Kamoliddin Murzoev: "Ular bizni kuchsiz jamoa sifatida qabul qilishmaydi"

  • 18 sentabr, 2023, 04:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Kuni kecha U17 jahon chempionati uchun qur’a tashlanganidan yaxshi xabardorsiz. O‘zbekiston terma jamoasi “V” guruhida Ispaniya, Kanada va Mali bilan bahs olib boradi.

Raqiblar aniq bo‘lgach, turli xil fikrlar va munosabatlar yangramoqda. Bu borada yurtimizdagi mutaxassislardan biri Kamoliddin Murzoev ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bu jahon chempionati va kuchlilar yig‘iladigan musobaqa”

- Qur’a haqida gapiradigan bo‘lsak, bu jahon chempionati va kuchlilar yig‘iladigan musobaqa. Albatta, guruh bosqichida ko‘pchiligimiz biroz bo‘lsa-da, engilroq raqiblar tushishini xohlaymiz. Ispaniya va Kanadaga to‘xtalsak, boshqa mintaqa bo‘lganligi bois ozgina noqulay raqiblar bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, Kanadani jahon chempionatidagi o‘yinlarini ham ko‘rdik. Ularda o‘ziga yarasha yangi avlod chiqib kelayotganligi ko‘zga tashlanmoqda. Ispaniya esa turli yoshdagi terma jamoalar va klublar miqyosida ham o‘z mavqeiga ega hisoblanadi. 17 yoshlilar o‘rtasidagi mundialga chiqqan ekanmiz, ular bizni ham kuchsiz jamoa sifatida qabul qilishmaydi.

“Autsayder masalasida gapirish qiyin”

- Guruhda ispan futboli nuqtai nazaridan Ispaniyani favorit deb atash mumkin. Ularing jamoaviy o‘yinidan xabarimiz yo‘q. Autsayder masalasida gapirish qiyin. Guruh favoriti sifatida uchala jamoa ham Ispaniyani ko‘radi. Jamoalar birlamchi vazifa sifatida guruhdan chiqishni o‘z oldiga qo‘yadilar. Unutmasligimiz kerakki, bu 17 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionati. Har bir jamoaga guruh bosqichining ilk turi baribir qiyin bo‘ladi. Futbolchilar tezroq o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirib, raqiblarini o‘rganib olishsa, yanada mazmunliroq o‘yin ko‘rsatishlari mumkin bo‘ladi.

jamol yu17_1

“Musobaqadan so‘ng katta nomlar ochiladi”

- Terma jamoamizning potentsialiga keladigan bo‘lsak, Xudoga shukr, so‘nggi yillarida turli yoshdagi terma jamoalarimiz nafaqat Osiyoda, balki jahonda ham yomon natijalar ko‘rsatishmayapti. Ushbu terma jamoamizdan ham umidlarimiz katta. Hozirgi kunda ko‘plab yoshlarimiz yaxshi futbol namoyish etishyapti. U20 terma jamoamiz ham mundialdan yaxshi taassurotlar bilan qaytishdi. Bu erda avvalo o‘ziga ishonch muhim va futbolchilarimizning jismoniy va psixologik holati qanaqa bo‘lishiga e’tibor qaratiladi. Bu yoshda shundayki, katta nomlar ochiladigan musobaqa. Aynan ushbu turnirdan so‘ng katta nomlar chiqadi. Hozircha esa katta nomlar yo‘q. Asosiy urg‘u jamoaviy o‘yinga qaratiladi.

“O‘ylaymanki, mundialdan so‘ng yaxshi natijalar bilan eslaymiz”

- Barcha guruhlarga nazar soladigan bo‘lsak, deyarli hammasida holat birdek, nazarimda. Qur’a natijalariga ko‘ra, har bir guruhning kuchli jamoalari bor. Agar guruhlarni o‘zgartirganimizda ham baribir biz uchun noqulay va o‘rganilmagan raqib bo‘lardi. O‘z oldimizga katta natijaga erishishni qo‘yadigan va Ispaniyani favorit deb hisoblaydigan bo‘lsak, guruh bosqichda favoritdan o‘tib ketish imkoniyati bo‘ladi. Braziliya, Argentina yoshlari ham o‘ziga yarasha. Angliya yoshlari ham bor. Masalan, Osiyo mintaqasidan Janubiy Koreya ham o‘z nomi va o‘z uslubiga ega. Menimcha, bundan engilroq guruh tuzish uchun o‘zimiz saralab olgan jamoalarni tanlab olishimiz kerak bo‘ladi. Yomon guruhga tushdik, deb o‘ylamayman. Nazarimda, musobaqada barcha jamoalar ilk turni deyarli bir xil darajada boshlashadi. Terma jamoamizga omad tilaymiz. O‘ylaymanki, mundialdan so‘ng yaxshi natijalar bilan eslaymiz. Bu keyingi avlod yoshdagi terma jamoalarimiz uchun katta chaqiruv bo‘ladi. Yangi nomlar va iqtidorlar kashf etiladi. Keyingi o‘tish davri uchun yangi futbolchilar aynan shu musobaqada toblanishadi, deb o‘ylayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!