
"Istiqlol"ga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Siz uni yaxshi taniysiz!
Pro-liga qatnashchisi – Farg‘onaning “Istiqlol” jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Sports.uz muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, yurtimizdagi ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri Bahrom Hakimov “Istiqlol”ga ustozlik qiladi.
Shu tariqa, 66 yoshli qo‘qonlik mutaxassis yana katta futbolga qaytdi. Uning oxirgi jamoasi “Turon” edi. 2019 yilda ushbu klubga bosh murabbiylik qilgan. Hakimovning murabbiylik faoliyatini aksariyat muxlislar yaxshi bilishsa kerak. Ayniqsa, “Nasaf”dagi boshqaruvi orqali yaxshigina nom qozongan. Shuningdek, murabbiylik faoliyati davomida “Temiryo‘lchi” (hozirgi “Qo‘qon-1912”), MXSK, “Navro‘z” (hozirgi “Andijon”), “Dinamo” kabi klublarda ham bosh murabbiylik qilgan.
Ma’lumki, “Istiqlol” klubiga ustozlik qilgan Anvar Berdiev mavsum boshlanishiga yaqin “Buxoro”ga ketgani bois uning o‘rnida Bahodir Shamshiddinov ishlab kelayotgandi. Pro-liganing ilk turida “Istiqlol” safarda “Xorazm”ga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrab qaytdi. Shundan keyin “Istiqlol” rahbariyati Bahrom Hakimovni bosh murabbiylikka taklif qilishdi.
“Istiqlol” ikkinchi turni 30 mart kuni o‘z maydonida “Dinamo”ga qarshi o‘tkazadi. Hakimov esa yangi jamoasi ustozi sifatida sobiq klubiga qarshi debyutini o‘tkazadi.
Fikrlar