Islom Kenjaboev: "Kuchli beshlikka kirishga harakat qilamiz"

  • 28.01.2026 22:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Xabaringiz bor, Navoiyning “Qizilqum” klubi ham yangi mavsumga tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida olib bormoqda.

Tarkibda yetakchilar futbolchilar ham bor. Ulardan biri shubhasiz Islom Kenzhabojev bo‘lib, u yangi mavsumda ham yana navoiyliklar sharafini himoya qiladi.

Klub matbuot xizmati esa ushbu futbolchidan qisqacha intervyu oldi.

- Avvalo, “Qizilqum” jamoasini yangi mavsumga ko‘rilayotgan tayyorgarligi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- Tayyorgarlikni Navoiyda boshladik. U yerda bir hafta shug‘ullandik. Ikkinchi bosqichni Toshkentda o‘tkazdik. Mana, hozirda Turkiyaga yetib kelganmiz. Ikkita nazorat uchrashuvini o‘tkazdik. Tayyorgarligimiz yaxshi, yomon emas. Xudo xohlasa, yangi mavsumga 100 foiz tayyorgarlik bilan yetib boramiz. Jamoaga yangi o‘yinchilar ham qo‘shilishgan. Ular bilan ham tez orada til topishamiz, yaxshi jamoa bo‘ladi. Jamoa o‘zagi saqlab qolingani ham yaxshi bo‘ldi. Bu futbolchilarga ham, murabbiyga ham ancha oson bo‘ladi. Chunki o‘tgan bir yil davomida birgalikda harakat qildik. Bu yil o‘zaro kelishishimiz, maydondagi harakatlarimiz ham ancha yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Boshlanadigan yangi mavsumda ham siz yana “Qizilqum”dasiz. Buning sabablari qanday bo‘ldi?

- Birinchi navbatda meni yana bir yil shartnomam bor edi. Shunga qaramasdan 2-3 ta jamoadan taklif bo‘ldi. Murabbiyim, ota-onam bilan maslahatlashdim. Bu o‘zimni sevimli jamoam, o‘zimga yoqadi. Yana bir yillik shartnomam davomida yaxshi harakat qilib, o‘zimni ko‘rsatmoqchiman va shundan keyin ketish haqida o‘ylasam bo‘ladi. Hozir esa ketish haqida o‘ylaganim yo‘q.

- Jamoani o‘tgan yilgi ishtirokiga nima deysiz va yangi mavsum uchun maqsad qanday?

- Ishtirokimiz uncha yomon bo‘lmadi. Birinchi davrani oxiriga kelib jamoa ancha pastki o‘rinlarda edi. Ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rdik va oxiriga kelib yomon natija ko‘rsatmadik. Yuqori pog‘onalarda tugatdik. Xudo xohlasa, kuchli beshlikka kirishga harakat qilamiz. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!