Janni Infantino: "Ishonamanki, mundialda butun dunyo yana bir bor O‘zbekiston futbolining salohiyatiga guvoh bo‘ladi"

  • 8 sentabr, 21:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Yurtimizga tashrif buyurgan FIFA prezidenti Janni Infantino futbolimizda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda. Jumladan, FIFA delegatsiyasi Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini ko‘zdan kechirdi. Bu haqida O‘FA matbuot xizmati ham ma’lum qildi.

Tecno

Ma’lumki, ikki yil avval FIFA Prezidenti Janni Infantino ushbu hududga tashrif buyurib, markaz qurilishiga ramziy g‘isht qo‘ygan va loyihalar bilan tanishgandi. Tashrif davomida mehmonlarga markaz imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Bugun bu erda bir vaqtning o‘zida bir nechta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi mumkin. Zamonaviy stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari va mehmonxona futbolchilar ixtiyoriga taqdim etilgan.

Sport tibbiyoti markazida basseyn, mashg‘ulot zali va reabilitatsiya bo‘limlari tashkil etilgan. Jarohatlarning oldini olish hamda futbolchilarning qisqa fursatda tiklanishi uchun xorijiy uskunalar olib kelingan, ilg‘or uslublar joriy etilgani qayd etildi.

Delegatsiya futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, VAR, terma jamoalar tayyorgarlik markazi va Respublika futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. 

Janni Infantino O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan uchrashib, jahon chempionati yo‘llanmasi bilan tabrikladi:

“Avvalo, sizlarni tarixiy natija bilan tabriklayman. Bu yutuq mamlakatingizda sport va futbolga berilayotgan e’tibor samarasi. Futbolingizning uzoq va sharafli yo‘lni bosib o‘tayotganining mevasidir. Oldingizda sharafli vazifa — jahon chempionatida munosib ishtirok etish turibdi. Siz millionlab muxlislaringizga quvonch ulashyapsiz. Ishonamanki, jahon chempionatida butun dunyo yana bir bor O‘zbekiston futbolining salohiyatiga guvoh bo‘ladi”, dedi Infantino.

Tashrif davomida FIFA delegatsiyasi markaz infratuzilmasiga yuksak baho berib, bu erda O‘zbekiston terma jamoalarining xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari mumkinligini ta’kidladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Адхамжон Низомов
09/09/2025 01:10
Айтганинг келсин Инфантино