
Ishni buxoroliklarni xursand qiladigan transferdan boshlamoqchimiz - syurprizga tayyorlanayotgan Davron Fayziev yana qanday rejalar tuzyapti?
Saytimizni kuzatib borayotgan o‘quvchilar yaxshi bilishadiki, “Buxoro” klubiga rasman Davron Fayziev bosh murabbiy etib tayinlandi va mavsum oxiriga qadar shartnoma tuzdi.
Davron Oripovich bilan kelishganimizdek, u “Buxoro” bosh murabbiyi bo‘lganidan keyin sports.uz uchun ilk intervyusini berdi va yangi klubni qabul qilishi qanday yuz bergani, reja va maqsadlari haqida gapirdi.
- Ha, “Buxoro” bilan shartnoma tuzdim, yilning 31 dekabrgacha, - deya gap boshladi Fayziev, - Vazifamiz “Buxoro”ni Superligaga olib chiqish. Jamoa uchun yaxshi bir yangilik qilmoqchimiz. Shu bois muxlislarni xursand qiladigan transfer bilan ishni boshlamoqchimiz. Endi ish jarayonida hamma narsa bilan tanishib boraveraman. Birinchi o‘rinda “Buxoro”ning nima uchun bunday ahvolga tushib qolganining sababini bilishimiz kerak. Klub bazasi bilan ham tanishib chiqdim. Bu erda ishni to‘g‘rilab, hammasini yo‘lga qo‘yamiz, Xudo xohlasa.
- Bu taklif siz uchun kutilmaganda bo‘ldimi?
- To‘g‘ri, bu men uchun kutilmagan taklif bo‘ldi. Yangi yilgacha ham bunday bo‘lishi haqida o‘ylamagandim. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi. O‘zim ham o‘ylanib qoldim. Lekin menga shunchalik e’tibor qaratib, nomzodimni ko‘rib chiqishibdi. Klub rahbariyatiga rahmat aytaman. Ularning ishonchini qozonishga va oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilaman. Buxoroga kelib rahbarlar bilan gaplashdim, men uchun orqaga yo‘l yo‘q edi. “Qo‘qon-1912” klubiga, Baxtiyor Tolipov boshchiligidagi rahbariyatga va Baxtiyor Ashurmatovga minnatdorchilik bildiraman. Ayniqsa, meni to‘g‘ri tushunishgani uchun rahmat aytmoqchiman. Hali Qo‘qondagi jamoadoshlarim bilan xayrlasha olganim yo‘q. Bizning rejamiz o‘xshasa Farg‘onada “Hokim Kubogi” musobaqasida qatnashmoqchimiz. O‘shanda “Qo‘qon-1912” klubidagi hamma-hamma bilan xayrlashish niyatim bor. Balki qachonlardir yana ular bilan birga ishlash nasib qilar. “Qo‘qon-1912” klubi yuragimdan joy olgan ekan, baribir u erdan ketganim boshqacha his-tuyg‘ularni keltirib chiqaryapti. Ammo qo‘qonliklar bilan samimiy aloqani saqlab qolamiz, albatta. Ayniqsa, muxlislarga ham minnatdorchilik bildirmasam bo‘lmaydi. Hatto, ishonasizmi, hozir “Qo‘qon-1912” bilan xayrlashish haqida gapiryapmanu, lekin hayajonlanib ketyapman.
- “Buxoro” bilan qishki tayyorgarlik rejasi qanday tartibda o‘tkaziladi?
- 8 yanvardan Buxoro shahrida boshlaymiz. Rejamiz bo‘yicha Farg‘onada “Hokim Kubogi”da qatnashmoqchimiz. Undan keyin mashg‘ulotlarni Toshkentda davom ettirmoqchimiz. Mavsum boshlangunigacha poytaxtda tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Murabbiylar shtabida sizga kimlar yordam beradi?
- Deyarli aniqlashtirib oldik. Masalan, darvozabonlar murabbiyi Nurillo Habibov bo‘ladi. Jamoaga baribir Buxoro futboli uchun mehnati singgan insonlarni qaytarishga harakat qilyapmiz. Oldimizga jiddiy vazifa qo‘yilganida baribir Buxoro futbolini yaxshi biladigan mutaxassislar ham katta rol o‘ynaydi. Chetdan olib kelish har doim oson. Murabbiylar shtabida bizga shuningdek, Suhrob Qobilov bilan Mirislom Hasanov yordamlashishadi. Maslahatchi murabbiy ham bo‘ladi. Tez orada bunga ham aniqlik kiritamiz. Selektsiya bo‘yicha ham buxorolik yoshlarni yaxshi biladigan murabbiyni qo‘yamiz. Qolgani ish jarayonida bo‘laveradi.
