Islom Ismoilov Angliyaga qarshi o‘yindan so‘ng: "Futbolchilarimizning imkoniyatlari men kutganimdan ham yaxshi ko‘rindi"
O‘zbekiston U17 terma jamoasi ayni paytda Ispaniyaning Xeres shahridagi xalqaro turnirda ishtirok etmoqda.
2025 yilgi U17 jahon chempionati ishtirokchilari - Angliya, Kanada va Marokash terma jamoalariga qarshi maydonga tushishi rejalashtirilgan vakillarimiz kecha dastlabki o‘yinni o‘tkazdi. Angliyaga qarshi bahsda terma jamoamiz 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘zbekiston U17 terma jamoamiz bosh murabbiyi Islom Ismoilov uchrashuvdan keyin Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.
- Terma jamoamizning Angliyaga qarshi o‘yini alohida ahamiyat kasb etdi. Boisi, inglizlar bilan doim ham o‘ynayvermaymiz. Shunday ekan, uchrashuvdan nimalar oldingiz?
- Albatta, bu o‘yin biz uchun juda katta tajriba bo‘ldi. Angliya kabi kuchli terma jamoaga qarshi o‘ynash orqali futbolchilarimizni taktik va texnik, ruhiy jihatdan sinovdan o‘tkazdik. Bizning asosiy maqsadimiz natijadan qat’iy nazar yuqori darajadagi futbolga yaqinlashish, xatolarimizni ko‘rib chiqish va kelajak uchun saboq olish edi. Ayrim paytlarda yaxshi pressing, tezkor hujumlar va to‘p nazoratida ijobiy jihatlarimizni ko‘rdim. Shu bilan birga, ayrim zaif tomonlarimiz ham yaqqol ko‘rindi. Bu biz uchun kelgusida ustimizda ishlashga asos bo‘ladi.
- Shuningdek, Ispaniyadagi yig‘in doirasida Kanada va Marokash termalariga ham qarshi o‘yinlar o‘tkaziladi. Bo‘lajak bahslardan nimalar kutyapsiz?
- Kanada va Marokash ham o‘z maktabiga ega jamoalar. Ular bilan o‘yinlar biz uchun taktika va jismoniy jihatdan sinov bo‘ladi. Har bir raqib o‘ziga xos, shu sababli futbolchilarim turli uslublarga qarshi o‘ynashni o‘rganadi. Biz asosiy e’tiborni futbolchilarimizning o‘sishiga, maydonda o‘z fikrini erkin ko‘rsatishga va yuqori darajada moslashuvchan bo‘lishiga qaratamiz. Umuman, bu yig‘in biz uchun jahon chempionatiga tayyorgarlikda muhim bosqich hisoblanadi.
- Angliyaga qarshi bellashuvda futbolchilarimizning imkoniyatlari qanday ko‘rindi?
- Futbolchilarimizning imkoniyatlari men kutganimdan ham yaxshi ko‘rindi. Albatta, ayrim xatolar bo‘ldi. Ammo ular o‘z ustida ishlasa, bunday darajadagi raqiblarga qarshi munosib o‘ynashlari mumkinligini isbotladi. Muhimi, futbolchilarimiz maydonda qo‘rqmadi, oxirigacha kurashdi va o‘z potentsialini namoyon qildi. Bu o‘yin ularga ishonch berdi, menga esa kimning qaysi jihatlar ustida ko‘proq ishlash kerakligini ko‘rsatdi.
- Tarkib masalasida o‘zingiz istagan barcha yigitlarni ushbu yig‘inga jalb qila oldingizmi yoki qandaydir sabablar bilan yig‘indan chetda qolganlar bo‘ldimi?
- Xudoga shukr, hozircha hech bir futbolchimizda jarohat yo‘q. Shu sababli biz istagan barcha asosiy futbolchilarni yig‘inga jalb qila oldik. Tarkibda sog‘lom raqobat mavjud va bu biz uchun juda muhim. Har bir futbolchi o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun bor kuchi bilan ishlayapti. Bu esa jamoaning umumiy darajasini oshiradi va bo‘lajak o‘yinlarda yanada yaxshiroq natijalarga erishishimizga zamin yaratadi.
Fikrlar