
Jastin Getji bilan o‘zbek sportchisi o‘rtasidagi bahsda kim g‘olib bo‘lgandi?
Amerikalik Jastin Getji UFCning engil vazn toifasidagi muvaqqat chempioni hisobalanadi. U so‘nggi jangida Toni Fergyusonni mag‘lub etib, ushbu maqomga erishgan. Ma’lumki, Getji 24 oktyabr kuni engil vazn toifasining haqiqiy chempioni Habib Nurmagomedovga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Umuman olganda Jastin hozirgi kunda UFC promoushenining super yulduzlaridan hisoblanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Albatta, bu jangchi borasida bejizga to‘xtalganimiz yo‘q. Chunki erkin kurash bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni, ikki marotaba Osiyo o‘yinlari g‘olibi, ikki bor jahon chempionati sovrindori va MMA yo‘nalishida 6 marotaba jang o‘tkazib, barchasida zafar quchgan Bekzod Abdurahmonov okean orti vakilining yaqin do‘sti hisoblanadi. Ular ma’lum vaqt birga mashg‘ulotlar o‘tagan va o‘z o‘rnida sparring janglarda ham ishtirok etgan ekan. Biz Bekzod bilan Youtube sahifamiz uchun suhbat uyushtirganimizda, bu borada ham savol bilan murojaat qildik. U quyidagicha javob qaytardi.
"UFC jangchilaridan Jastin Getji bilan yaxshi munosabatga egaman. U bilan birga kurash tushib, mashg‘ulotlar olib borganmiz. Sparring janglarda ham ishtirok etganman. Albatta, ustunlik u tarafida bo‘lardi. Chunki, men MMAda endi faoliyatimni boshlash arafasida edim. Shuning uchun u sparring mobaynida oyoqlarimga zarba bermasdi. Sababi esa ma’lum, agar u oyog‘imga zarba bersa, bir hafta mashg‘ulotlar o‘tay olmasdim. Habibga qarshi jangda unga qiyin bo‘ladi. Garchi, u ham kurash borasida yaxshi salohiyatga ega bo‘lsa-da, Habib har qanday raqibni "parter"da qiynab qo‘yadi. Lekin juda shiddatli jang bo‘ladi",- dedi Abdurahmonov.
Fikrlar