
Islom Ahmedov jamoasi OFK Kubogi guruh bosqichini muvaffaqiyatli tugatdi va hamyurtimiz eng yaxshi murabbiylikka da’vogar
Hamyurtimiz Islom Ahmedov bosh murabbiylik qilayotgan “Abdish-Ata” klubi OFK Kubogi “E” guruhidagi so‘nggi turda Turkmanistonning “Merv” klubini qabul qildi. Gollarga boy o‘tgan uchrashuvda Ahmedov jamoasi yirik 8:3 hisobida g‘alaba qozondi. Ha, bunday natija futbolda kamdan-kam kuzatiladi.
“Abdish-Ata” o‘z guruhida 6 ta o‘yinda 5 g‘alaba, 1 durang qayd etib 16 ochko jamg‘ardi va keyingi bosqich masalasini hal qildi.
O‘yindan keyin Islom Ahmedov o‘zining instagram sahifasida shunday yozdi:
“Kecha OFK Kubogining guruh bosqichi yakunlandi. Bizning jamoa 16 ochko bilan guruhda 1-o‘rinni oldi va musobaqadagi Kubok uchun kurashni davom ettiradi. Klub rahbariyatiga bizni qo‘llab-quvvatlayotganligi uchun rahmat.
Murabbiylar shtabiga ham minnatdorchilik bildiraman. Professional tarzdagi hamkorlik uchun tashakkur. Shuningdek, futbolchilarimizga sportcha xarakter ko‘rsatganligiga ta’zim bildiraman. Bu omad yo‘lida professionalizm va ko‘rsatgan mahorati uchun minnatdorman”, - deydi Ahmedov.
Shuni ham qo‘shimcha qilish kerakki, Islom Ahmedov “KFU FOOTBALL AWARDS 2023”da Qirg‘izistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun uchta nomzoddan biri bo‘lib turibdi. Uning boshchiligida “Abdish-Ata” mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Ko‘rib turganingizdek, OFK Kubogida mag‘lubiyatsiz ravishda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Fikrlar
Олтин зангламас дегани шуда