- O‘tgan yilgi tarkibdan kimlarnidir olib qolmoqchimisiz yoki butunlay yangidan tuzasizmi?
- Birinchi o‘rinda mahalliy futbolchilar to‘p surishiga harakat qilaman. Qolganiga pozitsiyalar bo‘yicha ko‘rib chiqamiz. 8 yanvarda jamoa yig‘ilganida kim ketgan, kim kelganini ko‘ramiz. Hozircha faqat internetda, ijtimoiy tarmoqlarda “Buxoro”da o‘ynagan nomlarning unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa ketdi, degan xabarlarni o‘qiyapman. Ularga qarshilik qila olmayman. Bugundan ishga kirishdim.
- Baribir siz ham yangi futbolchilarni taklif qilish borasida selektsiya ishlarini boshlab yuborgan bo‘lsangiz kerak-a?
- Bu sir bo‘la qolsin. Yaqin kunlar ichida Buxoro xalqi va muxlislari uchun yangilik qilamiz. O‘sha siz aytgan transfer bo‘ladi. Hammasi hal bo‘lganidan keyin aytaman. O‘ylaymanki, bundan “Buxoro” ishqibozlari juda xursand bo‘lishadi.
- Bu yangilik bizni ham qiziqtirib qo‘ydi...
- Mana, “Neftchi” haqida o‘qiyapmiz, boshqa klublarni ko‘ryapmiz. Biz ham harakat qilamiz va men aytayotgan transfer amalga oshadi, deb o‘ylayman. Yuqorida aytganimdek, ishni buxoroliklarni xursand qiladigan transfer bilan boshlamoqchiman.
- Qiziq, u legionermi yoki Superligadagi futbolchimi?
- Keling, bu sir bo‘lib tursin. Lekin bundan xursand bo‘lishlari aniq. Agar shu ishimiz bitsa, zo‘r bo‘ldi deb aytishim mumkin. Hozir 60-70 foizga yaqin, ammo hali 100 foizga deya olmayman. Lekin bu borada o‘zimga ishonib turibman.
- Pro-ligada ham kurash jiddiy tus oladi. “Neftchi”, “Dinamo”, “Buxoro”, “Sho‘rtan”, “Yangier”... Asosiy raqobatchi deb kimni aytasiz?
- Hozirgi vaziyatda hamma raqobatchi. Chempionat boshlanib, ma’lum o‘yinlar o‘tgach, qandaydir fikrlar paydo bo‘ladi. Bitta o‘yin bilan yoki tarkibim kuchli, raqobatchiman deb ayta olmayman. Futbolda hamma narsa inobatga olinadi. Zaxira o‘rindig‘i ham yaxshi bo‘lishi lozim. Pro-ligada qatnashadigan hamma klub biz uchun raqobatchi. Har bir murabbiy oldiga eng yuqori vazifa – 1-o‘rinni qo‘yadi. Faqat bitta narsani bilaman: Superligadan ko‘ra, pro-ligada ishlash og‘ir. Masalan, Superliga klublarida byudjetiga qarab transfer qilish, tushuntirish ishlari ham osonroq. Pro-ligada yoshlarga hammasini o‘rgatish kerak. Lekin farqi asta-sekin yaqinlashyapti. O‘tgan yili pro-ligada qanaqa intriga bo‘lganini hamma ko‘rdi. Har bir o‘yinda g‘olib bo‘lish va kurashish kerak. Superligada ham shunday. Lekin u erdan pro-ligaga futbolchi olib kelish qiyinroq yoki tarkibni saqla qolish oson emas. Buni “Buxoro”dagi vaziyatdan kelib chiqib aytyapman. Bu yilgi intriga yanada qiziqroq o‘tishiga harakat qilamiz.
- Bu borada sizga va jamoangiz muvaffaqiyat tilab qolamiz.
- Katta rahmat, e’tibor uchun.
Fikrlar