
Jahon chempionati yakuniga etdi. "Oltin to‘p" uchun kimning imkoniyati yuqori? (Da’vogarlar beshligi)
Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati ham yakuniga etdi. Unda Argentina terma jamoasi finalda Frantsiyani mag‘lub etib, mundial g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Musobaqa nihoyasiga etgach, mashhur "Goal.com" nashri "Oltin to‘p" g‘olibligiga nomzod futbolchilar ro‘yxatini taqdim etdi. 20 ta futbolchidan tashkil topgan short-listdan biz faqat yakuniy beshlikka to‘xtalib o‘tishga qaror qildik. Demak, boshladik!
5. Robert Levandovski (Polsha terma jamoasi, "Barselona" klubi).
Joriy mavsumda 20 gol urib, 6 assist qayd etgan Levandovski Polsha bilan mundialda guruhdan chiqish masalasini hal etdi. Ammo uning jamoasi nimchorak finalda Mbappe boshchiligidagi Frantsiyaga imkoniyatni boy berdi. Shuningdek, Robert turnirdagi ilk golini urishga ham muvaffaq bo‘ldi. U mundialda ikki gol urib, bir golga hammualliflik qildi. Polyaklar sardori tom ma’noda jamoasining etakchisi bo‘ldi va termaning guruhdan chiqishiga munosib hissa qo‘shdi.
Klubi bilan ham Levandovski yaxshi natijalar qayd etmoqda. U "Barselona" safida o‘tkazilgan 19 bahsda 18 gol muallifi bo‘lgan va yana 4 ta golga assistentlik vazifasini bajargan. Agar "LevanGolski" raqib darvozabonlarini ayamasdan ranjitishda davom etsa va La Liga hamda Evropa ligasida zafar quchadigan bo‘lsa, "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishi mumkin. Biroq anglab turganingizdek, bu anchagina mushkul masala.
4. Neymar (Braziliya terma jamoasi, PSJ klubi).
Neymarning bu safargi mundialdagi orzusi ham armonligicha qoladigan bo‘ldi. Braziliyalik superyulduz har qancha harakat qilmasin, jamoasini Xorvatiya to‘sig‘idan o‘tishiga yordam bera olmadi va chorak finaldayoq uyga qaytishga majbur bo‘ldi. Ushbu mundialda futbolchi 3 bellashuvda 2 gol va 1 assist egasi bo‘ldi. Endi "Ney" 2026 yilgi dunyo birinchiligida g‘alaba qozonishga bor e’tiborini qaratadi.
PSJda u ajoyib o‘yinlar namoyish etayotgan edi. Shu tarzda davom etib, u klubini Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishiga hissa qo‘sha olsa, Neymarda ham "Oltin to‘p"ni yutishga imkoniyat yo‘q emas. Parij grandi tarkibida "futbol afsungari" 19 uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga 13 to‘p kiritib, sheriklarining 12 goliga assistentlik qilishga erishgan.
3. Erling Xoland (Norvegiya terma jamoasi, "Manchester Siti" klubi).
Garchi mundial havosidan bebahra qolib ketgan bo‘lsa-da, Xoland klubida fantastik natijalar qayd etmoqda. Statistikaning o‘zi barchasiga izoh bera oladi. Erling "Manchester Siti" tarkibida 17 o‘yinda 23 to‘p kiritdi va yana 3 golga hammuallif bo‘ldi. Hujumchi rekordlarni zabt etishda to‘xtamayapti. Bu ketishda u yuqori darajadagi sovrin "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishi ham u qadar shov-shuvli bo‘lmaydi.
Xoland jahon chempionatida qatnashmay, favoritlar qatorida yuribdi. Agar u mundialda ishtirok etib, terma jamoasi bilan ham kutilganidan yaxshiroq natijalar qayd etganida bormi...
2. Kilian Mbappe (Frantsiya terma jamoasi, PSJ klubi).
Doimiy e’tibor markazida bo‘lishni xush ko‘ruvchi ushbu yigit bu mavsum super ko‘rsatkichlar borasida yuqoridagi Xolanddan aslo qolishmayapti. Qolaversa, Kilian terma jamoasi bilan ham yaxshi natijalar qayd etdi. U Frantsiyaning finalga etib kelishida munosib hissa qo‘shdi va ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, aynan Mbappe "uch ranglilar"ni shu bosqichga "etaklab keldi". O‘tkazilgan 7 bahsda 8 gol urgan Kilian 2 golga hammualliflik qilishga ham muvaffaq bo‘ldi. Shu bilan birga, u musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Parijliklar safida ham yosh iqtidor sohibining ko‘rsatkichlari a’lo darajada. 20 bellashuvda 19 gol va 5 assist. Kecha 24 yoshga to‘lgan futbolchi allaqachon ko‘plab hamkasblari havas qiladigan natijalarga erishib ulgurdi. Yaqinda ular qatoriga "Oltin to‘p" sovrini qo‘shilib qolsa ham ajablanmaymiz.
1. Lionel Messi (Argentina terma jamoasi, PSJ klubi).
Argentinaning jahon chempioni bo‘lishida katta hissa qo‘shgan "o‘zga sayyoralik" da’vogarlar ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda. Mundialda ham eng yaxshi bo‘lgan, bir qancha o‘yinlarda jamoasining joniga oro kirgan futbolchi yakunda haqli tarzda mukofotlandi, bizningcha.
Katta ehtimol bilan u PSJ bilan yaxshiroq natija qayd eta olsa, yana bir nufuzli sovrinni qo‘lga kiritadi. Buni millionlab muxlislar bilan bir qatorda ko‘plab mutaxassislar ham alohida ta’kidlab o‘tmoqda. Leo mazkur "Oltin to‘p"ni yuta olmasa ham bu mavsumni aslo esdan chiqarmasligi aniq. Axir u mundial g‘olibligini qachondan beri orzu qilib kelayotgandi, shunday emasmi?
Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, Messi JChdagi 7 o‘yinda 7 gol urib, 3 marta assistentlik qobiliyatini ishga soldi. Klubi miqyosida argentinalik yulduz 18 bahsda 11 gol va 14 golli uzatma muallifiga aylandi.
Ha, "Oltin to‘p" shuncha tanqidlarga qaramasdan, eng nufuzli individual sovrin bo‘lib qolmoqda. Bu "beshlik" hozirda asosiy nomzodlardan bo‘lgani uchun ushbu ro‘yxatga kiritilgan. Umuman olganda, mavsum yakuniga hali ancha bor. Shunday ekan, da’vogarlar safiga yana boshqa futbolchilar qo‘shilishi ham mumkin. Ko‘ramiz, yakunda kim eng yaxshi degan nomga ega chiqarkin?!
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar