
Husanovga yaxshi xabar!
Abduqodir Husanov Evropa chempionatlarida o‘ynayotgan eng iqtidorli 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar reytingida kuchli yuzlikdan joy oldi.
Italiya ommaviy axborot vositalari, xususan, Tuttosport 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarga beriladigan “Golden Boy” sovriniga bu gal da’vogarlik qilayotgan yuz nafar futbolchini e’lon qildi.
Ushbu ro‘yxatdan “Lans”ning 20 yoshli o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov ham joy oldi.
Markaziy himoyachi pozitsiyada o‘ynab kelayotgan legionerimiz yakunlangan mavsumda Frantsiya chempionati, UEFA Chempionlar ligasi va Evropa ligasida umumiy hisobda 16 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
Husanov “Golden Boy - 2024” tanlovida hozircha 87-pog‘onada bormoqda.
Joriy mavsumda ushbu tanlov g‘olibligiga da’vogarlar orasida “Barselona” yulduzi Lamin Yamal, “Benfika”dan Joau Nevesh, “Manchester Yunayted”dan Alexandro Garnacho, “Lill”dan Leni Yoro va PSJdan Uorren Zair-Emeri kabi taniqli o‘yinchilar bor.
“Lans” muxlislari Abduqodir Husanovning “Golden Boy - 2024” sovriniga da’vogarlar ro‘yxatiga kiritilganiga quyidagicha munosabat bildirdi.
Teitur62:
Bu yil Abduqodir Husanov uchun yangi chempionatga ko‘nikish davri bo‘ldi. Bundan buyon markaziy himoyachi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak.
Syl1362:
Bosh murabbiy Frank Xeyz Abduqodirni nega etarli darajada o‘ynamayotaniga tushunganim yo‘q.
Seb62:
Husanov kelajagi porloq o‘yinchi, lekin uni hozirgi etakchilar bilan taqqoslabbo‘lmaydi. U shiddatli o‘ynaydi, tajribasizligi tufayli ba’zan xatoga ham yo‘l qo‘ymoqda.
Jamoamizga Rafael Varan kelib, Husanovga ustozlik qilsa yaxshi bo‘lardi.
Olivier 6:
Agar o‘tgan yilgi transfer siyosatiga e’tibor bersak jamoaga Nil Al-Aynaui va Abduqodir Husanov singari hech kim tanimaydigan o‘yinchilar keldi. Bu transferlardan qoniqish hosil qilsak bo‘ladi.
Bass62:
Bu tanlov aql bilan qilingan. Hozir 20 yoshli Husanovdan o‘yinchidan tajribali futbolchilar darajasini talab qilib bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, “Lans” Abduqodir Husanovning transferi uchun Belarus chempionati vakili “Energetik-BGU”ga 100 ming evro to‘lagan edi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portalida kuni kecha yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, legionerimizning transfer summasi 2,5 million evroga ko‘tarildi.
Fikrlar