Isak jarohati "Liverpul"ni yangi qarorlar qabul qilishga majbur qilmoqda

  • 27.12.2025 17:24
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Liverpul"ning yozgi transfer kampaniyasi Aleksandr Isakning katta shov-shuv bilan jamoaga qo‘shilishi orqali ajralib turgan edi. Bu xarid "qizillar"ni Yevropa futbolida eng yuqori pog‘onaga olib chiqish maqsadida amalga oshirilgan. Biroq "Tottenxem"ga qarshi o‘yinda Isak jiddiy jarohat olgach, klub qisqa muddatli rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.

Ushbu jarohat mavsumning hal qiluvchi bosqichida bosh murabbiy Arne Slotni hujumda aniq tayanch futbolchisiz qoldirdi. "Liverpul" Isakning oz muddatda sog‘ayib ketishiga umid qilmoqda, ammo hozirgi asosiy vazifa — uning yo‘qligida yetarli hujum kuchini saqlab qolish.

Manbalarga ko‘ra, klub ichida bir qator yuqori saviyali futbolchilar nomzodi muhokama qilingan. Agentlar sohasiga yaqin manbalar bu haqida "CaughtOffside" nashriga ma’lum qilgan.

Xususan, Ivan Touni va Dušan Vlahovich eng yuqori darajadagi hujumchilar sifatida yuqori baholanmoqda. Ammo ular ko‘proq uzoq muddatli yechim sifatida ko‘rilmoqda, qishki transfer oynasi uchun tezkor variant emas.

Qiziq variantlardan biri sifatida "Pari Sen-Jermen" hujumchisi Gonsalu Ramoshni olti oylik ijaraga olish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. "Liverpul" Ramoshni qisqa muddatli yechim deb hisoblamoqda: u bosim ostida o‘ynay olishi va jarima maydonida to‘pni his etishi bilan Isak sog‘ayguncha jamoaga foyda keltirishi mumkin.

Shuningdek, mersisaydliklar ko‘p qirrali hujumchilar variantlarini ham muhokama qilgan. "Real" futbolchisi Rodrigo hamda "Pari Sen-Jermen" vingeri Bredli Barkola ijodkor, harakatchan futbolchilar sifatida tilga olinmoqda. Ular klassik "to‘qqizlik" emas, balki hujum chizig‘ining turli nuqtalarda samarali harakat qila oladigan variantlar sifatida qaralmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!