Igor Shkvirin terma jamoa haqida: "Yigitlarga qoyil, deya e’tirof qilish rasmiy uchrashuvlardagi yaxshi natijalarga yarashadi"

  • 01.10.2022 07:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Taniqli mutaxassislardan biri Igor Anatolevich Shkvirin garchi ayni paytda biror joyda ishlamayotgan bo‘lsa-da, yurtimizdagi futbol va undagi o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib kelmoqda. O‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassisning fikrlari doim ham qiziqarli bo‘lib kelgan. Shu bois undan milliy terma jamoamiz o‘tkazgan ikkita nazorat o‘yini, Katanetsning uslubi va chempionatimiz haqida o‘z munosabatini bildirishini so‘radik. 

“Hozir quvonishga erta”

- O‘rtoqlik o‘yini bejiz nazorat bellashuvi deb atalmaydi, - deya gap boshladi, Igor Anatolevich. - Bu rasmiy maqom emas. Buni yutish yaxshi. Ammo terma jamoaning haqiqiy kuchini rasmiy maqomdagi bahslar belgilab beradi. Bunday uchrashuvlarda bosim va ruhiyat ham o‘zgacha bo‘ladi. Albatta, terma jamoaning o‘rtoqlik o‘yinlaridagi ijobiy natijasi yaxshi, lekin baribir bu uning haqiqiy darajasini ko‘rsatib bermaydi. Xo‘p, o‘yinlarni yutdi. Bu orqali jamoa Osiyo Kubogi yo jahon chempionatiga boradimi, yo‘q! Terma jamoa zo‘r o‘ynadi, yigitlarga qoyil, deya e’tirof qilish rasmiy uchrashuvlardagi yaxshi natijalarga yarashadi. Hozir quvonishga erta.

igor1

Katanets haqida qanday fikr bildirishim mumkin?

- Men uni tanimayman, uchrashmaganman. Shu bois Katanets haqida qanday fikr bildirishim mumkin?! Boshqalarning umumiy fikri bilan kifoyalanmoqchi emasman. Bu to‘g‘ri emas, menimcha. Kishining qandayligi u bilan uchrashib, suhbatlashganingizdan keyin bilinadi. Ehtimol, mashg‘ulot jarayonini kuzatish orqali murabbiy haqida biror-bir to‘xtamga kelish mumkindir. Lekin bu ham haqiqiy tasavvurni bera olmaydi. Faqat yuzma-yuz o‘tirib gaplashgan chog‘ingdagina hammasi oydinlashib, uning qanday inson va qanday saviyadagi murabbiy ekanligi borasida tasavvur hosil qilasan. Katanets bilan gaplashgan taqdirimdagina bu borada batafsil javob qaytarishim mumkin bo‘ladi. Yana bir gap: agar Srechko Katanets natija ko‘rsatsa, u haqida hamma, jumladan men ham yaxshi mutaxassis ekan, deyishim mumkin. Buning aksi bo‘lsa-chi, atrofdagilarning bari uni tanqidlarga ko‘mib tashlaydi. O‘z navbatida rahbariyat kerakli natija qayd eta olmagan bosh murabbiydan voz kechib, o‘rniga boshqasini olib kelish payiga tushib qoladi. Qisqasi, bu savolingiz yuzasidan boshqa bir narsani qo‘shimcha qila olmayman.

igor3

“Hujum chizig‘imizda ham muammolar etarli”

