Isroil Madrimov navbatdagi jangini chempionlik kamari uchun o‘tkazadimi?

  • 21 dekabr, 2021, 22:20
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO
17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan professional boks oqshomi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi. Asosiy jang super yarim o‘rta vazn toifasida (69,8 kg) WBA jahon chempionlik kamari uchun eliminator (saralash) maqomida o‘tdi. Unda ushbu yo‘nalish reytingida ikkinchi o‘rinda borayotgan hamyurtlarimiz Isroil Madrimov va reyting etakchisi frantsiyalik Mishel Soro o‘zaro bahs olib bordi. Jang natijasi esa ko‘pchilik muhlislar, boks ommasining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. 
 
Barchasi qanday bo‘ldi? 
 
Jangning dastlabki raundlarida tashabbus va nisbatan aniqlik Soro tomonida bo‘ldi. U ring markazini egallagan holda o‘zining asosiy quroli - jeblari orqali Madrimovga anchagina qiyinchilik tug‘dirdi. Ikkinchi qismda esa Madrimov unga qarshi yaxshi taktika ishlatdi. Bo‘yi va qo‘llari uzun bo‘lgan Soroga yaqin masofada ishlash noqulay bo‘ldi va asosan Madrimov aniqroq harakat qilgan holda umumiy ustunlikni o‘z qo‘liga oldi. Barchasi 9-raundga kelganda sodir bo‘ldi. Raundning so‘nggi 20 soniyasi qolguniga qadar Soro ustunlik qilayotgan edi. Ammo Madrimov birdaniga zarbalar seriyasini yo‘llay boshladi. Zal shovqin bilan oyoqda turdi va buning natijasida ispaniyalik referi Salvador Salva qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi.
 
IMG_3206
 
Raundni yakunlovchi gong chalinganidan so‘ng ham Madrimov javobsiz 7 ta zarba yo‘lladi va referi jangni to‘xtatish ishorasini berdi. Xa, bu raundni emas jangni to‘xtatish uchun ishora edi. Bir qarashda holatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, haqiqatda bu vaziyatda Soro kuchli zarbalar natijasida o‘zini qisman yo‘qotgan va  passiv himoyaga kirib ketgan edi. Bu holatda jangning to‘xtashi adolatli, lekin gong chalinganidan so‘ng ham davom ettirilishi qoida zid holat bo‘ldi. Soroning murabbiylari tabiiyki bunga keskin e’tiroz bildirdi. Referi esa buni eshitmaganini takidladi. Biroz muddatli muhokamalardan so‘ng bahs davom ettirilmaydigan va natijada o‘z o‘rnida qoladigan bo‘ldi. Bahsning rasmiy natijasi bo‘yicha Madrimov 9-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi. 
 
IMG_3219
 
Bu holatni chet ellik mutaxassislar va muhlislar keskin tanqid ostida oldi. "Jang natijasi bekor qilinishi kerak",-degan fikrlar bildirildi. Ammo bir tomondan natijaning bekor qilinishi bokschi uchun adolatsizlik bo‘ladi. Chunki bu erda xato bokschidan emas referidan o‘tdi. Bokschilar esa o‘z ishini bajardi. 
 
To‘xtatilgunga qadar hisob qanday edi? 
 
Muddatidan oldin yakuniga etgan janglarda, yakunga qadar ochkolar bo‘yicha kim oldinda bo‘lgani har doim ham ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ladi. Qaydnomadagi hisob kitobda Luiji Baskeralli 76-76 durrang, Gjegorj Molenda 76-75, Jeorji Ezekiev 78-74 hisobida Madrimov ustunligini qayd etayotgan edi. Buni qarangki hisoblar qaydnomasi ham xatolikdan holi emas ekan. Har bir raunddan so‘ng jang supervayzeri ochkolarni qaydnomaga tushurib boradi. Unga e’tibor bilan qaralganda, o‘rtadagi ustunda Gjegorj Molenda hisobi 8 raund yakuniga ko‘ra 67-66, so‘ngi raundda 10-9 berilgach 77-75 ko‘rinishiga kelishi kerak edi. Qaydnomada esa bu 76-75 deya hisob kitobda ham hatolikka yo‘l qo‘yingani ma’lum bo‘ldi.
 
IMG_20211221_220653
 
Endi jang natijasi bekor qilinadimi yohud Madrimovning navbatdagi jangi kimga qarshi bo‘lishi mumkin? 
 
Katta ehtimol bilan natija bekor qilinmaydi. Ammo buni WBA qabul qiladimi yoki yo‘qmi bu hozircha biroz so‘roq ostida. Tashkilot rasmiy saytida Madrimovning g‘alabasi xabar sifatida ham yozildi. Lekin ko‘p tanqidlar sabab, tashkilot o‘z imidjiga putur etkazmaslik nuqtai nazaridan ushbu bokschilar o‘rtasida revansh uchun buyruq berishi varianti ham yo‘q emas.
 
Qolaversa, ushbu yo‘nalishda amaldagi WBA, WBC va IBF jahon chempionlik kamarlari egasi amerikalik Chermel Charlo 2022 yil 26 fevral kuni WBO chempioni Brayan Karlos Kastanoga qarshi mutlaq chempionlik maqomidagi revansh jangini o‘tkazishi belgilangan. Undan so‘ng Charloni IBF yo‘nalishida majburiy da’vogar hisoblangan Bahram Murtazaliev kutib turibdi. Bu janglar bo‘lib o‘tishiga tahminan 8, 9 oy vaqt kerak.
 
IMG_2988
 
Demak, Madrimovning navbati kelguniga qadar kamida yana 1 yil muddat bor. Bu vaqt oralig‘ida u bir nechta janglar o‘tkazishi mumkin. Soroga qarshi boshqalarning nazridagi shubhali g‘alaba uning keyingi faoliyatida ham bot-bot eslanishi turgan gap. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Isroil Madrimov va Mishel Soro o‘rtasida revansh jangini o‘tkazilishi va Madrimov uni hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmagan holda mag‘lub etishi ham natija tomondan, ham yanada ko‘proq tajriba olish uchun ayni muddao bo‘lar edi. Shundan so‘ng ham chempion Charlo boshqa yo‘nalishda majburiy himoya o‘tkazguniga qadar Madrimovda bir ikki jang uchun vaqt etarlicha bo‘ladi. 
 
Nima bo‘lgan taqdirda ham hamyurtimizga omad tilab qolamiz va chempionlik kamarlarini yurtimizga olib kelishiga tilakdoshmiz! 
 
Jalol Axmedov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!