum bo‘lishicha, Abduqodir Husanov uchun kurashda “Tottenxem”ning imkoniyati yuqori baholanmoqda. “Shporlar” Abduqodir timsolida ajoyib himoyachilari Miki van de Ven “kloni”ni ko‘rmoqda.
Ko‘pchilikni yosh markaziy himoyachiga nima uchun Evropaning grand klublari bunchalik qiziqib qolgani hayratga solmoqda.
Bunga javoban ta’kidlash lozimki, ko‘plab skautlar e’tiborini tortgan jihat Abduqodirning futbolda yuqori darajada qadrlanadigan o‘ziga xos xususiyatlari va talantidir. Xususan, bo‘yicha 186 santimetr bo‘lgan himoyachi juda baland sakraydi, yakkakurashlarda juda kuchli va uni engish mushkul. Bundan tashqari, Husanov markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, katta tezlikka ega. Abduqodir bu borada Evropaning eng tezkor himoyachilaridan biri bo‘lgan Miki van de Vendan umuman qolishmaydi. Ayrim jihatlari bo‘yicha niderlandiyalik hamkasbidan ustun ham.
Mayk MAGRAT:
Men ayni paytda Husanovga Angliya Premer-ligasidan ettita klub qiziqayotganini aniq bilaman. Frantsiya klubi o‘zbek futbolchisi transferidan kamida 25 million funt ishlab olmoqchi. Chunki Husanov hali yosh, o‘yini kuchayib boryapti, narxi muntazam ko‘tarilyapti.
Abduqodirni qo‘lga kiritishga, asosiy da’vogarlardan hisoblangan “Tottenxem” uni yanvarda transfer qilishni rejalashtirmoqda. London superklubi tez orada yakuniy qarorga kelishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” akademiyasida tarbiyalangan. Professional futbolchilik faoliyatini xorijda “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan. 2023 yilning yozida “Lans” bilan to‘rt yillik shartnoma imzolab, Frantsiya chempionatidagi birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi.
Fikrlar