Javohir Sindarov: "Turnirni yetarlicha jiddiy qabul qilmadim"
Javohir Sindarov musobaqani Daniyel-Dyakka qarshi durang bilan boshladi. Ikkinchi turda esa u Pragnanandhaga mag‘lub bo‘ldi. E’tiborliisi, Sindarov avvalroq Nomzodlar turnirida hindistonlik shaxmatchini ikki bor mag‘lub etgan va har ikki partiyada ham figura qurbon qilgan edi. Bu safar ham o‘zbekistonlik grossmeyster otini qurbon qildi.
Uchinchi turda esa Maksim Vashye-Lagravga qarshi bahs tinch durang bilan yakunlandi.
"Menimcha, muammo shundaki, bu turnirni yetarlicha jiddiy qabul qilmadim. Bu — mening katta xatoyim. Nomzodlar turniridan keyin, ehtimol, biroz dam olishim kerak edi. Ammo buning o‘rniga darhol juda kuchli turnirlarda qatnashishni boshladim.
Bu yerda oson raqibning o‘zi yo‘q — barcha juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, o‘ynash esa nihoyatda qiyin.
Balkim, asosiy xatoyim ham shu bo‘lgandir — turnirni past baholadim. Lekin Nomzodlar turnirida juda ko‘p energiya sarfladim va ehtimol, haqiqatdan ham biroz dam olishim kerak edi. Har holda, bu men uchun yaxshi saboq bo‘ldi.
Endi murabbiyim maslahatiga amal qilishga harakat qilaman: ishonchli o‘ynash va har bir partiyada ortiqcha bosim o‘tkazishga urinmaslik kerak", — dedi Sindarov.

Fikrlar