- Barcha chiziqlarda muammolar bor! Muammolarni esa bartaraf qilish darkor. Terma jamoaga jalb etilgan yangi futbolchilar hozir yo‘qmi, tarkibda borlari bilan muammoni echish kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari bor. Biroq ular tarkibida milliy termaga tortadigan futbolchilar hali tayyor emas. Borlari bilan har bir chiziqda nimanidir o‘zgartirish kerak. Masalan, terma jamoaning himoyadagi o‘yini kishini xavotirga solib qo‘yadi. Hujum chizig‘idagi muammolar ham etarlicha. Muammolar ehtimol unchalik kuchli bo‘lmagan raqiblarga qarshi bellashuvlarda sezilmas, ammo kuchli raqib to‘g‘ri kelganda yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi. Yodingizda bo‘lsa, Mirjalol Qosimov terma jamoaga ustozlik qilgan damlarda jahon chempionatiga chiqishi uchun atiga bitta gol yoki bir ochkomi kamlik qilgandi, shundaymi? Qisqasi, zo‘r chiziqlarga ega bo‘lish uchun qattiq mehnat qilish kerak. Yakunda mana shunday holat kuzatilmasin desangiz ko‘proq gol urish kerak bo‘ladi. Bizda hozir hujum chizig‘ida Eldor Shomurodov boshqalardan yaqqol ajralib turibdi. Milliy chempionatdagi to‘purarlar orasida Temurxo‘ja Abduholiqov boshqalarga nisbatan ko‘proq – 11 ta gol urdi, chamamda. Lekin u ham legioner Cherandan ortda qolyapti. Cheran ketma-ket to‘rtinchi mavsum to‘purarlar bahsida etakchilik qilmoqda. Terma jamoada chetdan kelgan legioner emas, o‘zimiznikilar o‘ynashadi-ku! Bu bilan nima demoqchi ekanligimni o‘zingiz ham tushunib turgan bo‘lsangiz kerak.

“Shomurodov “Roma”da qoldimi, demak qandaydir maqsadi bor”

- Bu uning shaxsiy tanlovi. Ushbu masalada bir narsa deyishga ojizman. Ehtimol, Eldor “Roma”dan kuchsizroq bo‘lgan jamoada yaxshiroq o‘ynay olishi mumkindir. U “Roma”da qolishni istadimi, demak, qandaydir maqsadi bor. Balki Eldor o‘ziga ustozlik qilayotgan Mourinodan nimanidir o‘rganishni xohlayotgan bo‘lishi mumkin. Adashmasam, Mourinoning o‘zi ham o‘tgan mavsumda Shomurodov haqida gapirib, hujumdagi o‘yiniga biroz rang-baranglik etishmayotganini aytib o‘tgandi. Ko‘rinib turibdiki, portugaliyalik murabbiy Shomurodov o‘yinida kamchiliklarni sezgan. Joze Mourino – top murabbiy. Agar u Shomurodovning o‘yinidagi kamchiliklar bartaraf etilsa, ushbu shogirdini “Roma”ning boshlang‘ich tarkibida maydonga tushiradi. O‘z navbatida Eldordagi o‘zgarish O‘zbekiston terma jamoasi uchun yanada foydali bo‘lish shubhasiz. Uning saviyali futbolchi ekanligiga shubham yo‘q. Eldor “Rostov”da va milliy terma jamoaga kelgan paytlarida gollar urdi. O‘z ishini yaxshi bajara oldi. Bizga xuddi unga o‘xshagan hujumchilar kerak. Shomurodov ikkala oyoq va bosh bilan ham to‘pga yaxshi zarba bera oladi.

igor

“Paxtakor”, “Navbahor” va “Nasaf”da boshqalarga nisbatan imkoniyat ko‘proq”

- Intriga bor! Bu gap faqat Superligaga emas, balki pro ligaga ham tegishli. Chempionlik uchun bir nechta klubning da’vogarlik qilishi – bu juda yaxshi. Chempionlik uchun “Navbahor”, “Paxtakor” va “Nasaf”da boshqalarga nisbatan imkoniyat ko‘proq, chamamda. “Qizilqum” va AGMK ham o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Pro ligadagi intrigaga kelsak, “Andijon” bilan “Turon”da Superligaga chiqish uchun boshqalarga nisbatan yaxshi imkon yuzaga kelgan. Ularga “Buxoro” raqobat ko‘rsatishi mumkin. “Xorazm” bilan “Mash’al” klublari ham oxirigacha kurash olib borishsa kerak. Lekin Xorazm viloyati vakili bunga moliyaviy hamda infratuzilma tomonidan hali tayyor emas. Buning uchun ancha ishlar qilinishi kerak bo‘ladi. Yanglishmasam klub uy o‘yinlarini sun’iy maydonda o‘tkazib kelmoqda.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!