Ikki yulduz “Siti” himoyachisini oʻz jamoasiga oʻtishga koʻndiryapti
“Manchester Siti”da 2016 yildan beri to‘p tepib kelayotgan Jon Stounzning amaldagi shartnomasi 30 iyun kuni tugaydi. Tajribali futbolchi kelajagi borasida bir qarorga kelishi kerak.
“Shaharliklar” unga yangi shartnoma bermoqchi emas. Jarohatlar tufayli Stounz bu mavsum asosiy tarkibdan ancha uzoqlashdi. Lekin bu o‘yinchining xaridorlari borgan sari ko‘payib bormoqda.
Bundesliga chempioni “Bavariya” Jon Stounzni olish bo‘yicha amaliy harakatlarni boshladi. Bu haqida Caught Offside nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ushbu transferda Myunxen klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani (ilgari “Siti” sardori bo‘lgan) hamda Stounzning Angliya terma jamoasidagi do‘sti Harri Keyn muhim rol o‘ynashi mumkin. Ular mahoratli markaziy himoyachini Myunxenga kelishga ko‘ndirishga tayyor.
Jon Stounzda tanlash imkoniyati yetarli. 31 yoshli o‘yinchini “Atletiko Madrid” va “Milan” kabi grand klublar ham o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Fikrlar