"Inter Mayami" ilk bor MLSning eng qimmat klubiga aylandi

  • 11.02.2026 23:55
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Inter Mayami" tarixida ilk marta MLSning eng qimmat klubi deb topildi. "Sportico" nashri e’lon qilgan hisobotga koʻra, Lionel Messi toʻp surayotgan klubning umumiy qiymati 1,45 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Ma’lum qilinishicha, "Mayami" oʻz qiymatini 22 foizga oshirib, soʻnggi toʻrt yil davomida reytingda birinchi oʻrinni egallab kelgan "Los-Anjeles"ni (1,4 mlrd dollar) ortda qoldirdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, hozirda MLSda beshta klub qiymati 1 milliard dollardan oshgan. Ilk beslikdan shuningdek "Los-Anjeles G’elaksi" (1,17 mlrd dollar), Aleksey Miranchuk toʻp surayotgan "Atlanta" (1,14 mlrd dollar) va "Nyu-York Siti" (1,12 mlrd dollar) oʻrin olgan.

MLSdagi 30 ta klubning oʻrtacha qiymati 767 million dollarga teng boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 6 foizga, "Sportico" tomonidan 2021 yilda berilgan ilk bahoga nisbatan esa 39 foizga yuqori. Hisobotga koʻra, MLS klublarining umumiy qiymati 23 milliard dollarga yetgan.

Shu bilan birga, oʻsishga qaramasdan, MLS klublari hali ham NFL, NBA, MLB va NHL jamoalari qiymati bilan solishtirganda ancha ortda qolmoqda.

Barcha beshta liga orasida "Inter Mayami" 154 ta jamoa ichida 116-oʻrinni egalladi. Reyting peshqadamlar sifatida "Dallas Kovboys" (NFL, 12,8 mlrd dollar), "Golden Steyt" (NBA, 11,33 mlrd dollar) va "Los-Anjeles Rems" (NFL, 10,43 mlrd dollar) qayd etilgan.

MLSning 2026 yildgi muntazam mavsumi 21 fevral kuni "Los-Anjeles" va "Inter Mayami" oʻrtasidagi oʻyin bilan start oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!