Intrigasiz va intrigali o‘yinlar yoxud Superligada oxirgi tur

  • 28.11.2025 15:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Ertaga va indinga Superliganing 30-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Shu bilan chempionat o‘yinlari yakuniga etadi va pley-offga navbat beriladi.

Oxirgi turda chempionlikdan tashqari kumush va medal egalari, shuningdek, rasman ligada qolish uchun pley-offda qaysi klublarning ishtirok etishiga oydinlik kiritiladi.

29 noyabr

15:00. “Qizilqum” - “Sho‘rtan”

Navoiyda “Qizilqum” jamoasi chempionatning so‘nggi turini “Sho‘rtan”ga qarshi o‘tkazadi. Xabaringiz bor, g‘uzorliklar allaqachon ligani tark etib ulgurgan. “Qizilqum”da mavsumni 8-o‘rinda yakunlash imkoniyati bor. Lekin o‘yindagi intriga bo‘yicha u qadar yuqori tarzda o‘tishiga sabablar etarli emas.

15:00. “Nasaf” - “Dinamo”

Turning markaziy uchrashuvi Qarshida bo‘lib o‘tadi. Mana bu uchrashuvning intrasi ancha baland. Boisi, o‘rtaga medallardan birini egllash chiptasi tikilgan. Yutgan jamoa albatta kumush yoki bronzaga ega chiqadi. “Nasaf”ga aslida bronza uchun durang ham kifoya. Ammo mezbonlar uch ochko uchun oxirigacha kurashadi. Vadim Abramov jamoasi Qarshida bor kuch va imkoniyatini ishga solishi tayin. Oxirgi turlarda juda qimmatli ochkolarni boy bergan “Nasaf” ruhiy tushkunlikka tushib qolgan va bu “Dinamo” bilan bahsda bilinadimi yoki aksinchami, buni o‘yinda ko‘ramiz.

15:00. “Navbahor” - “Paxtakor”

“Paxtakor” ikkinchi o‘rinni saqlab qolishi uchun Namanganda albatta yutishi kerak. Agar ochko yo‘qotadigan bo‘lsa va Qarshida “Nasaf” g‘alaba qozonsa “Sherlar” kumush medaldan quruq qolishi mumkin. Namangandagi o‘yinda maydon egalari chempionatning so‘nggi turida muxlislari ko‘z o‘ngida g‘alaba bilan ularni xushnud etishni maqsad qilgan.

30 noyabr

15:00. “Qo‘qon-1912” - “So‘g‘diyona”

Bu o‘yin ayniqsa mezbonlar uchun juda muhim. “Qo‘qon-1912” ligada qolish uchun pley-offga qolib ketmaslik maqsadida albatta g‘alaba qozonishi shart. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, mezbonlarga g‘alaba nihoyatda zarur. “So‘g‘diyona”ga esa mavsum davomida barqarorlik etishmagandi. O‘tgan turda ular uyida mag‘lub bo‘lishdi. Qo‘qonliklar esa uch turdan beri yutolmayapti. Bu uchrashuvga qiziqish chakki emas.

15:00. “Xorazm” - “Neftchi”

O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan “Neftchi” oxirgi turda Urganchga yoshlar va aralash tarkib bilan keladimi yoki to‘liq asosiy tarkibni tashlaydimi? “Xorazm” jamoasi pley-offda qatnashishi aniq bo‘lib ulgurgan. Tashqaridan qaraganda, ushbu bahs shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tadigandek. Maydon egalari o‘yin oldidan mehmonlarga chempionlik yo‘lakchasini tashkil qilarmikin?

15:00. “Bunyodkor” - “Andijon”

Yutsa ham, yutqazsa ham chempionatni 5-o‘rinda yakunlashi oydinlashgan “Bunyodkor” “Andijon”ni qabul qiladi. Mehmonlarga faqat g‘alaba kerak. Shunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligada qolish imkoniyatini saqlab qoladi. Shuning uchun “Burgutlar” uch ochkoni qo‘lga kiritish ilinjida bor kuchini sarflaydi. Bu o‘yini kuzatish qiziq bo‘ladi, albatta.

15:00. “Buxoro” - “Surxon”

Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi “Buxoro” g‘alaba qozongan taqdirda ham baribir pley-offda o‘ynaydi. Agar “Andijon” va “Qo‘qon-1912” g‘alaba qozonib, “Surxon” yutqazsa u holda termizliklar pley-offga qolib ketishadi. Shuning uchun “Surxon”da mas’uliyat hissi ko‘proq. Bu ham o‘ziga yarasha qiziq o‘tadigan bahs, imkoniyatlar esa mutlaqo teng.

15:00. OKMK - “Mash’al”

Mirjalol Qosimov jamoasi chempionatni 6-o‘rinda yakunlaydigan bo‘ldi. So‘nggi turdagi natija esa endi olmaliqliklar uchun ahamiyatsiz, ya’ni, o‘ringa ta’sir ko‘rsatmaydi. “Mash’al”ga esa mezbonlarga qaraganda g‘alaba zarurroq. Unda ham muboraklikarning pley-offga qolib ketmasligi boshqa raqiblarning o‘yiniga bog‘liq. OKMK mavsumning oxirgi turida uyida muxlislariga g‘alaba tuhfa etgan holda yakunlashni maqsad qilgani aniq. Qolganini o‘yinda ko‘ramiz.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!